- Xalq Tabobati
Asal shifodir
Asalni xalq tabobati tavsiya etadigan shifobaxsh ne’matlarning podshohi deyish mumkin. Asal, bol faqat shirinlik bo‘lib qolmay, eng avvalo shifo hamdir. Qur’oni karimdagi Naml (asalari) surasi uning naqadar foydali va ardoqli narsa ekanini ko‘rsatib qo‘ygan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom «Asal iste’mol qilinglar, u ko‘p kasalliklarga shifodir», deganlar. Asal Yaratganning chinakam mo‘’jizaviy ne’mati, bandalar salomatligini asrash va yaxshilashdagi ulug‘ mehribonligi belgisidir. O‘zingiz tasavvur qilib ko‘ring: ongsiz, aqlsiz bir hasharotga tinimsiz uchib-ishlab, asal yig‘ishni amr qilib qo‘ygan Zot bundan faqat insonlarning sog‘lom va bardam bo‘lishlarini iroda etmaganmi? Asalari bir kilo asal to‘plash uchun uyasidan 120-150 ming marta uchib chiqishi, to‘rt yuz ming chaqirim masofani uchib o‘tishi kerak. Bu, Er kurrasini belidan o‘n marta aylanib o‘tishga teng keladi. Eng qizig‘i, asalari o‘zi yiqqan asalning yuzdan bir qisminigina iste’mol qiladi, qolgani insonlarga tuhfa etiladi.
O‘tmishdagi tabiblar asalni bejizga «uzoq umr ko‘rish malhami», «hayot sharbati», deb aytishmagan. Darhaqiqat, uning tarkibida inson organizmiga o‘ta zarur va foydali yuzdan ortiq biologik modda bor. Ayniqsa undagi riboza moddasi faqat tirik organizmlarda uchraydi. Bundan tashqari, unda tana faoliyati uchun muhim glyukoza, oqsil, fruktoza, organik kislotalar, V-1, V-2, V-3, V-6, V-13, V-14, S, K, E darmondorilari, mikro va makroelementlar bor. Asaldagi ayrim darmondori va shifobaxsh moddalar boshqa hech bir ozuqada uchramaydi. Qadim-qadimdan turli kasalliklarni davolashda, odamlarning bardamligi, sog‘lomligi va baquvvatligini ta’minlashda asalni tavsiya qilishgan, u barcha dori-darmon va malhamlarning asosiy tarkibi hisoblangan. Hadislarda Payg‘ambarimizning qorni og‘rigan odamga asal eyishni tavsiya qilganlari haqida aytilgan.
O‘tmishning mashhur yunon faylasufi Pifagorning aytishicha, uning uzoq umr ko‘rishiga muttasil asal iste’mol qilishi asosiy sabablardan bo‘lgan ekan. Yana bir donishmand Demokrit esa bir asrdan ortiq yashagan bo‘lib, u umrboqiylik sirini muntazam asal eyish va badanini moy bilan muolaja qilishda, deb bilgan. Qadimiy Misr, Yunoniston, Bobil, Hindiston va Xitoyda bemorlarni asal yordamida davolash urf bo‘lgan.
Tibbiyot fanining otasi, ulug‘ hakim Abu Ali ibn Sino asalning ko‘plab xosiyatlarni keltirib o‘tadi: «Asal mijozni tozalaydi, qonning tomirlarda yurishini ravonlashtiradi, go‘shtni buzilish va sasishdan saqlaydi. Yiringli, chuqur yaralarni tozalab qotiradi. Ko‘z xiraligidan xalos etadi. Bo‘g‘madan qutilishga yordam beradi. Bodomcha bezlari og‘rishining oldini oladi. Asal suvi me’dani kuchli qiladi. Ishtahani ochib, ovqat hazmini yaxshilaydi. Temiratkini asal va achchiqtosh aralashmasi yo‘q qiladi».
Ibn Sino ta’biricha, navqironlikni saqlab qolish uchun asal iste’mol qilib turish kerak. Ayniqsa yoshi ulg‘ayib qolganlarga u bebaho shifo va quvvat manbaidir. U shamollash, holsizlik, asab to‘qimalari kasalliklarida yaxshi davo bo‘ladi. Asal bolalar va qariyalarga, tanadagi modda almashinuvi buzilgan kishilarga birday foydalidir. Ayniqsa u ozib ketish, ich qotishi, oshqozon-ichak yaralari kasalliklarini davolashda, miyani ozuqalantirishda asqotadi.Zamonaviy tibbiyotda ham turli kasalliklarni davolashda asaldan keng foydalanilmoqda. Masalan, turli jarohatlar va yaralar, shamollash, yuqori nafas yo‘llari va o‘pka xastaliklari, yurak, jigar, buyrak, asab to‘qimalari, oshqozon-ichak, teri va ko‘z kasalliklari ham asal yordamida muolaja qilinmoqda. Davolash kosmetikasi, radiatsiya tufayli paydo bo‘ladigan nur kasalliklarida ham asal beminnat yordamchidir.
Eng qizig‘i, asal olingan joyga qarab ularning turi ma’lum kasalliklarga shifo bo‘lar ekan. Masalan, yuqori nafas yo‘li shamollaganlarga tog‘ asali foyda qiladi. Hazm yo‘llari xastaliklarida esa cho‘l va dalalardan olingan asal shifo bo‘ladi. Yurak xastaliklarida o‘rmon asali ko‘proq naf keltirsa, buyrak xurujida kashtan daraxti gulining asali qo‘llaniladi. Kamqonlikda asalni malina bilan birga iste’mol qilish tavsiya etiladi. Asal darmonsizlik va sil kasali tufayli paydo bo‘luvchi kamquvvatlilikda ham yaxshigina yordam beradi. Buning uchun asalni sarxil sabzi sharbatiga qo‘shib kuniga 80-100 grammdan ichib turish tavsiya etiladi. Asalni piyozni qirg‘ichdan o‘tkazilgan to‘lpiga qo‘shib iste’mol qilish tananing umumiy tonusini ko‘tarishga yordam berishi ham tabiblar tajribasida sinovdan o‘tgan.Gripp kasalligining oldini olish va uni davolashda ham asal beminnat davodir. Buning uchun asalni po‘stlog‘idan ajratib qirg‘ichda maydalangan sarimsoq piyoz bilan baravar miqdorda yaxshilab aralashtiriladi va uyqu oldidan bu aralashma bir choy qoshiq miqdorida qaynatilgan suv bilan 3-5 kun davomida ichilsa, kasallik chekinadi.
Har qanday shifobaxsh ne’matni me’yoridan ko‘p iste’mol qilish zarar keltirgani kabi asaldan foydalanishda mo‘’tadillikka e’tibor qaratish lozim. «Asalning ham ozi shirin» degan maqol bejizga to‘qilmagan. Shifokorlar qandli diabet, astma (nafas bo‘g‘ishi), asalga badani sezgirlik ko‘rsatadigan bemorlarga uni tavsiya etishmaydi. Katta yoshdagilar bir kunda 100-150 gramddan, yosh bolalar esa 30-40 grammdan ortiq asal emaganlari ma’qul. Bir yoshgacha bo‘lgan bolalarga esa choyqoshiqdagi asalning uchdan birini berish mumkin, xolos.Asalni ovqatdan bir-bir yarim soat oldin yoki ovqat egandan uch soat o‘tgach iste’mol qilish tavsiya etiladi. Uni shirchoy, sut yoki shirgurunch bilan egan foydaliroq. Asalni qaynoq suv yoki choyga aralashtirib ichish tavsiya qilinmaydi. Chunki ellik darajadan yuqori issiq suvga solingan asal tarkibidagi foydali minerallar o‘ladi.Tashnalikda asalni issiq yoki sovuq choyga, toza suvga aralashtirib ichilganida ham chanqovni bosadi, ham turli xastaliklarga davo bo‘ladi. Asal sharbati kishini ruhan va jismonan tetik qilishi bilan birga, yurak va miya faoliyatini ancha yaxshilaydi. Nafaqat asal, hatto asalari mumi (propolis) va suti ham bebaho shifo vositasidir. Asalari suti ko‘kyo‘tal, oshqozon yarasi, bod (revmatizm), kamqonlik, bemadorlik va boshqa ko‘pgina kasalliklarni davolashda ishlatiladi.
Xalq tabobatida asalari qiyomi yoki elimi (propolis) juda ko‘p xastaliklarga beminnat davo sifatida juda qadimdan foydalanib kelingan. Asalari uyasidagi teshikchalarni, kirish-chiqish yo‘llarini berkitishda, uyachalar xonasidagi devorlarni mustahkamlashda ishlatadigan sharbatsimon bu elimning davolash xususiyatlari asosida mikroblarga va shamollashga qarshi kurash, biologik quvvatni oshirish, og‘riq qoldirish kabi xossalar yotadi.
Propolis nafas yo‘llari, quloq-tomoq-burun, ovqat hazm qilish yo‘llari xastaliklari, bo‘qoq, uzoq muddat tuzalmayotgan yaralar, bachadon bo‘yni emirilishi (eroziyasi), erkaklik jinsiy bezi kasalligi, immunitet susayishi kabi holatlarda keng qo‘llanilmoqda. Kuygan yoki yaralangan joylarni davolashda asalari elimi eng yaxshi vositadir. Kuyishdan hosil bo‘lgan yaraga yoki surunkali varrikoz yaralariga elimning 15 foizli malhamini uch-to‘rt qatlam dokaga qo‘yib bog‘lash yaxshi samara beradi.
Chipqonni davolashda toza elimni kulcha qilib chipqon ustiga qo‘yiladi va ustidan yopishqoq qog‘oz (leykoplastir) bilan mahkamlanadi va to chipqondan yiring chiqa boshlamagunicha olinmaydi. Xuddi shu usulni teri kasalliklarida ham qo‘llash mumkin.
Elimning turli foizdagi aralashmalaridan qo‘tir (gribok), teri o‘smasi (rak), o‘smirlar yuzidagi toshmalar, qadoq, so‘gal, surunkali va og‘ir toshmalar (ekzema), soch to‘kilib ketishi (kallik), terining oq kasalligi, og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklarini davolashda ham samarali foydalanilmoqda. Zamonaviy tibbiyotda va xalq tabobatida asalari mumining turli miqdordagi aralashmalari surunkali tomoq qurishi (faringit), burun yallig‘lanishi (rinit), nafas qisishi (bronx astmasi), ORZ, pnevmoniya, o‘pka va teri sili, qon bosimini pasaytirish va qondagi xolestrin miqdorini kamaytirish, bavosir (gemorroy), oshqozon-ichak yo‘li kasalliklari, turli yaralarni davolashda ham ishlatilmoqda. Eng ajablanarlisi, juda ko‘p kimyoviy dori-darmonlar boshqa a’zolarda qandaydir asorat qoldirgani holda asalari elimi hech qanday zararli ta’sir ko‘rsatmaydi. Chunki antibiotiklardan farqli o‘laroq, asalari elimi tabiiy modda bo‘lgani uchun unda mikroorganizmlarning moslashuvchanligi hodisasi sodir bo‘lmaydi, elim ularning kuchayib ketishiga, ta’sirini o‘tkazishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Asalari parvarishi bilan shug‘ullanuvchilarning kasallikka kam chalinishlarining o‘ziyoq asalari chiqargan hamma narsa shifobaxsh ekanini isbotlab turibdi. Masalan, asalari uchun ozuqa omili bo‘lmish o‘simliklarning erkaklik to‘qimalari (gulchanglar) ajoyib biologik kuch-quvvat bag‘ishlovchi, tanani faollashtiruvchi vosita bo‘lib, u ayniqsa qarib-qartaygan tanalarga juda foydalidir. Gulchang keksa kishilarning asab tizimi faoliyatini yaxshilashi ham kashf etilgan. Gulchang juda ko‘p mamlakatlarda kosmetik davolashda ham keng qo‘llanilmoqda.
Asalarini chaqtirish yoki uning tibbiyot yo‘li bilan olingan zaharini qo‘llash orqali ham qadim-qadimdan turli kasalliklar muolaja qilib kelingan. Masalan, zaharnga asal qo‘shib, kallik davolangan, soch o‘stirishda ishlatilgan. Rusiya podshohi Ivan Grozniy va Shvetsiya qiroli Karl O‘nikkinchi bu xushbo‘y suyuqlikdan podagra (bo‘g‘in va to‘qimalar kasalligi)ni davolashda foydalanishgan.
Hozirgi zamon tibbiyotida ham asalari zahari keng miqyosda qo‘llanilmoqda. Chunki asalari zahari juda kuchli antibiotik modda sanaladi, uning tarkibidagi viropin, apisartron va boshqa shifobaxsh moddalar juda ko‘p kasalliklarni davolash va oldini olishda tengi yo‘q samarali vositadir. Asalari zahari bod (revmatizm), nevrit va nevralgiya kabi asab tizimi xastaliklari, ko‘zning ba’zi kasalliklarini davolash, qon bosimini mo‘’tadillashtirishda samarali ishlatilmoqda. Ammo uni o‘zboshimchalik bilan har kim o‘zicha qo‘llashi, bolalarni davolashda ishlatishi xatarli oqibatlarga olib borishi mumkin.
Manba: Oilam.uz
48 ta ovozOvoz berish: