- Vitaminlar
D darmondorisining ahamiyati yoki raxit haqida nima bilasiz?
Ota-onalarda shunday tushuncha mavjud, raxit kasalligi bu faqat suyak tizimidagi o‘zgarishlardir. Diqqat qiling, bu xastalik organizmning umumiy kasalligidir. Sizning ko‘zingizga esa asosan suyak tizimidagi o‘ziga xos o‘zgarishlar ko‘rinadi.
Zamonaviy qarashlar bo‘yicha D vitamini tanqisligi – o‘sayotgan organizmning fosfor (R) va kaltsiyga (Ca) bo‘lgan ehtiyojining vaqtincha etishmasligi va ularni tashuvchi a’zo va tizimlar faoliyatining buzilishi hisoblanadi.
D vitamini organizmda R va Ca mineral moddalarining almashinuvini boshqarib, bunda asab, mushak tizimi, ko‘rish, eshitish, tomirlar o‘tkazuvchanligi, tarangligi, yurakning ritmik qisqarishlari, fermentlar hamda ba’zi endokrin bezlar faoliyati, qonning me’yorida ivish xususiyati, suyaklar, immun tizimi, teri, soch, tirnoqlar o‘sishini ta’minlaydi va yaxshilaydi.
Unutmang, raxit – bu organizmning umumiy kasalligi bo‘lib, moddalar almashinuvi, birinchi navbatda fosfor-kaltsiy almashinuvining va barcha asosiy a’zo hamda tizimlar faoliyatining buzilishi bilan kechadi.
D vitamini tanqisligi quyidagi asoratlarga olib keladi:
- Suyak ko‘migi va suyaklarda: osteoporoz(suyaklarning mo‘rt bo‘lib, sinishga moyilligi), osteomalyatsiya, mielofibroz, anemiya (kamqonlik), mieloid displaziya.
- Hazm tizimida: Ca, R, Mg(magniy) so‘rilishining kamayishi, gepatorinal (jigarda o‘zgarish) sindromi, ichaklar harakatining buzilishi.
- Limfoid tizimida immunitet pasayishi, interleykin I, II, fagotsitoz, interferon ishlab chiqarilishining kamayishi.
- Mushaklarning atoniya(bo‘shashib qolish)ga moyilligi, mushaklar tarangligining susayishi, talvasalar (spazmofiliya).
Nimalarga qarab raxitni farqlashingiz mumkin? Raxitning boshlang‘ich davrida quyidagi belgilarni ko‘rishingiz mumkin: bolada bezovtalik, cho‘chish, injiqlik, yorug‘lik va shovqinga qattiq bezovtalik, uyqusining buzilishi, terlash (yopishqoq ter), ensada soch to‘kilishi, mushaklar bo‘shashishi, qabziyat, katta liqildoq chetining yumshashi, umumiy holsizlikning kuchayishi, psixomotor rivojlanishdan orqada qolish.
Tibbiyotda “raxitning gullagan davri” deb atalgan davr bo‘lib, bunda ko‘krak qafasi qiyshiqliklari (“etikdo‘z to‘shi”, “tovuq to‘shi”, kifoz, lordoz, skolioz kabi umurtqa pog‘onasining turli qiyshiqliklari), “yassi raxitik” tos, qovurg‘a “marjonlari”, kaft “tasmasi”, peshona va ensa do‘ngliklari kattalashishi, oyoq suyaklarining qiyshayishi, “qurbaqa” qorin kuzatiladi.
Farzandingizda nafaqat raxit, balki boshqa kasalliklar ham uchramasligi uchun avvalambor, homilador bo‘lishingizdan avvalroq o‘z salomatligingizga e’tibor bering. Raxitga olib keluvchi omillar: onaning yoshi (17 dan kichik va 35 yoshdan katta bo‘lmasligi zarur), ekstragenital kasalliklar, homiladorlik toksikozlari, asoratli tug‘ruqlar, homiladorlik va laktatsiya (emiziklik) davrida bo‘lajak onalar iste’mol qiladigan oziq-ovqat mahsulotlarida vitamin va minerallarning etishmovchiligi, oilada noqulay ijtimoiy-iqtisodiy sharoit.
Go‘dakning tug‘ilish vaqti (ko‘pincha qish va kuz oylariga to‘g‘ri kelsa quyoshli kunlar kam bo‘ladi. Quyoshning ultrabinafsha nurlari ta’siri ostida organizmda D vitamini hosil bo‘ladi), uning chala tug‘ilishi yoki katta tug‘ilishi, birinchi uch oylikda vaznning tez ortishi, noto‘g‘ri parvarish, erta sun’iy va aralash ovqatlantirish, perinatal entsefalopatiya, talvasaga qarshi dorilar qabul qilish, tez-tez kasallanish ham ushbu xastalikka sabab bo‘ladi.
Farzandingizda raxit kasalligining oldini olish uchun homiladorlik vaqtingizdan boshlab kun tartibiga rioya qiling. Vaqtida dam oling. Ayniqsa, kuniga 2-4 soat ob-havo qanday bo‘lishidan qat’iy nazar toza havoda bo‘lishingiz muhim. To‘g‘ri ovqatlanish ham katta ahamiyat kasb etadi. Homilador ayol kuniga quyidagi oziq-ovqat mahsulotlarini tez-tez iste’mol qilishi kerak: 180-200 g. go‘sht (yoki loviya), 100 g. baliq, 150 g. tvorog, 30 g. pishloq, 500 ml. sut yoki qatiq mahsulotlari, meva va sabzavotlar.
D vitamini tanqisligining oldini olish uchun bolaning yoshiga mos kun tartibi, dam olish tashkil qilinadi. Asabga ta’sir qiluvchi omillar bartaraf qilinadi (o‘tkir yorug‘lik, shovqin va boshqalar). Toza havoda etarli sayr qilish, xonalarni tez-tez shamollatish, gigienik vannalar va badanni artish, uqalovchi muolajalarni o‘z vaqtida amalga oshirish lozim.
Farzandingiz dunyoga kelgandan so‘ng birinchi kunlaridanoq uning ovqatlanishini to‘g‘ri yo‘lga qo‘ysangiz, barcha kasalliklar qatorida raxitning ham oldini olgan bo‘lasiz.
Bir yoshgacha bo‘lgan go‘daklar uchun eng yaxshi ozuqa – bu ona sutidir. Shu sababli avvalo, emizikli onalar oqsil, yog‘, uglevod, makro va mikroelementlarga boy oziq-ovqat mahsulotlarini tanovul qilishlari shart.
Lekin ko‘krak sutidagi D vitamini raxitning oldini olish uchun doimo ham etarli bo‘lavermaydi. Shu sababli raxitning oldini olish uchun barcha sog‘lom go‘daklar uch haftalikdan ikki yoshgacha bo‘lgan davrda qo‘shimcha ravishda D vitamini olishlari shart. Diqqat qiling, bu davolash uchun emas, balki go‘dakning shu vitaminga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun zarur. D darmondorisining miqdorini go‘dagingizni pediatr ko‘zdan kechirgandan so‘ng belgilab beradi.
Agar farzandingiz raxit bilan og‘rigan bo‘lsa, uning ovqat ratsioniga jiddiy e’tibor bermog‘ingiz zarur. Bunda ularning ovqatlari tarkibi oqsil (go‘sht, baliq, tvorog)ga boy bo‘lishi kerak. Ularning organizmida oqsil va vitaminlarga ehtiyoj kuchli bo‘lganligi sababli qo‘shimcha ovqatlantirish sog‘lom bolalarga nisbatan bir oy oldin boshlanadi. 6 oylikdan meva-sabzavot sharbatlari, 7 oylikdan qattiq qilib suvda pishirilgan tuxum sarig‘i, sabzavot va mevalar bo‘tqasi, 8 oylikdan tvorog, jigar qiymasi, go‘sht va grechka, suli bo‘tqalari, 8,5 oylikdan baliq, kefir berish mumkin. Raxit bilan og‘rigan go‘daklarga manniy yormasi bo‘tqasi mutlaqo berilmaydi. Un va yorma mahsulotlari raxitning avj olishiga olib keladi. Manniy yormasi tarkibida shunday moddalar mavjudki, ular kaltsiy moddasi almashinuvi buzilishini kuchaytiradi.
Kaltsiyga boy mahsulotlar: pishloq, tvorog , sut, kefir, suyuq qaymoq, saryog‘, yogurt, tuxum, baliq, grechka, no‘xat, suli yormasi, sabzi, ko‘k piyoz, petrushka, qora olxo‘ri, olcha, uzum va shu kabi mevalardir.
Feruza GAFAROVA,
tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent
Manba: Soglom.uz
8 ta ovozOvoz berish: