- Shifokor maslahati
Go'zallik haqida...
Sog‘lig‘imizda muammo paydo bo‘lganligiga shubha qilsak, tezda shifokor huzuriga oshiqamiz. Organizmimizda sodir bo‘layotgan noxushliklarga qanday xastaliklar sabab bo‘layotganligiga qiziqamiz. Ammo oyna oldida turib ham ilk tashxisni qo‘yish mumkin. Qanday deysizmi? Unda quyidagi ma’lumotlarga diqqat qiling.
Bizning ekspert — shifokor-terapevt Santalat MAHMUDOVA
SOChLARGA ERTA OQ TUShSA...
Ko‘zgu oldiga keling. Soch-laringizga diqqat bilan e’tibor qarating. Yoshingiz endigina 30dan oshgan bo‘lsa-da, sochlaringizning yarmidan ko‘pi oqarib ketgan. Bilingki, bu nafaqat stressli holatlar «tuhfasi», balki qandli diabet xastaligining alomati ham bo‘lishi mumkin.
Sochlarning erta to‘kilishi esa ovqat hazm qilishdagi muammolar, gormonal o‘zgarishlar, kalьtsiy etishmovchiligi va ginekologik xastaliklar oqibatida yuzaga keladi.
Soch oqarishini odatiy deb baholash kasalliklarning zo‘rayishiga sabab bo‘lishi mumkin.
KO‘ZLAR NE DARDDAN SO‘ZLAR?
So‘nggi paytlarda ko‘zguga qaraganingizda ko‘zlaringiz oqining sarg‘ish tus olayotganligini sez-yapsizmi? Bu holni shunchaki charchashdan deb, ahamiyatsiz qoldirmang. Chunki aynan mana shu belgi orqali organizmingiz jigar va o‘t pufagida muammolar paydo bo‘lganligidan xabar berayotgan bo‘lishi mumkin.
Sovuqda ko‘zlarning haddan ortiq yoshlanishi organizmda kalьtsiy moddasining etishmasligidan dalolat beradi. Shu bilan birga bu holat taloqda ayrim muammolarning yuzaga kelganligidan ham xabar bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, muammoning asl sababini zudlik bilan aniqlash lozim.
TERI RANGGI O‘ZGARSA...
Negadir so‘nggi vaqtlarda teringizning rangi xiralashib, sarg‘ish tus olib borayotganligini sezyapsiz. Biroq bu oddiygina vitaminlar etishmasligi oqibati deb, unga ko‘p ham e’tibor qaratmayapsiz. Bu e’tiborsizligingizni oqlab bo‘lmaydi. Chunki terining sarg‘ish tus olishi va xiralashishi jigar va o‘t yo‘llari kasalliklaridan nishonadir. Biroq haddan tashqari ko‘p xom sabzi eganda ham terining ranggi sarg‘ayishi mumkin. Lekin bunda ko‘z ichining oqi o‘z ranggini o‘zgartirmaydi. Agar kasallik tufayli rangingiz o‘zgargan bo‘lsa, teri bilan bir qatorda ko‘z oqida ham o‘zgarishi kuzatiladi.
Ko‘zgu qarshisida turib, ko‘zlaringiz oqi va teringizning rangini taqqoslang. Agar faqatgina teri rangi sarg‘aygan bo‘lsa, salomatligingiz haqida jiddiy bosh qotirishingiz kerak.
QOShLAR TO‘KILSA...
So‘nggi paytlarda qovoqlaringizning ostida mayda-mayda tuklarning to‘kilib qolayotganligini ko‘ryapsiz. Qoshlaringiz tobora siyraklashib, shakli o‘zgarib bormoqda. Bu holga e’tiborsiz bo‘lmang. Chunki qoshlarning to‘kila boshlashi qalqonsimon bez xastaliklarining ilk alomati hisoblanadi.
YuZDAGI DOG‘LAR JIGARNI «BOG‘»LAR
Yuz terisidagi dog‘lar oshqozon ichak, jigar, sil kasalliklarining alomati bo‘lishi mumkin. Aynan shu xastaliklarda yuzlarda dog‘lar keskin ko‘payishi kuzatiladi.
LABLAR RANGGI O‘ZGARSA...
Lablarning ko‘kimtir tusga kirishi revmatizm, binafsharang tus olishi esa surunkali temir tan-qisligi (kamqonlik) xastaliklarining alomati hisoblanadi. Lablarning ikki yoni yorilib, bichilsa, demak, organizmda V vitamini yoki ruh moddasi etarli emas. Shunday ekan, ko‘zguga qarab, lablarga bo‘yoq surtishdan avval ularning rangi o‘zgarmaganligiga ham ahamiyat berish yodingizdan ko‘tarilmasin.
KAFTLAR QIZG‘ISh TUS OLSA...
Ba’zan qo‘l kaftlarining qizg‘ish tus olganligiga guvoh bo‘lish mumkin. Buni oddiy hol deb baholamang. Aynan shu belgi jigar xastaligining darakchisi bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, salomatligingizga bee’tibor bo‘lmang.
OYoQLAR MUZLASA... Ayrim hollarda oyoqlar issiq uyda ham muzlab turadi. Bu tomirlar bilan bog‘liq kasalliklarning ilk alomati ekanligini ko‘pchilik bilmaydi. Bu esa kichik muammoning kattalashishiga sabab bo‘lishi mumkin.
NOMSIZ BARMOQ YaLLIG‘LANIShDAN DARAK BERADI Agar ko‘rsatkich barmog‘ingiz nomsiz barmog‘ingizdan kalta bo‘lsa, siz tizza bo‘g‘imlari yallig‘lanishi xastaligiga moyil kishilardan hisoblanasiz. Shunday ekan, o‘zingizni bunday kasalliklar iskanjasidan doim himoyalab yurmog‘ingiz lozim.
AJINLAR...
Yoshingiz 30 dan endigina o‘tdi. To‘g‘ri, bu davrda yuzingizda mayda chiziqlar paydo bo‘lishi, tabiiy. Biroq quloq solinchaklaringizda ham ajinlar paydo bo‘lsa, organizmingizda yurak qon-tomir xastaliklarining rivojlanayotganidan darak berayotgan bo‘lishi mumkin.
Agar yuqoridagi belgilarning birortasini sezsangiz, tezda shifokorga murojaat qiling. Zero kasallikni davolagandan ko‘ra, uning boshlanishini to‘xtatish osonroq.
Sevara TOShMUQIMOVA Shifo-info.uz
Ovoz berish: