O'zbek allasi - bolla tarbiyasi uchun bitilgan shoh asar

O'zbek allasi - bolla tarbiyasi uchun bitilgan shoh asar

6889
0

Alla bolam, alla,
Gulu lolam, alla.
Ovunchog‘im, alla,
Talpinchog‘im, alla.

Alla, alla, armonim, alla,
Qizil gulim, xirmonim, alla.
Alla qilsin shu jonim, alla,
Jonginamga darmonim, alla.

Alla, alla, gavhar hizim, alla,
Ovunchog‘im, oy-yulduzim, alla.
Men sening onang mushtipar, alla,
Sensan mening ikki ko‘zim, alla.

Shu o‘g‘lim bir qizil guldir, alla,
Gulga qo‘ngan bulbuldir, alla.
Qizil gulim so‘lmasin, alla,
Shuginaginam o‘lmasin, alla.

Bog‘imning guli uchgina, alla,
Uchalasi ham kichkina, alla.
Kichkinasan, lolasan, alla,
Qachon katta bo‘lasan, alla.

Alla deyman – boqaman, alla,
Chakkangga gul taqaman, alla.
Baliq bo‘lib sho‘ng‘isang, alla,
Daryo bo‘lib oqaman, alla.

Alla desam, yarashsin, alla,
Bo‘yingga gul o‘rashsin, alla.
Atlasdan to‘nlar tiksam, alla,
Chin bo‘yiga yarashsin, alla.

Ey yoronlar, hech kimning, alla,
Bog‘da guli so‘lmasin, alla.
Bog‘da guli so‘lsa, so‘lsin, alla,
Hargiz bolasi o‘lmasin, alla.
********************

Jonimning jindalagi, alla,
Qovunning handalagi, alla,
Gullar ichida g‘unchasi, alla,
Nonlar ichida kulchasi, alla.

O‘rgilayin o‘zingdan, alla,
Shamchiroqdek ko‘zingdan, alla,
Obi-novvot tomchilar, alla,
Buvi degan so‘zingdan, alla,

Oyni olib beraymi, alla,
Kunni olib beraymi, alla,
Belanchaging boshiga, alla,
Sara gullar teraymi, alla,

Alla deyin, o‘payin, alla,
Qiyosingni topayin, alla,
Tiling chiqib “non” desang, alla,
Kunda kulcha yopayin, alla.

Qizil gul novdasidan, alla,
Kamar qilay belingga, alla,
Sochlarim tolasidan, alla,
Bog‘ich qilay to‘ningga, alla.

Olma bersam, olaqolsin, alla,
Behi bersam eyaqolsin, alla,
Do‘mbog‘imga alla aytsam, alla,
Tezroq uxlab qolaqolsin, alla,

Hozir dadang keladi, alla,
Oyni olib keladi, alla,
Do‘mboqlarimga deb-o, alla,
Qo‘yniga solib keladi, alla.

Alla, alla, oppog‘im, alla,
Gul ichida yaprog‘im, alla,
Qizil gulning butog‘i, alla,
Onang shuning adog‘i, alla.
******************
Ushbu alla beshik to‘yida beshikni olib kirayotgan ayollar tomonidan aytiladigan qo‘shiqdir. Uning ijro xususiyatlari bayramona marosim kayfiyatiga mos bo‘lib, odatda tantanavor doira usuli jo‘rligida kuylanadi. Bu allani bolani uxlatish jarayonida yakkaxonlik uslubida aytiladigan qo‘shiqdan farqlash kerak. Bolani uxlatish uchun aytiladigan alla beshik yoki belanchakning tebranish sur’atiga mos ravishda ijro etiladi. Uning matni, asosan, to‘rtlik, ijro uslubi erkin, badihago‘y. Alla onaning bolaga bo‘lgan mehr-muhabbati, umid va orzulari, yaxshi niyat-tilaklarini anglatish bilan birga ruhiy kechinmalarini ham ifodalaydi. Shu bois ba’zi alla namunalari yig‘i ohanglariga yaqin bo‘ladi.
Ayrim taxminlarga ko‘ra, alla nomi «Alloh» so‘zidan kelib chiqib, Yaratgandan chaqaloqni o‘z panohida asrashni iltijo qilishga nisbat bilan bog‘liq. Xullas, alla shunday bir qo‘shiqki, uni hech zamonda hech bir shoir yozolmagan. Baxshilar to‘qib chiqarolmagan. Sozandalar o‘z mulki sifatida o‘zlashtirolmagan. Bu – jon bilan birga, qon bilan birga inson botiniga singigan qo‘shiq. Uni har bir yurak o‘zicha kuylaydi. Bu qo‘shiq er yuzidagi onalar qancha bo‘lsa, ro‘yi zaminda ayol zoti qanchalar yoyilgan bo‘lsa, u shunchalar sochilib ketgan. Bu qo‘shiq ayoli bor har bir xonadonda xuddi bahorgi daraxt yanglig‘ gullaydi. ha, ishoning, har bir dilning tubida yashiringan toza qo‘shiq gullaydi. Ohangi o‘zi bilan uning. Bu qo‘shiq Alloh tomonidan munis va mukarram volidalarning joni-taniga singdirilgankim, Yaratganga iltijoli nidolardan so‘ng dunyoni titratadigan eng go‘zal va eng toza mohiyat shu qo‘shiqda mujassam.
Ko‘zimning qarosi Sen,
Elimning sarosi Sen,
Jonim bolam, uxla,
Imonim, bolam, uxla…
Polvonim, botirim,
Shonim bolam, uxla!
qarog‘imsan, ko‘zimsan,
So‘zim bolam, uxla.
Uyimdagi bug‘doyim,
Tuzim bolam, uxla…
 
Xudoyimdan aylanay —
Murodimga etkizdi,
alla-yo, alla.
Hilol oy qanotida
Seni menga tutqizdi,
alla-yo, alla!
Onam aytgan allalar
Yurakkinam tubida,
alla-yo, alla.
Mehrim qo‘shib so‘zimga
Senga aytaman alla,
alla-yo, alla.
Alla – farzand tarbiyasi uchun bitilgan shoh asar.
Bolalarimizning ruhiyatiga, ko‘ngliga imonni, qanday niyatlarni solsak, ularning kamoloti shunga qarab bo‘y ko‘rsatadi. har bir xonadonning o‘ziga yarasha tarbiya yo‘rig‘i bor… Farzand kelajagi uchun eng muhimi, u tug‘ilgan kezlaridanoq qay yo‘sinda tarbiya bermoqlikdadir. Sut bilan kirgan narsa, jon bilan chiqadi, deyishadi. Alla, avvalo, go‘dakning borlig‘iga ma’naviy ozuqa sifatida singadi. Mana, gap qaerda. Ma’naviy yorug‘likdan bahramand bo‘lishning ilk daf’asi, bosh bo‘g‘ini alla bilan bog‘liq. Alla eshitmay tarbiya topish, ulg‘ayish tafakkurni ajoyib tamoyillarga chog‘lantirishda kemtiklikni yuzaga keltiradi.
Keling, hammamizga tanish manzarani ko‘z oldimizga keltiraylik… Beshik. Beshikda go‘dak. Ayol beshikni tebratib alla aytayapti. Bunday go‘zal va bunday chiroyli holatni topish qiyin. Onaning qo‘shig‘idan butkul charxu dun chayqalib aylanayotganday… Ayniqsa, bu ko‘rinish xalqimizning yana bir o‘ziga xos tomoniga muxtasar va ta’sirli izohdir.
Farzand uchun o‘z onasidan mehribon zot yo‘q. Demak, uning allasidan, uning ohangidan-da yoqimli kuy-ko‘shiq bo‘lishi mumkin emas.
***
Bolaginam bolasi, alla,
Qantak o‘rik donasi, alla.
Qantdan ham shirin ekan, alla,
Bolaginamning bolasi, alla.

Bog‘da uzumning g‘o‘rasi, alla,
Tog‘da kiyikning bolasi, alla.
Do‘ppisida ukkipari, alla,
Bu kimning nevarasi, alla.

Asaka yo‘li to‘p chinor, alla.
Bolalar otini qamchilar, alla.
«Buvi» degan tilingdan, alla,
Obinovvot tomchilar, alla.

Alla, alla ahdi bor, alla,
Yotadigan taxti bor, alla.
Otasi boru, onasi bor, alla,
Shu bolamning baxti bor, alla.

Oymoma yuzing, alla,
Yulduzlar ko‘zing, alla.
Ota-onang gul bo‘lsa, alla,
G‘unchasi o‘zing, alla.

Tog‘dagi gulim, alla,
Uydagi bulbulim, alla.
Onasi yaprog‘im, alla,
Bolasi yumshog‘im, alla.

Olmalardan beshigi, alla
Olib qo‘ysin otasi, alla.
Behilardan beshigi, alla.
Belab qo‘ysin buvisi, alla.

Allalari yodimda, alla.
Belanchagi yonimda, alla,
Momosi alla aytar, alla,
Nevarasin otindan, alla.
**************
O‘RGILAYIN O‘ZINGDAN

O‘rgilayin o‘zingdan, alla,
Shamchiroqdek ko‘zingdan, alla.
Obinovvot tomchilar, alla,
«Buvi» degan so‘zingdan, alla.

Aylanayin qarog‘im, alla,
Uyda yongan chirog‘im, alla.
Do‘stim ko‘rsa, yarashib, alla,
Dushmanimga yarog‘im, alla.

Qalam-qalam qoshingdan, alla,
Qalandarlar aylansin, alla.
Xumor-xumor ko‘zingdan, alla,
Xumoralar aylansin, alla.

Chimchilab qo‘ygan burningdan, alla,
Chimqo‘rg‘onliklar aylansin, alla.
Angishvonadek og‘zingdan, alla,
Arovonliklar aylansin, alla.

Qo‘lvog‘ingning qatidan, alla,
Qo‘ng‘irot ellari aylansin, alla.
To‘shagingning taxidan, alla,
Turkman ellari aylansin, alla.
Beshigingning bandidan, alla,
Bog‘dod ellari aylansin, alla.

O‘rik yorochdan beshiging, alla,
O‘rgilab ketsin onang, alla.
Tut yogochdan beshiging, alla,
Termulib o‘tsin onang, alla.

Jiydalardan beshigi, alla,
Jirkanmasin opasi, alla.
O‘riklardan beshigi, alla,
O‘ynatadi akasi, alla.

Babalaki bo‘ppisi bor, alla,
Boshchasida do‘ppisi bor, alla.
Kayvoni buvisi bor, alla,
Sarkori buvasi bor, alla.
*************
HOZIR DADANG KELADI

Hozir dadang keladi, alla,
Olma olib keladi, alla.
Bolalarimga deb-o, alla,
Qo‘yniga solib keladi, alla.

Shu bolaning dadasi, alla,
Mirpo‘stinning sadasi, alla.
Ko‘zlari xumor-xumor, alla.
To‘nlariga ko‘z tumor, alla.

Tol yorochdan beshigi, alla,
Talpinsa, olar dadasi, alla.
Qayrag‘ochdan beshigi, alla,
Qiyqirsa, olar dadasi, alla.

Alla, jonim hadirsa, alla,
Otasi bozor borsa, alla.
Biqin-biqin go‘sht olsa, alla,
Yog‘-yog‘ini edirsa, alla.

Havoda uchgan turnalar, alla,
Boshginamdan o‘tsalar, alla.
Qanotiga xat yozsam, alla,
Dadajoningga eltsalar, alla.

Suqsur degan qush bo‘lar, alla,
Tortsam, pati bo‘sh bo‘lar, alla.
Otangadan xabar kelsa, alla,
Mening ko‘nglim xush bo‘lar, alla.

Qizil gulday ochilgin, alla,
Pista-bodomlar chaqqin, alla.
Dadang ishdan kelganda, alla,
Oldiga chopib chiqqin, alla.

Hozir dadang keladi, alla.
Oyni olib keladi, alla.
Dumboqlarimga deb-o, alla,
Qo‘yniga solib keladi, alla

**********
Oyni olib beraymi, alla,
Kunni olib beraymi, alla,
Belanchaging boshiga, alla,
Sara gullar teraymi, alla?

Alla, deyin, o‘payin, alla,
Qiyosingni topayin, alla.
Tiling chiqib «non» desang, alla,
Kunda kulcha yopayin, alla.

Oltin beshik oldiray, alla,
Kumush beshik oldiray, alla.
Bolaginam tagiga, alla,
Baxmal to‘shak soldiray, alla.

Onamanu onaman, alla,
Bolam uchun yonaman, alla.
Bolam tinchlikda o‘ssa, alla.
Orzularga qonaman, alla.

Qizil gul novdasidan, alla.
Kamar qilay belingga, alla.
Sochlarim tolasidan, alla,
Bog‘ich qilay to‘ningga, alla.

U yonimga qo‘yayin, alla,
Bu yonimga qo‘yayin, alla.
Guldek shirin isingni, alla,
Hidlab-hidlab to‘yayin, alla.

Alla aytsam yayraysan, alla,
Kulib-kulib qaraysan, alla.
Polvon qilib o‘stirsam, alla,
Bir kunimga yaraysan, alla.

Jonimning uchi, bolam, alla,
Mehrimning kuchi bolam, alla.
*************
Oq, uzum, oppoq, uzum, alla,
Yoshiga etdi qizim, alla.
Yuzlarga kirsin gul yuzim, alla,
Erkalab o‘stiray o‘zim, alla.

Qizil gul tizim-tizim, alla.
Ikkiga kirsin qizim, alla.
Qoshlari qunduzgina, alla,
Buncha shirin bu qizgina, alla.

Asadda gulning jamoli, alla,
Boshida ipak ro‘moli, alla.
Uzoqlardan ko‘rinsin, alla,
Shu qizimnig jamoli, alla.

Mayin soching tarayin, alla,
Mayda qilib o‘rayin, alla.
Parilarday kelin bo‘lgin, alla,
Tuylaringni ko‘rayin, alla.

To‘ylar kelsin toyi bilan, alla,
Osmondagi oyi bilan, alla.
O‘rab-chirmab beraylik, alla,
Atlasu shoyi bilan, alla.

Bog‘da sayraydi kaklik, alla,
Oyoqlari po‘paklik, alla.
Qizimga seplar tikay, alla,
Bari toza ipaklik, alla.

Mening bolam yoshgina, alla,
Yonimda yo‘ldoshgina, alla.
Qarshidan sovchi kelsa, alla,
Bo‘ladi taloshgina, alla.

Alla aytay adida, alla,
Suv keltirsin kadida, alla.
Kadi bog‘i uzilsin, alla,
Kelin bo‘lib suzilsin, alla.
Ipak bo‘lib eshilsin, alla,
*****************
Qo‘zim o‘sib qo‘y bo‘lsin, alla,
To‘plaganim to‘y bo‘lsin, alla.
To‘ylar to‘yga ulansin, alla,
Davlat kelib o‘ralsin, alla.

Tog‘lar boshi qormidi, alla,
Beshiklari tormidi, alla.
Uzoq-uzoq joylarda, alla,
Baxshidasi bormidi, alla.

Alla deyman, ***, deyman, alla,
Shu o‘g‘limga to‘y deyman, alla.
To‘ylarini elim esin, alla,
Duolari bunga tegsin, alla.

Karnay chalib to‘y beray, alla,
Surnay chalib to‘y beray, alla.
O‘g‘iljonm to‘yiga, alla,
Uch-to‘rt qo‘ra qo‘y beray, alla.

Tasma tasadduk, bo‘yiga, alla,
O‘yinchi kelsin to‘yiga, alla.
Yuzlari oppoqqina, alla,
Lablari qaymoqqina, alla.

Xalqador qozon to‘yingga, alla,
Mast bo‘lay o‘zim bo‘yingga, alla.
Charx ursinu aylansin, alla,
Ishvakor jonon tuyingga, alla.

Tomga sepdim sedona, alla,
Terib esin bedona, alla.
Beda bog‘i uzilsin, alla,
Kuyov bo‘lib suzilsin, alla.

Alla deyman, haq deyman, alla,
Haqdan tilagim ko‘pdir, alla.
Etkazsa tilagimga, alla,
O‘lsam armonim yo‘qdir, alla.
*****************
Olma bersam, olaqolsin, alla,
Behi bersam, eyaqolsin, alla.
Do‘mbog‘imga alla aytsam, alla,
Tezroq, uxlab qolaqolsin, alla.

Alla, alla, ahdi bor, alla.
Har narsaning vaqti bor, alla.
Allalar aytay vaqtida, alla,
Uxlablar qolsin taxtida, alla.

Alla, alla, alla-ey, alla,
Hozir ishlashga pala-ey, alla.
Yig‘im-terimni olib, alla,
Keyin qilamiz yalla-ey, alla.

Alla desam, boqarmisan, alla,
Tol tayog‘in toqarmisan, alla.
Elning qo‘yini boqib, alla,
Elatingga yoqarmisan, alla.

Alla, alla, omon bo‘l, alla,
Dardli qulga darmon bo‘l, alla.
Alla, alla, orasta, alla,
Gunohi yo‘q, norasta, alla.

Farzandli uyga yog‘ar rahmat, alla,
Farzandsizlar chekar zahmat, alla.
Qiz – dunyoning zeb-ziynati, alla,
O‘g‘il xonadonning davlati, alla.

Suyansang, so‘rilar bo‘lay, alla,
O‘t yoqsang, mo‘rilar bo‘lay, alla.
Boshingda parvonang bo‘lib, alla,
Uyingda cho‘rilar bo‘lay, alla.

O‘smalar siqay qoshingga, alla,
Do‘ppilar tikay boshingga, alla.
Allalar aytib uxlatay oyimchani, alla,
Beshikka solib tebratay begimchani, alla.
****************

Alla, alla, oppog‘im, alla,
Gul ichida yaprog‘im, alla.
Kizil gulning butog‘i, alla,
Onang shuning adog‘i, alla.

O‘zing gulzor bog‘imsan, alla,
Suyanishga tog‘imsan, alla.
Qorong‘u kechalarda, alla,
Yondirgan chirog‘imsan, alla.

Sutdan oppoq, guldan islim, alla,
Bu dunyoda yo‘qdir misling, alla.
O‘g‘illarimning sultoni, alla,
Senga tasadduq. shu jonim, alla.
Orzularim oltin toji, alla,
Mening jonim – shuning boji, alla.

Alla, bolam – bozorim, alla,
Diqqat bo‘lsam, yozarim, alla.
Uxla, ko‘zi xumorim, alla,
Orom ol, beozorim, alla.

Oq shohidan ro‘molim, alla,
Oq yuzingni artayin, alla.
Cho‘lpon ko‘zingni yum qo‘zim, alla,
Senga alla aytayin, alla.

Bog‘imdagi gul-g‘uncham, alla,
Uxlab olsin to‘yguncha, alla,

Ko‘k guli yulduzgina, alla,
Oy yorug‘ yolg‘izgina, alla.
Oy – yuzi, yulduz – ko‘zi, alla,
Muncha shirin bu qizgina, alla.

Alla, alla oppog‘im, alla,
Gul ichida yaprog‘im, alla.
Yaproqlari so‘lmagay, alla,
Paymonasi to‘lmagay, alla.
********
Alla, alla, alvanti, alla,
Soching daryolar bandi, alla.
Labing halvolar qandi, alla,
O‘zing kimning farzandi, alla.

Guli chorbog‘imdursan, alla,
Suyangan tog‘imdursan, alla.
Dilimdagi himmatimsan, alla,
Og‘zimdagi novvotimsan, alla.

Qizil gulning xirmonisan, alla,
Jonginamning darmonisan, alla.
Bulbulginam, alla qilgin, alla,
Gul umrimning armonisan, alla.

Alla, alla, oydin yaxshi, alla,
Qayg‘u-g‘amdan shodlik yaxshi, alla.
Beqadr qarindoshlikdan, alla,
Qadr bilgan yotlik yaxshi, alla.

Oltin sirg‘a, kumush sirg‘a, alla,
Odamdan qolur dunyo, alla.
Rostgo‘y bo‘lsang, mard bo‘lsang, alla,
Menga shu molu dunyo, alla.

Daryo suvga to‘layotir, alla,
O‘g‘lim menga kulayotir, alla.
O‘g‘lim menga qarab kulsa, alla,
Ko‘nglim nurga to‘layotir, alla.

Alla aytsam, bor bo‘lsin, alla,
Qo‘yni to‘la nor bo‘lsin, alla.
Qo‘ynidagi noriga, alla,
Avliyolar yor bo‘lsin, alla.
Avliyolar yor bo‘lib, alla,
Pirlar madadkor bo‘lsin, alla.

G‘amu hasrat bo‘lmasin, alla,
Gul yuzing hech so‘lmasin, alla.
Qadamingdan gul unsin, alla,
Alam, kulfat kul bo‘lsin, alla.
*****

Aylanayin allasi, alla,
Qachon tegar foydasi, alla.
Qarog‘im katta bo‘lsa, alla,
Shunda tegar foydasi, alla.

Ulg‘ay bolam, gul Vatanda, alla,
Botir bo‘lib o‘sgil, qo‘zim, alla.
Seni ko‘rib, bu chamanda, alla,
Yayrab quvonay, yulduzim, alla.

Ko‘z tutar xalq, butun o‘lka, alla,
Kelajagim, orzum deb, alla.
O‘sib, burka uni gulga, alla,
Katta bo‘lgach, qarzim deb, alla.

Alla bolam, sher ekan, alla,
Urush qursin, der ekan, alla.
Urush bo‘lgan joylarda, alla,
Polvonlardan zo‘r ekan, alla.
Tog‘larni teshib yo‘l qilsin, alla,
Dushmanlarni kul qilsin, alla.

Bolajonim bag‘rimda, alla,
Erkalayman yayratib, alla.
Vatanimning bog‘ida, alla,
Bulbul qushdek sayratib, alla.

Ko‘chalarda o‘ynab yursin, alla,
Maktablarda o‘qib kelsin, alla.
Mulloyu mudarris bo‘lsin, alla,
Martabasi ulug‘ bo‘lsin, alla.

Hali tong otmagandir, alla,
Yulduzlar botmagandir, alla.
Bog‘imdagi gul-g‘uncha, alla,
Uxlab olsin to‘yguncha, alla.

Andi bor-o, andi bor, alla,
Labida shakar qandi bor, alla.
Tomog‘ining tagida, alla,
Tilla xapavanti bor, alla.
*******
Alla, alla, alvanti, alla,
Soching daryolar bandi, alla.
Labing halvolar qandi, alla,
O‘zing kimning farzandi, alla.

Guli chorbog‘imdursan, alla,
Suyangan tog‘imdursan, alla.
Dilimdagi himmatimsan, alla,
Og‘zimdagi novvotimsan, alla.

Qizil gulning xirmonisan, alla,
Jonginamning darmonisan, alla.
Bulbulginam, alla qilgin, alla,
Gul umrimning armonisan, alla.

Alla, alla, oydin yaxshi, alla,
Qayg‘u-g‘amdan shodlik yaxshi, alla.
Beqadr qarindoshlikdan, alla,
Qadr bilgan yotlik yaxshi, alla.

Oltin sirg‘a, kumush sirg‘a, alla,
Odamdan qolur dunyo, alla.
Rostgo‘y bo‘lsang, mard bo‘lsang, alla,
Menga shu molu dunyo, alla.

Daryo suvga to‘layotir, alla,
O‘g‘lim menga kulayotir, alla.
O‘g‘lim menga qarab kulsa, alla,
Ko‘nglim nurga to‘layotir, alla.

G‘amu hasrat bo‘lmasin, alla,
Gul yuzing hech so‘lmasin, alla.
Qadamingdan gul unsin, alla,
Alam, kulfat kul bo‘lsin, alla.
*********
Aylanayin allasi, alla,
Qachon tegar foydasi, alla.
Qarog‘im katta bo‘lsa, alla,
Shunda tegar foydasi, alla.

Ulg‘ay bolam, gul Vatanda, alla,
Botir bo‘lib o‘sgil, qo‘zim, alla.
Seni ko‘rib, bu chamanda, alla,
Yayrab quvonay, yulduzim, alla.

Ko‘z tutar xalq, butun o‘lka, alla,
Kelajagim, orzum deb, alla.
O‘sib, burka uni gulga, alla,
Katta bo‘lgach, qarzim deb, alla.

Alla bolam, sher ekan, alla,
Urush qursin, der ekan, alla.
Urush bo‘lgan joylarda, alla,
Polvonlardan zo‘r ekan, alla.
Tog‘larni teshib yo‘l qilsin, alla,
Dushmanlarni kul qilsin, alla.

Bolajonim bag‘rimda, alla,
Erkalayman yayratib, alla.
Vatanimning bog‘ida, alla,
Bulbul qushdek sayratib, alla.

Ko‘chalarda o‘ynab yursin, alla,
Maktablarda o‘qib kelsin, alla.
Mulloyu mudarris bo‘lsin, alla,
Martabasi ulug‘ bo‘lsin, alla.

Hali tong otmagandir, alla,
Yulduzlar botmagandir, alla.
Bog‘imdagi gul-g‘uncha, alla,
Uxlab olsin to‘yguncha, alla.
********
Yuqorida keltirib o‘tilgan alla qo‘shiqlari folьklorshunos olima Munavvara Yoqubbekova tomonidan taqdim etildi.

Mana, quyidagi qoshiqlar Allaning Xabiba Ohunova va Zulayho Boyhonova ijrosidagi versiyalari, ularni onlayn tinglashingiz yoki ko’chirib olishingiz mumkin:

Zulayho Boyhonova (yuklash)

Xabiba Ohunova (yuklash)

Maqolani tayyorlashda Tib.uz va Uforum.uz manbalaridan foydalanildi.

8 ta ovoz

Shifo.uzni Telegram orqali kuzatib boring: https://telegram.me/shifouzchannel


Ovoz berish:
1 2 3 4 5

ULASHISH

Komment qoldirish

O'zbekiston poytaxti: