Har kuni iste’mol qilinishi zarur bo‘lgan 10 ta foydali mahsulot

Har kuni iste’mol qilinishi zarur bo‘lgan 10 ta foydali mahsulot

7230
1

Navbatdagi maslahatimiz sog'lom hayot tarzini yuritmoqchi bo'lgan, ammo qanday mahsulotlarni tanovvul qilish kerakligini bilmaganlar uchun. Quyidagi mahsulotlar ozgina miqdorda bo'lsayam har kuni dasturxoningizda bo'lishi tavsiya etiladi:

1. Jigarrang guruch

Ko'pchilik uglevodlarni kamroq iste'mol qilishga intiladi, chunki ular semirtiradi, degan fikr mavjud. Ammo shuni unutmaslik kerakki, uglevodlar organizmdagi quvvatni saqlab turish uchun juda zarur. Demak, yaxlit, ya'ni oqartirilmagan don mahsulotlari juda foydali. Masalan, jigarrang guruch, non va bo'tqalarni to'g'ri ovqatlanishga kiritish mumkin. Ularda inson a'zolari uchun foydali bo'lgan tolalar mavjud. Ular organizmdagi xolesterin miqdorini kamaytirib, yurak-qon tomir, to'g'ri ichak saratoni, o't pufagidagi toshlar, diabet va semirish kabi xastaliklarning oldini oladi. Shuningdek ular yosh o'tgan sayin faolligi sustlashib boradigan ichak salomatligi uchun ham muhim.

2. Tuxum

Sizni xolesterin tashvishlantirayotgan bo'lsa ham, undan butunlay voz kecha ko'rmang. Tuxum ko'zlarni kataraktadan himoya qiluvchi oqsil va lyutein moddalarining manbayi hisoblanadi. U infarkt va insult xavfini kamaytirgan holda tomirlarda tromblar paydo bo'lishining oldini oladi, deyishga asos bor. Haftasiga 6 ta tuxumni iste'mol qilish ko'krak bezi saratoni xavfini 44%ga kamaytirar ekan. Shuningdek, parhez bo'yicha mutaxassislar kuniga bir-ikki dona tuxumni iste'mol qilish organizmdagi xolesterin darajasining oshishiga olib kelmasligini allaqachon tan olishgan. Shu o'rinda organizm xolesterin moddasini xolesteringa boy mahsulotlardan olmasligini, balki boyitilgan yog'lardan o'zi ishlab chiqarishini ta'kidlash joiz.

3. Sut

Yosh o'tishi bilan organizmning kalsiy moddasiga bo'lgan talabi ham oshib boradi. Yog'sizlantirilgan sigir suti suyaklar va osteoporoz profilaktikasi uchun hayotiy zarur hisoblangan kalsiyga juda boy. Sut mahsulotlari ayollardagi menopauza yoki revmatoid artrit natijasida suyaklar massasining kamayishiga yo'l qo'ymaydi. Har kuni hech bo'lmaganada 1 stakan yog'siz sut iching yoki yog'sizlantirilgan yogurt va kalsiyga boy mevalardan tanovul qiling.

4. Ismaloq (shpinat)

Unda boshqa mahsulotlarga qaraganda oziqlantiruvchi moddalar juda ko'p. U infarkt va insult, to'g'ri ichak saratoni, osteoporoz va artrit xastaliklaridan himoyalovchi temir moddasi, C, A va K vitaminlari hamda antioksidantlar manbayi hisoblanadi. Demak, sog'lom hayot tarzini boshlagan bo'lsangiz, bu mahsulotni doim iste'mol qilishingiz lozim. U ham tuxumga o'xshab ko'z uchun foydali bo'lgan lyutein moddasiga boy, shunday ekan, ertalab nonushtaga ismaloq solib pishirilgan tuxumni tanovul qiling.

5. Banan

Bir dona banan tarkibida mushaklarning (ayniqsa yuraknikini) kuchli va sog'lom bo'lishini ta'minlaydigan 467mg kaliy moddasi mavjud bo'ladi. U arterial bosimni tushiradi. Banan yurak-qon tomir xastaliklarining oldini olish uchun ajoyib mahsulot bo'lib, u organizmdagi kislotani me'yoriga keltiradi. Banan bo'lakchalarini suli yormasidan tayyorlangan bo'tqaga, yogurt, sut yoki meva sharbatiga qo'shib iste'mol qiling, juda mazali. Shuningdek yasmiq (chechevitsa), sardina balig'i va turshaklar ham kaliy moddasiga boy mahsulotlar sirasiga kiradi.

6. Tovuq go'shti

Bu eng sog'lom go'sht hisoblanadi. Faqat yog'i kam bo'lgan ko'krak qismini xarid qilish va albatta terisini olib tashlash zarur. Tovuq go'shti oqsil moddasiga, B guruhi vitaminlariga, selen moddasiga juda boy. Ular suyakni noziklashishdan, saraton xastaligidan asrab, organizmga quvvat beradi va miya faoliyatini kuchaytiradi.

7. Losos go'shti

U xolesterin miqdorini kamaytirish xususiyatiga ega " omega-3 " guruhiga kiruvchi yog'larga juda boy. Ushbu yog'lar saraton xastaligining ba'zi turlaridan himoya qiladi va tromblar hosil bo'lishining oldini oladi. Tadqiqotlar losos balig'i tarkibidagi nikotin kislotasi tufayli odamdagi depressiv holatni yengillashtirishini, xotira yo'qolishining oldini olishini ko'rsatmoqda. Ba'zi ma'lumotlarga ko'ra esa, u hatto Alsgeymer kasalligidan ham himoya qilarkan. Agar iloji bo'lsa, yangi ovlangan yoki konservalangan losos go'shtini haftasiga kamida uch marta iste'mol qiling. Shuningdek "omega-3" guruhiga kiruvchi yog'lar yong'oqda ham mavjud.

8. Chernika

Ushbu kichkina meva katarakta, glaukoma, venalar kengayishi, gemorroy, oshqozon yarasi, yurak-qon tomir kasalliklari va saraton xastaligining oldini oluvchi antioksidantlarga boy. Chernika insultdan so'ng miya faoliyatining buzilishini kamaytirishga yordam beradi, ovqat hazm bo'luvchi organlardagi yallig'lanish asoratlarini yumshatadi, ich qotish va ich ketish xastaliklarida ko'maklashadi.

9. Giyohlar

Yosh o'tishi bilan odamlarda ta'm bilish hissi susayib boradi va ovqat mazaliroq bo'lishi uchun unga tuz solish osonroqday ko'rinadi. Ammo tuz arterial bosimni oshiradi, shu bois ovqatga yaxshisi giyohlar va ziravorlar qo'shgan ma'qul. Yangi uzilgan giyoh va ko'katlarning ta'mi kuchliroq hamda yoqimliroq bo'ladi. Uzoq umr ko'ruvchilar qa y erda yashashini va ular nima bilan oziqlanishini bir eslang.

10. Sarimsoq piyoz

Ushbu kichkina piyozning afzalliklari juda ko'p. Sarimsoq saraton va yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olishga, insult xavfini kamaytirishga yordam beradi. U artritlarda og'riq va shishlarni kamaytirishga ko'maklashgan holda yallig'lanishga qarshi ta'sir kuchiga ega. Sarimsoq piyoz diabet kasalligiga duchor bo'lganlar uchun juda foydali. Agar sizga uning o'tkir va o'ziga xos hidi yoqmasa, unda sarimsoqli kapsulalarni iste'mol qiling.

Agar sarimsoqli damlama (nastoyka)ni iste'mol qilsangiz, undan ham yaxshi, u tomirlarni tozalaydi va butun organizmni yoshartiradi. Damlama quyidagicha tayyorlanadi: 350 gramm sarimsoq piyozi tozalanib, mayda qilib to'g'raladi va qopqoqli shisha idishga solinadi. Ustidan aroq yoki spirt quyilib, qorong'i va iliqroq joyga 14 kunga qo'yiladi hamda har kuni idish chayqatib turiladi. So'ngra dokadan o'tkazilib, yana 2 kun qo'yiladi, shundan so'ng uni har kuni uch mahal - nonushta, tushlik va kechki ovqat paytida qabul qilishni boshlasa bo'ladi

Manba: Maslahat.uz

18 ta ovoz

Shifo.uzni Telegram orqali kuzatib boring: https://telegram.me/shifouzchannel


Ovoz berish:
1 2 3 4 5

ULASHISH

Komment qoldirish

O'zbekiston poytaxti:

    Bildirilgan fikrlar

  1. Onajonlarimiz boshimizga sog'bulsin Allohim uzi panoxida asrasin

    ...