- Xalq Tabobati
Choynakdagi dorixona
Dorivor choylar O'rta Osiyo, xususan, O'zbekiston xalq tabobatida juda qadimdan qo'llanib kelinadi. Turli dorivor o'simliklarning ildizi, tanasi, bargi, g'uncha va gullari hamda don-mevalari ko'pgina kasalliklarda dori vazifasini o'taydi. Bunday dori-darmonlarni xalq tabiblari hanuzgacha qo'llashadi.
Murchli choy. Qora – murch tropik mamlakatlarda o'suvchi piper nigrum deb ataluvchi daraxtning mevasi. U moshdek keladigan qora, ba`zan qo'ng'ir rangli, sirti taram-taram, xushbo'y, mazasi achchiq donalardir. Pazandalikda suyuq va quyuq, go'shtli va sabzavotli taomlarda, salatlar va sirkalashlarda donador murch ham, tuyilgani ham keng qo'llaniladi. O'zbekistonda murchni choyga qo'shib damlash usuli ham mavjud. Yarim litrli choynakka kichkina qoshiqda oliy navli quruq choy, yarim choy qoshiq tuyilgan murch yoki donalaridan 15 dona solib, ustidan qaynoq suv quyiladi va 4-5 daqiqa sochiqqa o'rab dam yedirilganidan keyin dasturxonga tortiladi.
Xalq tabobatida murchli choy shamollab yo'talganda, bronxial astmaga chalinganda, ko'krak og'riganda, grippda terlatuvchi va peshob haydovchi vochita sifatida qo'llaniladi. Qora murch a`zolarni tozalash, qizitish, zaharlarga qarshi kurashish xosiyatlariga ega. Ilon, qoraqurt yoki chayon chaqqanida murchli choy bir necha marta qayta-qayta ichirilgan vash u orqali zaharning kuchi qirqilib, bemorning holati yaxshilangan. Murch oshqozon va jigar faoliyatini ham mustahkamlaydi. Abu Ali ibn Sinoning yozishicha, murch mushak nervlarini shunday qizdiradiki, bu ishda hech nima unga teng kelmaydi. Murcha yo'tal va ko'krak og'riqlariga foyda qiladi. Asal bilan qo'shib, tanglayga surtilsa, tomoq og'rig'iga foyda qiladi va o'pkani tozalaydi.
Murch va asalli choy. Xosiyatlari xuddi yuqorida aytilganidek, faqat damlashda unga donador murch solib, asal qo'shiladi.
300 grammli choynakka yarim choy qoshiq oliy navli qora choy, 10 dona murch va 2 choy qoshiq asal solib, ustidan qaynoq suv quyiladi-da, sochiqqa o'rab, 4-5 daqiqa dam yedirilgandan keyin ichiriladi.
Za`faronli choy. Za`faron – savsarguldoshlar oilasiga mansub subtropik o'simlik onaligining quritilgan tivitlaridir. Xalq tabobatida za`faronli choy yuragi zaif va nafasi qisadigan kasallarga ichirilgan. Za`faron to'g'risida Ibn Sinoning fikri quyidagicha: «Burishtiruvchi va erituvchidir. Bunda burishtirish va yelimlar xususiyati bo'lganidan yetiltiruvchi hamdir. Issiqligi mo'`tadil bo'lib, tiqilmalarni ochadi. Sasishni tuzatib, ichki a`zolarni kuchaytiradi. Za`faron ichish rangni chiroyli, ko'zni ravshan, yurakni quvvatli qiladi. Balg'am ko'chishini osonlashtiradi va nafas a`zolarini kuchli qiladi».
Yarim litrli choynakka 15-20 tivit (pichoq uchida olingan) za`faron, 1 choy qoshiq oliy navli ko'k yoki qora choy solib, ustidan qaynoq suv quyiladi. Sochiqqa o'rab, 4-5 daqiqa dam yediriladi, shunda u yaxshi shira beradi. Choy oz-ozdan ho'plab ichladi.
Qalampirmunchoqli choy. Qalampirmunchoq – chinniguldoshlar oilasiga mansub tropik daraxtning ochilmagan g'unchasi. Kuchli yoqimli hidi va o'tkir mazasi tarkibidagi ifori moy bilan bog'liq. Choy quyidagi tartibda tayyorlanadi: yarim litrli choynakka 4-5 dona qalampirmunchoqning quritilgan g'unchasi, 1 choy qoshiq ko'k choy solib, qaynoq suv quyiladi. 4-5 daqiqa cho'qqa qo'yib dam yediriladi.
Bunday choy xalq tabobatida oshqozoni zaiflashgan, ovqat hazmi yomonlashgan bemorlarga ichirilgan.
Sedanali choy. Sedana ayiqtovondoshlar oilasiga mansub o'simlikning mayda qora donlaridir. O'idi xushbo'y, chaynaganda jizsh etib achishtiruvchi mazasi bilinadi. Sedana o'zbek pazandaligida non yopishda ishlatiladi, patir va kulchalarning yuzasiga sepilsa, mazasini yaxshilaydi. Sedana ovqat hazm bo'lishiga yordam beradi, og'izdagi noxush hidni ketkazadi, a`zolarni qizdiradi va tozalaydi, peshob haydaydi, zaharlarga qarshi ta`sir qiladi. Xalq tabobatida uni yo'talganda, qusganda qo'llaniladi, u xuddi murch kabi ta`sir qiladi. Sedanali choy suvchechak, sariq kasalligi, taloq yallig'lanishida, hayz qonini haydash va emizikli onalarning sutini ko'paytirish uchun ham qo'llanilgan. Sedanali choyga asal qo'shib ichilsa, peshob yo'llaridagi toshlarni maydalaydigan doriga aylanadi. Ibn Sino yozadiki: «Sedana balg'amni ko'chiruvchidir, tozalovchi, yel va damni shimdiruvchidir. Xususan, uning tozalash xosiyati yetarli darajadadir. Sedana tumovga foyda qiladi. Uni asal va issiq suvga qo'shib ichilsa, qovuq va buyrakdagi toshlarga foyda qiladi, ularni chiqaradi».
Sedanali choy quyidagicha damlanadi: yarim litrli choynakka 1 choy qoshiq qora yoki ko'k choy, 20-25 dona sedana solib, qaynoq suv quyiladi va 3-4 daqiqa cho'qqa qo'yib dam yedirilgandan keyin shirinliklar bilan ichiladi, asal qo'shilsa, juda foydali ne`matga aylanadi.
Rayhonli choy quyidagicha damlanadi: yarim litrli choynakka 1 osh qoshiq qora yoki ko'k choy, 7-10 dona rayhon bargi solinib, qaynoq suv quyiladi. 5 daqiqa cho'g' yonida dam yedirilgach, dasturxonga tortiladi. Qishda esa quritib, uqalangani ishlatiladi (yarim choy qoshiq).
Bunday choy xalq tabobatida sovuq mizojli kishilarga jigari va qomirlaridagi tiqilmalarni ochadigan dori sifatida ichirilgan. Rayhonli choy balg'am ko'chiradi, shuningdek, uni bo'g'imlar shamollaganda, asabiylashganda, safro haydovchi vosita sifatida tavsiya etishgan.
Zirali choy. Zira asosan palov, qazi va boshqa taomlarni tayyorlashda ishlatiladi. Zirali choy quyidagicha damlanadi: yarim litrli choynakka 1 choy qoshiq zira, xuddi shuncha oliy navli ko'k yoki qora choy solinib, qaynoq suv quyiladi. 5-7 daqiqa dam yedirilgach, issig'ida ichiladi.
Xalq tabobatida zirali choy qon bosimi oshgan kishilarga tavsiya etilgan. Ziraning foydasi haqida Ibn Sino shunday yozgan: «…Unda qizdiruvchi kuch bo'lib, yellarni haydaydi va tarqatadi. Unda parchalash, quritish va burishtirish quvvati ham bor. Zira, ayniqsa, yovvoyisi qon siyish va ichakning burab og'rishida, qorin ko'pchishida foyda qiladi».
Kiyiko'tli choy. Xalq tabobatida kiyiko'tli choy tomoq qitir bo'lib qirilganda, o'pka va yurak xastaliklarida, qon bosimi ko'tarilganda tavsiya etilgan. U jigarni mustahkamlash va peshob haydash xususiyatiga ega.
Tog'lardan terib kelingan kiyiko'tni yuvib, soyada quritiladi. Ishlatganda kaftlar orasida uqalab olinadi. Yarim litrli choynakka bitta kichkina qoshiqda oliy navli ko'k choy, 1 choy qoshiq quritilgan kiyiko't solinadi va qaynoq suv quyib, cho'qqa 5 daqiqaga qo'yib dam yediriladi.
Yalpizli choy. Yalpiz na`no, pidina deb ham nomlanadi. Na`no maxsus ekib ko'paytirilmaydi. Tomirini ko'chirib, ariq bo'yiga bir bor ekib qo'yilsa, bas, vegetativ ravishda o'z-o'zidan ko'payib ketadi. Tanasi ham tikka, ham yer bag'irlab o'sadi. Barglari qayiqsimon bo'lib, to'q yashildan och binafsha ranggacha tovlanadi. Hidi ko'pam yoqimli emas, mazasi o'tkir. Bu uning tarkibida ifori moy, fitonsid va mentol kabi moddalar ko'pligidan darak beradi. Ibn Sino yalpiz haqida shunday deydi: «Unda qizdiruvchi va burishtiruvchi kuch bor. Yalpiz me`dani mustahkamlaydi, hiqichoqni to'xtatadi, ovqatning singishiga yordam qiladi, shilliq va qon qusishni to'xtadi, sariq kasalligiga foyda qiladi».
Yalpizli choy xalq tabobatida yurakni baquvvat qiladigan, kayfiyatni sozlaydigan dori sifatida qo'llanilgan. Yalpiz bosh og'rig'ini qoldiradi, bargi chaynalsa, og'izni shamol yurgandek qiladi va chanqoqni qoldiradi. U tish og'rig'iga ham davo.
Yalpizli choy shunday tayyorlanadi: yarim litrli choynakka kichkina qoshiqda qora yoki ko'k choy, to'rtta yalpiz bargi solinadi-da, qaynoq suv quyiladi. Cho'g' yonida 5 daqiqa dam yediriladi. Unga asal va novvot solih ham mumkin.
Qishda ko'lankada quritilgan yalpiz barglari ishlatiladi.
Limono'tli choy. Xalq tabobatida limono'tli choy yurak, miya va sezgi a`zolarini quvvatli qiluvchi dori sifatida ichirilgan. Chindan ham bunday choy aqlni peshlaydi, jigar va oshqozonga foydasi katta. Odam biron narsadan qo'rqib ketsa, bezovtalansa yoki uyqusi qochsa, shu choy darmon bo'ladi. Limono't qorinda, buyrakda va boshqa ichki a`zolarda paydo bo'ladigan sanchiqni qoldiradi. Ibn Sinoning yozishicha, limono't shilliqdan va savdodan paydo bo'ladigan illatlarning hammasiga foyda qiladi. Og'iz hidlarini ketkazadi. Yurakni kuchaytiradi, hazmga yordam beradi va hiqichoqda foyda qiladi.
22 ta ovozOvoz berish: