- Yangiliklar
Endokrinologiya rivojiga bag‘Ishlab
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida endokrinologiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaralari va istiqboldagi vazifalarning ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan mazkur tadbirda endokrinologiya yo‘nalishidagi faoliyatlarni yuqori bosqichga ko‘tarish, aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat sifatini yaxshilash, kasallikka qarshi kurashish bo‘yicha zamonaviy davolash usullarini amaliyotda qo‘llash, malakali kadrlar tayyorlash salohiyatini oshirish kabi dolzarb masalalarga e’tibor qaratildi.
Matbuot anjumanini kirish so‘zi bilan ochgan Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Asilbek Xudayarov mamlakatimiz miqyosida qandli diabet kasalligiga chalingan bemorlarni davolash, erta tashhis qo‘yish, sohaga oid ilmiy izlanishlarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotganligini alohida gapirib o‘tdi.
Shuningdek, anjumanda ta’kidlanganidek, bugungi kunda respublikamizdagi 14 ta endokrinologik dispanserlar aholiga samarali xizmat ko‘rsatish bilan birga, kasalliklarni erta aniqlash va zamonaviy standartlar asosida tashhis qo‘yish bo‘yicha ilg‘or tajribalarga ega bo‘lmoqda.
Xususan, Respublika ixtisoslashgan ilmiy-amaliy endokrinologiya markazida 22 turdan ortiq yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari gipofiz mikroadenomalari, qalqonsimon bez va qalqonsimon oldi bezlari, qandli diabetning qon tomir va yiringli asoratlarida keng qo‘llanilmoqda.
– Xalqaro hamkorlik doirasida markazimizga Nucline TM Spirit DH-V modelidagi ikki tarmoqli kamera o‘rnatilib, ishga tushirildi. Uning yordamida qalqonsimon bez, jigar, buyrak, taloq, yurak va suyak tizimining barcha qismlari funktsional tekshiruvdan, ya’ni kengaytirilgan davolash-tashhis ko‘rigi o‘tkazilmoqda, – deydi markaz direktori S. Ismoilov.
Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga sohaning malakali mutaxassislari tomonidan javob qaytarildi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan "Endokrin kasalliklarning tashhisi, oldini olish va davolashning dolzarb masalalari" mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Asomiddin Kamilov kirish so‘zi bilan ochib, endokrin kasalliklarga erta tashhis qo‘yish va davolash masalalariga alohida e’tibor qaratdi. So‘ngra Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy markazi direktori Said Ibragimov mamlakatimizda endokrinologiya sohasida olib borilayotgan samarali ishlarga urg‘u berdi.
Anjuman davomida mavzu doirasida soha mutaxassislari tomonidan dolzarb masalalar bo‘yicha ma’ruzalar qilindi. Ta’kidlash muhimki, endokrin kasalliklarining oldini olish uchun jismoniy harakat, to‘g‘ri ovqatlanish, ruhiy va jismoniy zo‘riqishdan forig‘ bo‘lish, sog‘lom hayot tarziga amal qilish ushbu xastalikni bartaraf etishda asosiy rolь o‘ynaydi. Shunday ekan bunday kasalliklarning oldini olishda keng auditoriyada o‘tkazilgan anjumandan ko‘zlangan maqsad, aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishdan iboratdir.
Diyora BOZOROVA. Suratlar muallifi Anvar SAMATXODJAEV.
Manba: uzssgzt.uz
0 ta ovozOvoz berish: