- Yangiliklar
Bolalar salomatligi yulida
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasida Koreya Respublikasining “Junior Chamber International – JCI” xalqaro yoshlar tashkiloti vakillari, Cha universiteti qoshidagi “Pundan Cha” gospitali vrachlari va yurtimiz shifokorlari yuragida tug‘ma nuqsoni bor bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida aholi salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, yosh avlodni sog‘lom va barkamol etib voyaga yetkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatimizda Sog‘lom bola yili deb nomlangan joriy yilda bu boradagi xayrli ishlar ko‘lami yanada kengaymoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi bolalar salomatligini mustahkamlash maqsadida ko‘plab tibbiy-ijtimoiy loyihalarni amalga oshirmoqda. Xorijiy tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan tibbiy ko‘rik va muolajalar kasalliklarning oldini olish, bolalarni sog‘lomlashtirish, o‘zaro tajriba almashishda muhim omil bo‘lmoqda. Xususan, Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti, Janubiy Koreyaning “Save the Children” xalqaro jamg‘armasi, KOFIH jamg‘armasi, Cha universiteti qoshidagi “Pundan Cha” va Inxa universiteti gospitallarida bemor bolalar bepul sog‘lomlashtirilmoqda.
“Junior Chamber International – JCI” xalqaro yoshlar tashkiloti, Cha universiteti qoshidagi “Pundan Cha” gospitali bilan hamkorlikda tashkil etilgan navbatdagi ana shunday tadbir doirasida malakali shifokorlar bolalarni umumiy chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.
– O‘zbekistonda joriy yil Sog‘lom bola yili deb e’lon qilinganidan xabarimiz bor, – deydi “Pundan Cha” gospitali professori Lim Sang Yong. – Shu munosabat bilan qabul qilingan Davlat dasturi doirasida bolalarning sog‘lom tug‘ilishiga erishish va ularni sog‘lom voyaga yetkazish borasida izchil ishlar amalga oshirilayotgani e’tiborga molik. Ushbu pediatriya instituti klinikasida ham bolalarni sog‘lomlashtirish uchun zamonaviy shart-sharoit yaratilgan ekan. Bu tibbiy ko‘rikni aniq va samarali o‘tkazish imkonini berdi.
Tibbiy ko‘rik jarayonida xastaligi aniqlangan bolalar mamlakatimiz shifoxonalari va Janubiy Koreya klinikalarida sog‘lomlashtiriladi.
Manba: O'zA
0 ta ovozOvoz berish: