Vitaminlarni qaydan izlaylik?

Vitaminlarni qaydan izlaylik?

6332
1

So‘nggi paytlar bola rangi negadir oqargandek... Hadeb uyqusi keladi, ko‘chadagi o‘yinlarga to‘ymaydigan bola endi ortiqcha harakat qilgisi kelmaydi... Balki bolangizga vitaminlar etishmayotgandir?


Bu muammoning echimi oson.
To‘g‘ri, vitaminlar zaxirasini to‘ldirish uchun dorixonadan vitaminli preparatlarni sotib olib, bolaga ichirishdan oson ish yo‘q. Lekin, keling, avval bola uchun foydali bo‘lgan tabiiy usullardan foydalanib ko‘ramiz.


Shifobaxsh  askorbin KISLOTASI
Statistikaga ishonadigan bo‘lsak, odatda, organizmga aynan S vitamini — askorbin kislotasi etishmas ekan. Bu esa bolalarni turli kasalliklardan saqlaydigan asosiy vitamin hisoblanadi. Aynan mana shu vitamin etishmaganda, bola holsiz, uyquchan, tezda charchab qoladigan bo‘ladi. Bunday bolalarning jarohati ham bitishi qiyin bo‘lib, stomatit bilan og‘riganda, tuzalishi uzoq vaqtga cho‘ziladi. Ayniqsa, S vitaminiga to‘yinmagan organizm immuniteti sust bo‘lganligi uchun bola tez-tez shamollab qolaveradi.
S vitamini qonning oq tanachalari — leykotsitlar bilan birga organizmni yallig‘lanish jarayonlaridan himoya qilishda qatnashadi. Agar leykotsitlarda bu yordamchi miqdori kamayib ketsa, uning himoyalash xususiyati ham sustlashib boradi. Shu sababli sovuq mavsumda, ayniqsa, immun tizimi sust bo‘lgan bolalarga qo‘shimcha tarzda askorbin kislotasini qabul qilish tavsiya etiladi. Shuni unutmangki, bola organizmining bu vitaminga bo‘lgan ehtiyoji kattalarnikiga nisbatan ancha yuqori bo‘ladi. Biz, kattalarga  vaznimizning har bir kilosiga 1 mg S vitamini kerak bo‘ladi,  bolalarga esa bu miqdorning 2-3 marta ko‘prog‘i zarur.
Maslahat. Bolaga askorbin kislotasini tabiiy ko‘rinishida bering. Ya’ni qorag‘at, na’matakli kompot, damlama, murabbo yoki agar allergiyasi bo‘lmasa, tsitrus mevalari berishingiz mumkin. Shu- ningdek, sabzavotli salatlar ham ayni muddao. 


Injiqlikka  qarshi
Askorbin kislotasidan tashqari, bolalarga V guruhidagi vitaminlar ham zurur.
Ahamiyat bering, bolangizning lablari qurib, lab chekkasi yorilganmi, negadir bu yoriqlar atrofini sarg‘ish tasma o‘rab olgan,  ko‘zlari doim yoshlanmayaptimi? Agar shunday bo‘lsa, farzandingizga V2 vitamini etishmayapti. Bu etishmayotgan vitaminni qatiq, pishloq, jigar, buyrak, tuxum sarig‘i, nok, shaftoli, pomidor, sabzi, lavlagi, gulkaram va ismaloqdan topishingiz mumkin.
Agar bola kayfiyati besabab buzilsa, unga shodlik vitamini — foliy kislotasi etishmayapti. Bu vitamin (Vs) injiq va ko‘p yig‘laydigan, janjalkash bolalar hamda balog‘at davri muammolarini boshidan kechirayotgan o‘smirlarga ham zarur.
Maslahat. Har kuni bolangizni foliy kislotasiga boy salatlar bilan siylang. Bu kislota ko‘katlar, bargli sabzavotlar (masalan, karam) hamda o‘simliklarning yashil qismlarida mo‘l bo‘ladi.


Sabzi DARDLARGA DARMON
So‘nggi paytda bolangiz tez-tez shamollab qolyapti. Ko‘rish qobiliyati yomonlashayotganidan shikoyat qilyapti. Unga beta-karotin — A provitamini etishmayotganga o‘xshaydi. Bu provitamin ham askorbin kislotasi singari jajji organizmni tashqi muhitdagi salbiy ta’sirlardan saqlaydi. Bu xaloskorni jigar, sabzi, ismaloq, petrushka hamda shovul,  shivit (ukrop) va o‘rikdan topasiz.
Maslahat. Bolaga sabzi, apelьsin, olma, anorning uy sharoitida yangi siqilgan  sharbatlarini bering.


Tabiatga murojaat etsak...
Vitaminlar etishmasligini davolash uchun turli shifobaxsh choylardan foydalanishingiz mumkin. Masalan, na’matakli damlama yoki u bilan malina, olcha va qorag‘at aralashtirib damlangan choylar bola immun tizimiga tirgak bo‘ladi.


«Kimyo»  ham  yordam beradi
Agar tabiiy vositalar bolaning vitaminlarga bo‘lgan ehtiyojini qoplay olmasa, unga qo‘shimcha vitaminlar kerak bo‘ladi. Buning uchun shifokor bilan maslahatlashgan holda farzandingizga kerakli vitamin turi va aralashmasini dorixonadan xarid qilishingiz kerak. Shuni unutmangki, «kimyoviy» vitaminlar ham ba’zan sog‘lom turmush tarzi uchun juda zarur bo‘ladi.


Bilasizmi?
Norvegiyalik olimlar doim yomon kayfiyatda bo‘ladigan injiq bolalarning qonini tekshirib ko‘rishganda, unda gomotsistein aminokislotasi miqdori yuqori ekanligini aniqlashgan. Bu esa qon tomirlari hamda asab tizimikasalliklarining kelib chiqish xavfini tug‘dirar ekan. Aynan foliy kislotasi bu «injiq» aminokislotani me’yorga keltirib, bolaga yaxshi kayfiyat tuhfa etar ekan.
 
Dilbar DADABOEVA,
oliy toifali shifokor

Manba: Shifo-info.uz

3 ta ovoz

Shifo.uzni Telegram orqali kuzatib boring: https://telegram.me/shifouzchannel


Ovoz berish:
1 2 3 4 5

ULASHISH

Komment qoldirish

O'zbekiston poytaxti:

    Bildirilgan fikrlar

  1. tabiiy vitaminlarvitaminlar bola uchun juda foydali maslahatiyla uchun kotta rahmat

    ...