- Yangiliklar
Dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarining cheklangan ulgurji, chakana va berish narxlari tasdiqlandi
Davolash muassasalari va aholini dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan ta`minlash ustidan nazorat bo'yicha respublika komissiyasi dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarining ayrim turlari uchun cheklangan ulgurji, chakana va berish narxlarini tasdiqladi.
Bundan tashqari, Komissiya tender savdolarini o'tkazish uchun ro'yxatga kiritilgan xorijda ishlab chiqarilgan dori-darmon vositalari va tibbiy buyumlar hajmi va cheklangan shartnomaviy narxlarini ham tasdiqlagan.
Eslatib o'tamiz, O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2016 yilning 31 oktabr kunida «Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta`minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to'g'risida»gi qarorni imzolagandi.
Unga ko'ra, 2017 yilning 1 yanvaridan:
chetdan olib kelinadigan, shuningdek, O'zbekistondagi ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish, ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat`iy nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo'lmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qo'llanilgan holda amalga oshirilishi belgilangan.
Shu bilan birga, tibbiyotda keng qo'llaniladigan 167 nomdagi ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositalari va 22 turdagi tibbiyot buyumlari uchun muayyan narxlar belgilanmoqda. Bu narxlar davolash muassasalari va aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta`minlashni tizimli asosda nazorat qilish bo'yicha tashkil etiladigan Respublika komissiyasi tomonidan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari uchun jahon narxlari kon`yunkturasini tahlil qilish asosida o'rnatilgan tartibda har chorakda belgilanadi.
Narxlar jadvali Davlat raqobat qo'mitasi saytiga joylashtirilgan.
3 ta ovozOvoz berish: