Shifo.uz Bolalar Salomatligi CHAQALOQNI QANDAY PARVARISHLASH KERAK?

CHAQALOQNI QANDAY PARVARISHLASH KERAK?

CHAQALOQNI QANDAY PARVARISHLASH KERAK?

Bola bamisoli gul, uni chang-g‘uborlardan avaylab parvarishlash, ovqatlantirishdan uxlatishgacha, to‘g‘ri nafas olishidan tagligi quruq bo‘lishidan, terisini quruq va sog‘lom saqlash, yig‘lashining sababi, uyqusi bezovtaligiyu emgan suti nega hazm bo‘lmasligi, hamma-hammasiga ona e’tibor berishi, bilmasa shifokorga murojaat qilishi kerak. Ayniqsa, yosh onalar, birinchi farzand ko‘rgan ayollar bunday maslahatlar va tibbiyot xodimlari yordamiga ko‘proq ehtiyoj sezadilar.
Siz chaqalog‘ingizni birinchi marta ko‘rdingiz
Siz go‘dagingiz terisi ko‘cha boshlaganini payqab qoldingiz va bezovta bo‘la boshladingiz? Teri ko‘chishi – bu odatiy jarayon, chunki go‘dak terisi homiladorlik paytidagidek, ona organizmi himoyasida emas, balki ochiq havoga ko‘nika boshlagan bo‘ladi. Dastlabki bir necha kun mobaynida tirsak, tizza va to‘piq sohasidagi teri hatto yorilishi ham mumkin. Shuningdek, Siz go‘dak terisida kiyimi va tagligi qoldirgan pushti dog‘lar va belgilarni payqab qolasiz. Sovuq havoning ta’sirida terida quruq qizarishlar paydo bo‘lishi mumkin. Yuqorida sanab o‘tilganlarning barchasi go‘dagingiz organizmingizdan tashqari sharoitga ko‘nikishida tabiiydir.
Terini namlab turing
Go‘dagingiz terisini sog‘lom saqlab turish uchun uning tabiiy yumshoqligi va tarangligiga e’tibor berishingiz lozim. Buning uchun tarkibida spirt bo‘lmagan bolalar salfetkalari, hidsiz yumshoq losьon va kremlardan foydalaning. Spirt yoki turli xushbo‘y qo‘shimchalar go‘dak terisini quritib, qizartirishi, hatto toshmalar toshirishi mumkin. Bolalarning kosmetologik vositalarini ehtiyot bo‘lib, faqat go‘dak tanasining alohida joylariga ishlov berish uchun ishlating. Losonni go‘dakning yuzi va terisiga surtmang. Sizga va go‘dagingizga bir xil namlantiruvchi vositalardan foydalangan ma’qul. Bulardan tashqari, go‘dak yangisiga qaytadan ko‘nikmasligi uchun bir xil mahsulotlardan foydalaning.
Tirnoqlarini olib turing
Go‘dagingizning tirnoqlari nozik va o‘tkir bo‘lib, juda ham tez o‘sadi, shuning uchun ham ularni muntazam ravishda, haftasiga bir marta olib turish kerak. Buning uchun bolalar qaychisi yoki yumshoq arracha ishlating va go‘dak tirnog‘ini u uxlayotgan vaqtda olishga harakat qiling. Qo‘qqisdan terini shikastlab qo‘ymaslik uchun barmoq yostiqchasini tirnoqdan orqaga tortib turing. Oyoq tirnoqlari sekinroq o‘sadi, shuning uchun ularni oyiga bir yoki ikki marta olish kifoya.
Quyosh nurlaridan himoya qiling
Tik quyosh nurlari go‘dagingiz terisiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, uning sog‘ligi bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Quyosh tikkaga kelganda go‘dak soyada bo‘lishiga yoki boshqa xonaga olib chiqishga xarakat qiling. Aravacha ustidagi soyabon qalpoqcha, uzun engli ko‘ylak va ishtonchalar go‘dagingizni quyosh nurlaridan yaxshi himoya qiladi.
O‘rab-chirmamang
Go‘dagingizga qulay va issiq bo‘lishi uchun u Sizga nisbatan bir qavat ko‘proq kiyim kiyishi lozim. Bu demak, yozning eng issiq vaqtlarini mustasno qilganda, go‘dakning ustida maykacha, taglik, pijama bo‘lgani kifoya. Farzandingiz kiyimning qulay ekanligini tekshirib ko‘rish uchun uning qo‘l va oyoqlarini ushlab ko‘ring. Agar ularning terisi sovuq bo‘lsa yana bir qavat kiyim kiydiring, mabodo issiq bo‘lsa kiyimini kamaytiring.
To‘g‘ri cho‘miltiring
