Shifo.uz Hayot darsi ASABNI CHINIQTIRISHNING OLTIN QOIDALARI

ASABNI CHINIQTIRISHNING OLTIN QOIDALARI

ASABNI CHINIQTIRISHNING OLTIN QOIDALARI

Hayot har doim ham bir tekis bo‘lavermaydi. Goh shodon, goho qayg‘uli kunlar umr atalmish yo‘llarimizda bizga yo‘ldosh. Hursand paytlarimizda bir sevinsak, ozginagina ko‘ngilsizlik uchun ming iztirob chekish insonga xos xislat.

Lekin arzimas muammolar va ko‘ngilsizliklarni yurakka juda yaqin olish ham yaxshi emas. Tinimsiz siqilish va asabiylashish organizm uchun ziyonli. Hayotdagi bo‘hronlaridan omon chiqishni istasangiz, o‘zingizni ruhan va jismonan chiniqtirishingizga to‘g‘ri keladi. Asabni chiniqtirishning quyidagi oltin qoidalariga rioya qilsangiz, o‘zingiz uchun ham, yaqinlaringiz uchun ham foydalidir.

TO‘YIB, MIRIQIB UXLANG
Uyqusizlik asabni emirishi bor gap. Buning oldini olish uchun uyqu tartibiga qat’iy amal qiling. Kuniga 7-8 soatlik uyqu me’yor hisoblanadi. Bir vaqtda yotib, bir vaqtda turishga odatlaning. To‘g‘ri, tetik bo‘lish uchun kimgadir 6 soat ham kifoya, boshqa birovga esa 9 soat kerak. Bunisi endi organizmning o‘ziga xosligi. Tiniqib uxlash uchun ovqatlangandan yoki xoh aqliy, xoh jismoniy faol mehnatdan ke-yinoq uyquga ketishdan saqlaning.

SHOVQINDAN QOCHING
Ko‘pchiligimiz televizorga shunchalik o‘rganib qolganmizki, uning yoniq holati hatto sezilmaydi ham. Vaholanki, ba’zan oynai jahondan uzatiladigan agressiv ma’lumotlar asablarimizga qo‘shimcha yuk bo‘lib tushadi. Demak, televizorni faqatgina o‘zingizga ma’qul dasturlarni tomosha qilish uchungina yoqing. Qolgan paytda xonangizdan yoqimli musiqa, eng yaxshisi, mumtoz musiqa yangrab turgani ma’-qul.

OCHIQ HAVODA KO‘PROQ BO‘LING
Kayfiyatingiz buzilganda tabiat qo‘ynida 10-15 daqiqa sayr qiling. Toza havodan to‘yib-to‘yib simiring. Qarabsizki, ko‘ngil g‘uboringiz yozilib, ruhingiz tetiklashadi. Ochiq havo, ayniqsa, aqliy mehnat bilan shug‘ullanadigan kishilar uchun juda muhim. Miyaning yaxshi ishlashi uchun kerak bo‘lgan kislorodni biz tabiatdan olamiz.

SHIFOBAXSH GIYOHLARDAN FOYDALANING
Asablarni mustahkamlash va uyqusizlikni bartaraf etishga tirnoqgul (kalendula) damlamasi yordam beradi. 1 osh qoshiq giyohni 1 stakan qaynagan suvda 1 soat damlab qo‘ying. Suzib, yarim stakanini uxlashga yotishdan oldin ichasiz. Bu borada arslon-quyruq (pusto‘rnik) ham foydali: 15 gramm giyohni 1 stakan qaynoq suvda 20 daqiqa damlang. Suzib, kuniga 3-5 mahal 1 osh qoshiqdan ichasiz. Yoki mana bu retseptdan foydalansangiz ham bo‘ladi. Dorixonada sotiladigan do‘lana (boyaro‘shnik) hamda valeriana tindirmalarini olib, teng miqdorda aralishtiriladi. Yarim stakan suvga 20 tomchisini aralashtirib, uxlashdan oldin ichiladi.

BADANTARBIYA BILAN ShUG‘ULLANING
Har kuni bajariladigan jismoniy mashqlar nafaqat mushaklarni mustahkamlaydi, balki kishiga intizomni o‘rgatadi va xotirjam bo‘lishga ham yordam beradi. Qolaversa, mushaklar ishlayotgan payt organizmda shodlik gormoni - endorfinlar hosil bo‘lishi kuchayadi. Bu gormon stresslarga qarshi tabiiy doridir.

OVQATLANISHGA E’TIBOR BERING
V guruhidagi vitaminlar asabiylikni engish va xotirani yaxshilash, diqqat-e’tiborni jamlashga ko‘maklashadi. Dukkakli o‘simliklar, xususan, soya bu vitaminlarning koni hisoblanadi. KalÑŒtsiy etishmaganda ham odam tajang va bexalovat bo‘lib qoladi. Uni sut-qatiq mahsulotlaridan topasiz.

HAYOTGA UMID NIGOHI BILAN BOQING
Mulohazakor bo‘lishga harakat qiling, omadsizliklardan ko‘nglingizni cho‘ktirmang, ijobiy fikrlashni o‘rganing. Har qanday holatda ham shukur qilishdan o‘zingizni to‘xtatmang. Negaki, sizdan ham holi yomonlar bor bu dunyoda. "Bundan ham yomoni bo‘lishi mumkin edi" degan hikmat bejiz aytilmagan. Unutmang, salbiy his-tuyg‘ularlar asablarimizni emirib, tanamizni dardga duchor qiladi.

Asabni chiniqtirish qoidalari juda-juda oddiy. Faqat sal e’tiborliroq va hafsalali bo‘lsangiz kifoya. Qolgani o‘z-o‘zidan izga tushib ketishi shubhasiz.

Manba: Iqbol gazetasi

66 ta ovoz
Ovoz berish:
1 2 3 4 5