Shifo.uz Maqolalar Eng Zararli 10 Mahsulot

Eng Zararli 10 Mahsulot

Eng Zararli 10 Mahsulot

Shifokorlar qaysi ommabop taomlarni salomatlik uchun eng xavfli deb hisoblaydi va nima uchun? Quyida e’tiboringizga eng zararli mahsulotlarning 10 tasi haqida ma’lumot berib o’tamiz.

1. Chipslar va kartoshka-fri

Kartoshka qanday ko‘rinishda tayyorlanishidan qat’i nazar, bu sabzavotning o‘zi foydali mahsulot hisoblanmaydi. Chipslar shaklida esa unda tabiiy moddalardn asar ham qolmaydi. Faqat kanserogenlar, yog‘lar, aromatizatorlar va ta’mni kuchaytiruvchi moddalar qoladi, xolos. Chipslarni tez-tez iste’mol qilish onkologik kasalliklarni va semirishni keltirib chiqaradi. Kartoshka-fri haqida ham xuddi shuni aytish mumkin.

2. Burgerlar va xot-doglar

Fast-fudning tez tayyorlanishi va arzonligidan tashqari boshqa biror bir ijobiy tomonini ayta olasizmi? Albatta, yo‘q. Och qorinni to‘ydirish uchun pishloq, sabzavotlar, salat barglari va krevetkalardan ham xuddi shunday buterbrod tayyorlash mumkin. Faqat unga qayla va mayonez solmang.

3. Shirin gazli ichimliklar

Pufakchalarga boy bo‘yalgan ichimlik suvda eritilgan guashdan ko‘ra zararliroq. Fast-fudni gazli suv bilan tamaddi qilish kerak, degan fikr mavjud, ammo bu unday emas: gazli ichimliklar ochlik hissini bo‘g‘adi va bu bilan yana bir gamburgerni yeyishga majbur etadi.

4. Mayonez va ketchup

So‘z do‘konda sotiladigan mayonez haqida bormoqda. Agar ushbu mahsulotni iste’mol qilish to‘xtatilsa, ikki haftadan keyin belingiz bir necha santimetrga kichrayganini sezasiz. Mayonezning yoniga ketchup va turli-tuman qaylalarni ham qo‘shish mumkin. Ularning tarkibida aromatizatorlar, yog‘lar va ta’mni kuchaytiruvchi sun’iy moddalar bor.

5. Tuz va qand

Tuzni ham, qandni ham “oq o‘lim” deyishlarini yaxshi bilamiz. Tuz organizmdagi suvning harakatiga to‘sqinlik qiladi va keraksiz joylarda to‘planib qoladi. Qand esa ozishni xohlovchilarning birinchi raqamli dushmani. Biroq ushbu mahsulotlardan butkul voz kechib ham bo‘lmaydi, ammo agar ovqatga kamroq tuz solinsa, tuz bilan buzilmagan mahsulotlarning tabiiy ta’miga tezda o‘rganib qolish mumkin. Qandni esa asalga almashtirsa bo‘ladi.

6. Kolbasalar, dudlangan mahsulotlar

Sosiskalar aynan nimadan tayyorlanganini va ular chiqarilganiga necha hafta bo‘lganini kim biladi? Go‘shtni tuzlash va dudlash uni uzoqroq saqlash uchun kerak xolos. Tabiiyki, vaqt o‘tishi bilan ulardagi foydali elementlar yo‘qoladi, ammo kolbasada o‘limtik zahar paydo bo‘lishi to‘xtamaydi. Biroq siz buni sezmaysiz, chunki unga turli aromatizatorlar va ta’mni kuchaytiruvchi moddalar qo‘shilgan-da.

7. Tez tayyorlanadigan ugra va pyure

Mol go‘shti, tovuq go‘shti, krevetkalar, qo‘ziqorinlar va qaylali spagetti – paketlardagi mo‘’jizaviy ovqatlarni ishlab chiqaruvchilar ana shunday shohona nonushta, tushlik va kechki ovqatni taklif etishadi. Aslida esa turli-tuman ovqatga qo‘shiladigan moddalardan iborat issiq “miks”ga ega bo‘lamiz. Bunday “kombikorm” muntazam ravishda iste’mol qilinganida organizmdagi tizim buziladi. Organizm ovqat va kaloriyalarni olganday bo‘ldi-yu, biroq ular moddalarning normal faoliyati uchun haqiqatan ham kerak bo‘lganidan juda kam miqdorda olinadi. Ozuqadan mahrum bo‘lgan organizm miyaga SOS signalini yuboradi va biz yana ovqatlanishni xohlaymiz. Ushbu ro‘yxatga yana bir talay konservantlar, stabilizatorlar, quyuqlashtiruvchi moddalar, emulgatorlar, bo‘yovchi moddalar va ta’mni kuchaytiruvchi moddalarni ham qo‘shadigan bo‘lsak, bu mahsulotda kimyoviy moddalardan boshqa hech narsa yo‘qligini tushunamiz.

8. Popkorn

Makkajo‘xorining o‘zi salomalik uchun mutlaqo xavfli emas. Ha, unda uglevodlar va kraxmallar bor, kaloriyasi ham oz emas – 100 gramm mahsulotda 330 kkal. Ammo uning tarkibida biriktiruvchi moddalar va yana bir talay foydali moddalar, xususan, A, S, Ye vitaminlari, tiamin, niatsin, foliy kislotasi, temir, kaliy, magniy, fosfor, rux moddalari bor. Agar popkorn shunchaki qovurilgan makkajo‘xori donlaridan iborat bo‘lganida edi, eng zararli mahsulotlar reytingidan o‘rin olmasdi. Biroq unga yog‘, tuz, shakar, karamelizatorlar, bo‘yovchi moddalar, ta’mni kuchaytiruvchi moddalar, aromatizatorlar qo‘shilganidan keyin hammasi o‘zgaradi. Aytganday, an’anaviy tuzli popkorndagi tuz moddasi shu darajada ko‘pki, bu kamida qon bosimining oshishiga va buyraklar faoliyatidagi buzilishlarga olib kelishi mumkin.

9. Spirtli ichimliklar

Bosh miya po‘stidagi degenerativ buzilishlar, jigarning shikastlanishi, onkologiya, genetik mutatsiyalar – bularning hammasini odamlar yaxshi biladi. Ichkilikka ruju qo‘ygan kishilar odatda o‘rtacha umrdan 10-15 yil kam yashaydi. Yuqorida sanab o‘tilgan kasalliklardan tashqari, ularni psixikaning buzilishi, depressiv holatlar ta’qib qiladi. Barcha suiqasdlarning uchdan bir qismi va avtohalokatlarning 50% aynan mast holatda yuz beradi.

10. Shokoladli batonchiklar va chaynaladigan konfetlar

Ushbu mahsulotlarning glikemik indeksi juda yuqori, ya’ni ularning tarkibidagi qand moddasi deyarli shu zahotiyoq o‘zlashtiriladi. Ularda asal va quruq mevalardan farqli o‘laroq birortayam foydali modda yo‘q. Bundan tashqari, yorqin rangli so‘riladigan qandlar, shakar-qiyomli konfetlar va chaynaladigan marmeladlarni oziq-ovqat mahsuloti deb atash ham qiyin. Ular qand o‘rnini bosuvchi moddalar, stabilizatorlar, quyultiruvchi, jelelovchi, bo‘yovchi moddalar, emulgatorlar va hokazolarning aralashmasidan iborat.

turfaolam.com

70 ta ovoz
Ovoz berish:
1 2 3 4 5