Shifo.uz Erkaklar Erkaklar sog‘ligi uchun Wi-Fi xavfli!

Erkaklar sog‘ligi uchun Wi-Fi xavfli!

Erkaklar sog‘ligi uchun Wi-Fi xavfli!

Kordovadagi Reproduktiv tibbiyot markazi olimlarining tadqiqotlari natijalariga ko‘ra, simsiz tarmoqlar (Wi-Fi) taratayotgan elektromagnit nurlanishi erkaklar sog‘ligi uchun xavflidir, deb yozadi mobinfo.uz sayti. Aniqlanishicha, mazkur nurlar erkaklar urug‘ining sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

O‘tkazilgan ilmiy tadqiqotlarda Wi-Fi tarmoqlari va erkak urug‘ining sifati orasida bog‘liqlik mavjudligi aniqlandi. Tajribalarda turli yoshlardagi o‘ttiz nafar ko‘ngilli erkak ishtirok etdi. Ularning har biridan biomaterial namunalari olindi. Tekshiruvga olingan urug‘larning har biri ikki qismga ajratilib, birinchi qismi Wi-Fi tarmog‘iga ulangan noutbuk yoniga to‘rt soatlik muddatga qo‘yib qo‘yildi. Ikkinchi qismi ham xuddi shunga o‘xshash sharoitlarda, faqat Wi-Fi to‘lqini yo‘q joyda shuncha muddat saqlab turildi.

Tajriba yakunida birinchi guruhdagi – Wi-Fi to‘lqini hududida saqlangan namunalar tajriba avvalidagi holatiga nisbatan jiddiy o‘zgarishga uchragani aniqlandi. Ulardagi erkaklik urug‘lari harakatchanligi chorak qismga – 25 foizga kamayganligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, ulardan to‘qqiz foizining hujayrasida DNK o‘zgarishlari ham qayd etildi.

Ikkinchi guruhdagi urug‘larda esa harakatchanlik tajriba boshidagiga nisbatan 14 foizga kamaygan, hujayrasidagi DNK buzilishlari bo‘lsa atigi uch foizida uchragan. Shu vaqt oralig‘ida halok bo‘lgan urug‘ hujayralari soni bo‘yicha esa birinchi va ikkinchi guruhlardagi namunalar orasida aytarli farq sezilmagan.

Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, bu borada erkaklarga shunaqa maslahat berish mumkin: Wi-Fi yoqiq bo‘lgan qurilmalar, jumladan smartfonlarni bel sohangizdan imkon qadar uzoqroq tuting!

Terabayt.uz

4 ta ovoz
Ovoz berish:
1 2 3 4 5