Shifo.uz Ratsional ovqatlanish Immunitet va ovqatlanish

Immunitet va ovqatlanish

Immunitet va ovqatlanish

Savollarga Toshkent shahridagi 40-oilaviy poliklinika shifokor-immunologi Nodira RAHMATULLAEVA javob beradi.
«Onam menga bir xil ovqatlanish immunitet pasayishiga olib keladi, deb ko‘p tayinlaydi. Shuning uchun doim bo‘tqalar, baliq va turli salatlarni iste’mol qilishga undaydi. Menga esa bodroq, qovurilgan kartoshka (chips)lar yoqadi. Immmunitetni mustahkamlashda ovqatning o‘rni kattami? Menimcha, immunitetni sport bilan shug‘ullanish hamda chiniqish bilan mustahkamlash mumkin».
Nodira Mavlonova, Namangan viloyati.
 — Immunitet organizmning dushmani bo‘lmish — virus, bakteriyalar hujumidan himoya qiluvchi tizimdir.
Immunitetimizning mustahkamligida sportning ham o‘rni katta, albatta. Ammo buning o‘zi etarli emas. Sport to‘g‘ri ovqatlanish bilan birga olib borilmasa, foydasi sezilmaydi.
Ovqatlanish —  bu organizmga kerak bo‘lgan barcha zaruriy moddalarning etkazib berilishidir. Bu organizm faoliyatining izdan chiqmasligini hamda kasallanmasligini ta’minlaydi. Buning uchun esa taomlarimizda ana shu zaruriy moddalar bo‘lishi kerak.
Onangiz to‘g‘ri aytayapti, agar siz qovurilgan kartoshka (chips), bodroq kabi tayyor mahsulotlarni iste’mol qilsangiz, jigaringiz ishini og‘irlashtirib qo‘yishingiz mumkin. Immun tizimi barcha ichki a’zolar faoliyatiga bog‘liq bo‘lganligi uchun ulardagi salbiy o‘zgarishlar darhol immun tizimiga ta’sir qiladi. Shuning uchun a’zolarga «yoqmaydigan» taomlar immunitetning pasayishiga sabab bo‘ladi. Natijada u hujum qilayotgan mikroblarga qarshi kurasha olmaydi va odam turli kasalliklarga chalinib qolishi mumkin. Bunday bo‘lmasligi uchun to‘g‘ri ovqatlanishga o‘rganing.
Masalan, tushlikda maktab oshxonasidan chipslar o‘rniga sho‘rva yoki pьyure (istasangiz, kotleti bilan), bodroq o‘rniga sulili pechenьelar olishingiz mumkin.
 «So‘nggi kunlarda ochlik bilan davolanish haqida ko‘p eshityapman. Shu usul bilan immunitetni ham ko‘tarish mumin ekan. Shu to‘g‘rimi?»
Kamola Yo‘lchieva, Toshkent viloyati Qibray tumani.
— Ba’zi tabiblar ochlik immun tizimini mustahkamlaydi, deb odamlarni ishontirishadi.
Aslida esa aynan ochlik organizmning immun tizimini kuchsizlantiradi.
Bu ilmiy tomondan isbotlangan. Negaki, och qolgan organizm o‘zidagi barcha vitamin va minerallar zahirasini sarflab bo‘lgach, himoya tizimiga ketadigan «yonilg‘i»ni etkazib bera olmaydi.
Siz ochlik o‘rniga to‘g‘ri ovqatlanishga ahamiyat bering. Ovqatlar vitamin va minerallarga boy bo‘lishi zarur. Buning uchun sabzavotli taomlarni, turli mevalarni iste’mol qilish kerak.

Manba: Shifo-info.uz

6 ta ovoz
Ovoz berish:
1 2 3 4 5