Birinchi cho‘miltirishlaringiz bezovtalik, qiyinchilik bilan o‘tishi va farzandingiz yig‘lashi mumkin. Lekin ular bunga tez ko‘nikib, cho‘milishdan rohatlana boshlaydilar. Eng birinchi cho‘miltirishingiz uchun Sizga yordamchi zarur. Go‘dagingizni har doim issiq xonada cho‘miltiring va yoningizda doim go‘dagingizni o‘rash uchun quruq sochiq bo‘lsin. Suvning haroratini tirsagingiz bilan tekshirib ko‘ring, u yoqimli iliq bo‘lishi kerak. Eng muhimi hamma vaqt go‘dagingizni bir qo‘lingiz bilan ushlab turing va hech qachon bir o‘zini vannada qoldirmang. Uzoq cho‘miltirish shart emas, kir va ko‘chgan terilarni yuvib tashlasangiz kifoya. Yumshoq gubka bilan tanasining hamma qismini navbatma-navbat, ayniqsa terisi ko‘chgan joylariga e’tibor berib, yuvib chiqing. Albatta quloq orqalarini, qo‘l va oyoq barmoq oralarini, qo‘ltiq osti va tovonlarini tekshirib chiqing. Go‘dak jinsiy a’zolarini yuvayotgan paytingizda, axlat qoldiqlari bilan ifloslantirmaslik uchun orqa tomonga qarab yuving. Boshdagi tabiiy yog‘lar tufayli sochlar yopishqoq bo‘lishi mumkin. Shuning uchun boshini yuvishda go‘dak ko‘zini achitmaydigan bolalar shampunini ishlating. Go‘dak sovunli suvda o‘tirmasligi uchun uning boshini cho‘milishning oxirida yuving. Go‘dak yuzi va qo‘llariga sovun surtmang. Cho‘milib bo‘lgandan so‘ng, sovun qolmasligi uchun tanasini toza suvga chaying va ohista artib oling.
Go‘dak terisini toza va quruq holda saqlang
Go‘dagingiz ichi kelganda iliq suvda, yumshoq sovun bilan, terida bakteriyalar qolmasligi uchun, tozalab yuvib tashlang. Yuvib bo‘lganingizdan so‘ng terini quruq qilib artib oling. Agar, u faqat siygan bo‘lsa, unda iliq suvga chayib, paxta yoki hidsiz, tarkibida spirt bo‘lmagan bolalar salfetkasi bilan artishingiz kifoya. Terini himoya qilish uchun taglik ostidagi teriga vazelin surtishingiz mumkin.
Nima uchun to‘satdan go‘dak orqasining terisi qizarib qoladi?
Deyarli barcha go‘daklarda ertami-kech orqasi va sonlarining terisi qizarishi kuzatiladi. Buni davolashning eng yaxshi usuli qizarish sababini bilish va boshqa bunga yo‘l qo‘ymaslikdir. Taglik dermatitining sababi quyidagilardir: namlik tufayli terining zaiflashuvi, enzimlar, ya’ni axlat tarkibidagi ovqat fermentlarining ta’siri, axlat va siydik aralashuvidagi ammiak ta’siri.
Go‘dakka qanday yordam berish mumkin?
Eng avvalo uni to‘g‘ri kiyintirish kerak. Bu hosil bo‘lgan qizarishlarni yo‘qotishga va yangilarining oldini olishga yordam beradi. Tagliklarni tez-tez almashtirishning muhim ahamiyati quyidagilardir: namlik teri qarshiligini kamaytirib, sezuvchan qilib qo‘yadi, axlat va siydik qancha ko‘p teriga ta’sir etsa, enzimlar uni shunchalik ko‘p shikastlaydi, tagliklar siydikni teridan shimib olib, uni axlat bilan aralashishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Tagliklarni almashtirayotib:
go‘dak orqasini yumshoq sovun bilan yuvib qo‘ying, suv bilan chaying, salfetka bilan quruq qilib arting, davolovchi krem surtib qo‘ying, odatda, to‘g‘ri parvarish qilinganda, yo‘rgak dermatiti 1-2 kunda o‘tib ketadi.
Pediatrga quyidagi hollarda murojaat eting:
qizarish juda kuchli bo‘lsa, bir necha kunlar mobaynida o‘tib ketmasa. Bunday hollarda go‘dakda zamburug‘li dermatit (molochnitsa) bo‘lishi mumkin va uni maxsus davolash talab etiladi. Zamburug‘li dermatitlar, odatda bakteriyalarni o‘ldiruvchi antibiotiklar qabul qilingandan so‘ng boshlanishini esdan chiqarmang.
Nima uchun go‘dagimning terisi hamma vaqt qizarib turadi?
Qizarish sababi kir yuvish kukunida bo‘lishi mumkin. Shuning uchun maxsus, bolalar uchun chiqarilgan kir yuvish sovuni yoki kukunidan foydalaning. Go‘dak buyumlari, ich kiyimlari va sochiqlarini boshqa kirlardan alohida yuving. Go‘dagingizni tez-tez qo‘lingizga olishingiz sababli unga jun matodan bo‘lgan kiyim kiydirmang, bunday kiyimni o‘zingiz ham kiymay turing.
Manba: uzssgzt.uz

13 ta ovoz
Ovoz berish:
1 2 3 4 5