Shifo.uz Bolalar Salomatligi KICHKINTOYINGIZ SOG‘LOM O‘SSIN

KICHKINTOYINGIZ SOG‘LOM O‘SSIN

KICHKINTOYINGIZ SOG‘LOM O‘SSIN

Hayotingizda yangi oila a’zosi paydo bo‘lganligi bilan tabriklaymiz! Bu kichik, beozor bola uzoq yillar davomida umringiz mazmuniga aylanib, sizga baxt va quvonch keltirsin. Albatta, siz bu kichkintoyni uzoq va mazmunli hayoti davomida sog‘¬lom, baxtli, quvnoq o‘sishini xohlaysiz. Lekin siz hamma vaqt bola bilan qanday muloqotda bo‘lishni bilmasligingiz mumkin. O‘ylaymizki, e’tiboringizga havola qilinayotgan mazkur qo‘llanma farzandingiz sog‘lom o‘sib-ulg‘ayishida sizga yordam beradi.
SIZNING YANGI TUG‘ILGAN ChAQALOG‘INGIZ
Birinchi haftada ota-onada bolaga nisbatan vaqti-vaqti bilan bexotirjamlik paydo bo‘lishi mumkin
Kindik. Ko‘pincha chaqaloqning kindik qoldig‘i tug‘ruqdan so‘ng 4-6-kuni tushadi va tuzala boshlaydi. Ba’zan bu jarayon cho‘zilishi mumkin. Uyga javob bo‘lgandan so‘ng bolaning kindik qoldig‘iga alohida e’tibor talab qilinmaydi, faqatgina har kungi choyshablarni dazmollab toza saqlab turish lozim. Agar kindik qoldig‘ida qizarish, ajralma, hid paydo bo‘lsa, tezlik bilan bolalar xirurgiga yoki oilaviy shifokorga murojaat qiling.
Teri. Ko‘pincha yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning yuz terisi va badanida qizil dog‘lar paydo bo‘ladi. Bu dog‘lar tez o‘tib ketadi. Ayrim vaqtda belning pastki qismida dog‘lar kam bo‘lib, dumbasida ko‘kimtir dog‘lar uchraydi, bu holatlar o‘tib ketadi. Shuningdek, go‘daklarning burun va ko‘z atrofida mayda oq donachalar bo‘lishi mumkin. Bu esa davo talab etmaydi va tezda yo‘qoladi.
Sochlar. Ko‘pgina bolalar qalin soch¬lari bilan, ba’zilari esa kam sochlar bilan tug‘iladi. Deyarli hamma sochlar to‘kiladi va o‘rniga yangi sochlar chiqadi. Ko‘pgina chaqaloqlarning badanida, peshona va yonoqlarida momiq sochlar bo‘ladi. Ular asta-sekin to‘kilib ketadi.
Liqildoq. Bolangizning boshida yumshoq joy borligini sezishingiz mumkin (katta liqildoq). Ensa sohasida yana bir kichik liqildoq mavjud. Bir necha oy mobaynida suyaklar o‘sib, shu joyni yopib qo‘yadi. Bu qismdagi teri qavatining qalinligi sababli boshni yuvish xavfsizdir.
Ko‘z. Bola tug‘ilgandan so‘ng ko‘p holatlarda qovoqlari shishgan, ko‘zida qizil nuqtalar bo‘ladi. Bu shish va qizil nuqtalar sekin-asta yo‘qoladi.
Og‘iz. Tilning oqarishi bolaning sut emishi bilan bog‘liqdir. Og‘iz bo‘shlig‘ining oqarishi artganda qiyin ketishi infektsiya borligini ko‘rsatadi va bu holat davo talab etadi.
Lablar. Bolaning yuqoridagi labida emishdan keyin pufakcha paydo bo‘lishi mumkin. Bu holat davo talab qilmaydi.
Ko‘krak. Chaqaloqlarda ko‘krak bezlari ba’zida shishgan bo‘ladi va undan sut chiqishi mumkin. Bu shishlar bola hayotining birinchi haftasida yo‘qoladi. Shishlarni hech qachon siqmaslik lozim, aks holda ko‘krak bezlariga shikast etkazish mumkin.
Najasi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning najasi dastlab to‘q yashil rangli shilimshiq modda chiqaradi. Sut bilan emizish davomida bu modda sekin-asta sarg‘ayib suyuqlashadi.
Siydik. Bola juda tez siyib turadi, bu holatga tayyor bo‘ling, vaqtida choyshablarini almashtiring. Ba’zida qiz bolalarda kam miqdorda qonsimon ajralma kelishi mumkin. Bu holat tibbiy davoga muhtoj emas va tezda o‘tib ketadi.
GO‘DAKNI PARVARISHLASH
Bola hayotining birinchi daqiqasidan boshlab unga eng keraklisi bu – issiqlik, to‘g‘ri ovqatlanish, tozalik, xotirjam uxlashi uchun joy, kasallik va jarohatlardan asrash hamda eng asosiysi oila mehridir.
Xona harorati etarli darajada issiq (+20-22oS) bo‘lishi lozim. Bola yotog‘ini derazaga, sovuq devorga yaqin qo‘ymaslik va eng muhimi elvizakdan saqlash lozim. Bolani cho‘miltirish va kiyintirish vaqtida sovuqqotishdan saqlash kerak. Bola issiqlikni ham og‘ir kechiradi, shu sababli bola yotog‘ini pechka yoki elektr isitgichlar yaqiniga qo‘ymaslik hamda tik quyosh nurlaridan saqlash lozim.
Go‘dak yashaydigan xona haroratini kerakli holatga keltirish uchun xonani muntazam ravishda shamollatib turish lozim. Bu nafaqat xona haroratini o‘zgartirish uchun, balki havoni ham tozalashga yordam beradi, chunki bolalarda kislorodga bo‘lgan ehtiyoj kattalarga nisbatan ko‘pdir. Shu bilan birga bola yotgan xonaning nam¬ligini ham e’tiborga olish lozim, shuning uchun ochiq idishda (masalan, oddiy bankada) suv saqlash kerak. Go‘dakni tamaki tutunidan saqlang, uyda chekishga yo‘l qo‘ymang.
Go‘dagingizga kiyim, choyshab tanlashda har doim tabiiy matolardan yaratilgan narsalarni tanlang. Sun’iy tolalar bolangizning terisiga havo o‘tkazishni cheklaydi va allergik toshmalarni yuzaga keltirishi mumkin.
Go‘dakni qalin o‘ramang, bu badan qizishiga, emishdan voz kechishga hamda kuchli terlashga olib keladi.
Bolaga engil va issiq yoping‘ich tanlash lozim. Go‘dakka yostiq kerak emas. Go‘dakning badani toza saqlanishini ta’minlang. Bolani iliq suv bilan yuvintiring, ko‘zlar qaynatilgan iliq suvda ho‘llangan paxta bilan alohida-alohida artiladi. Burunlari yumshoq paxta bilan tozalanadi.
Bolaning kiyimi yoki choyshabini almashtirganda uni yuvintiring yoki nam sochiq bilan arting va har gal ichi kelishidan so‘ng albatta yuvintiring. Qiz bola oldindan orqaga qaratib yuvintiriladi, o‘g‘il bolani esa qo‘lingizga qorin bilan yotqizib, yuvintirish mumkin.
CHO‘MILTIRISH
Bolangizni cho‘miltirishdan oldin kerakli buyumlarni: tog‘ora yoki vannachani (bola uchun alohida bo‘lishi maqsadga muvofiqdir), bolalar sovuni, bolalar shampuni, cho‘miltirgandan so‘ng bolani o‘rash uchun sochiq yoki choyshabni tayyorlab qo‘yish lozim. Xona cho‘miltirish uchun kerakli darajada issiq bo‘lishiga e’tiborni qarating. Har doim tog‘ora yoki vannaga oldin sovuq suv quyish, keyin esa issiq suvni qo‘shish lozim. Agar qo‘l ostingizda termometr bo‘lmasa va siz suvning haroratini aniqlay olmasangiz, eng oddiy usul – tirsagingizni suvga tekkizing. Agar siz iliq, yoqimli haroratni sezsangiz, demak suv harorati bolani cho‘miltirish uchun to‘g‘ri keladi. Bolani cho‘miltirishda oila a’zolaringiz yordam berishi mumkin.
UYQU
Bola birinchi oylarda sutkasiga o‘rtacha 16-18 soat uxlaydi. Ko‘pgina oilalarda bolani uyqu vaqtida beshikka solishadi. Bu bolaning harakatiga xalaqit beradi. Harakat suyak-mushak tizimni rivojlantiribgina qolmay, butun organizmni ham tetiklashtiradi. Bola harakatlanganda nafas olishi yaxshilanadi va organizmdagi to‘qimalarga kislorod etkazib berish yaxshi ta’minlanadi. Bola ko‘p vaqtni beshikda o‘tkazsa, uning ota-onasi, atrofdagilar bilan muloqoti kamayadi. Bu esa bola ruhiyatiga salbiy ta’sir qilib, aqliy rivojlanishdan orqada qoladi. Bola qancha ko‘p harakatlansa, miya shunchalik tez rivojlanadi. Shuning uchun erkin yo‘rgaklash bola uchun muhimdir.
SAYR QILDIRISH
Bu go‘dakning asosiy parvarishlaridan biridir. Ko‘pincha onalar urf-odatlarimizga bo‘lgan e’tibori yoki vaqt topa olmasligi sababli bolani sayr qildira olmaydilar. Yoz vaqtlarida bolani o‘rtacha 1,5-2 soat sayr qildirish lozim. Bizning iqlim sharoitimizda bola uchun sayr qilish ertalab va kechqurungi vaqtlarga to‘g‘ri keladi.
KO‘KRAK SUTI BILAN OVQATLANTIRISH
6 oylikkacha ovqatlantirishning eng qulay usuli – bu ko‘krak suti bilan ovqatlantirishdir. Tug‘ilgandan so‘ng bola birinchi 15-30 daqiqadan so‘ng ko‘krak ustiga qo‘yiladi. Onada tug‘ruqdan keyin birinchi kunlarda ko‘krak bezlaridan og‘iz suti keladi. Og‘iz suti chaqaloq uchun juda foydalidir. U engil hazm bo‘luvchi oqsil, uglevod, kerakli mikroelementlar va suvdan iborat. Ko‘krak sutining afzalligi shundaki, bolani vitaminlar va oziqlantiruvchi moddalar bilan qoniqtiradi. Bolani o‘zi qoniqqancha ko‘krak bilan emizish kerak. Tungi emizish oralig‘i 4-6 soatdan oshmasligi lozim.
Go‘dak ona suti bilan oziqlantirilgan vaqt¬da, hatto issiq kunlarda ham, bosh¬qa qo‘shimcha suyuqliklarni berish shart emas. Ona suti go‘dakni har xil kasalliklardan xalos etadi.
Yangi tug‘ilgan go‘dakning ovqatlanishi uchun tabiat yaratgan yagona maxsus mahsulot – bu ona sutidir.
* Ona sutining tarkibi bolaning ehtiyo¬ji uchun kerak bo‘lgan oqsil, yog‘, uglevod, vitaminlar, minerallardan iborat.
* Ona suti tarkibi asosiy fermentlardan iborat. Bu fermentlar oqsil, yog‘, uglevodlarni hazm qilishga yordam beradi.
* Ona suti tarkibida yuqumli kasalliklar (yuqumli ichak xastaliklari, gepatit, bo‘g‘ma, qoqshol va boshqa kasalliklar)dan saqlovchi hujayralar mavjud.
* Ona sutida o‘sishni, jismoniy va aqliy rivojlanishni ta’minlovchi moddalar mavjud.
* Emizish vaqtida ona va bola o‘rtasidagi yaqinlik, mehr bola hayotida saqlanib boradi.
Ona sutining bolaga etarli bo‘lishi uchun nima qilish kerak? Buning uchun ona kunduz kuni dam olishi va uxlashi lozim. Unga og‘ir uy yumushlarini bajarish man etiladi. Ona sarflangan quvvatni va sutni to‘ldirish uchun to‘yimli ovqatlanishi kerak. Emizadigan ona uchun bir kunda 5 mahal, emizishdan 30-40 daqiqa oldin ovqatlanish tavsiya etiladi.
Suyuqlik miqdori kuniga (sho‘rva, sabzavot va boshqalar) o‘rtacha 2 litrni tashkil qilishi lozim. Ona suti bilan emizish vaqtida shokolad, kakao, tabiiy kofe, tsitrus mevalar (apelьsin, mandarin), asal, yong‘oq kabi mahsulotlarni chegaralash lozim. Piyoz, sarimsoq piyoz hamda dorivorlar ona sutiga ta’m va hid beradi. Shuning uchun ularni kamroq iste’mol qilish lozim. Emizikli ayollarga spirtli ichimliklar iste’mol qilish qat’iyan man etiladi.
Ko‘krak suti bilan emizganda kelib chiqadigan xatolar
* Onalar bolani soat bo‘yicha emizishga harakat qiladilar.
* Ko‘krakda mastit kasalligi bo‘lsa emizmaydilar (faqat kasal ko‘krak emas, balki sog‘ ko‘krakni ham bermaydilar).
* Dori ichib yurgan vaqtda emizishni to‘xtatadilar (shifokor bilan maslahatlashing).
* Ko‘krak suti etmaydi deb sun’iy oziqlantirishga o‘tadilar.
* Ko‘krakni to‘g‘ri bermaslik: emizganda ko‘krakning faqat uchini emas, balki ko‘krak uchi atrofini ham go‘dakning og‘ziga berish kerak.
QO‘SHIMCHA OVQATLANTIRISH
Agar bolangiz ko‘krak sutini emsa, unga birinchi qo‘shimcha ovqatni 6 oylikdan boshlab berish kerak. To 6 oylikkacha boshqa ovqat va suyuqliklar: suv, choy, har xil aralashmalar berish mumkin emas. Agar bola 4 oylik va undan katta bo‘lganda unga yaxshi vazn qo‘shilmasa, qo‘shimcha ravishda qo‘shimcha ovqatlantirishni boshlash kerak.
Qo‘shimcha ovqatlantirishning asosiy tartib-qoidalari
* Qo‘shimcha ovqatlar qoshiqcha bilan beriladi.
* Qo‘shimcha ovqat bergan vaqtda kichik miqdordan (1-2 qoshiq) boshlab, 2 hafta davomida kerakli miqdorga etkazish lozim.
* Birinchi qo‘shimcha ovqatni sabzavotli bo‘tqadan boshlash kerak.
* Agar bolaning vazni oyiga mos kelmasa, uni 4 oylikdan boshlab qo‘shimcha ovqatlarga o‘tkazish kerak. Buning uchun 5 % manniy bo‘tqasi va sabzavotli bo‘tqadan 1-2 mahal emgandan so‘ng berish kerak.
* Qo‘shimcha ovqat tarkibiga go‘sht, sabzavot, meva, don, tuxum, sut mahsulotlari (suzma, qatiq) kirishi kerak.
* Suyultirilmagan sigir suti va sut mahsulotlarini 9 oygacha berish mumkin emas, sutdan faqat 6 oylikdan bo‘tqa tayyorlash uchun foydalanish lozim.
* Bolaga qora va ko‘k choy berish qat’iyan man etiladi.
Har bir qo‘shimcha ovqatda bola:
* 6-7 oyda: 10 osh qoshiq (150 ml) ovqat;
* 8-10 oyda: 12 osh qoshiq (180 ml) ovqat;
* 11-12 oyda: 15 osh qoshiq (225 ml) ovqat bilan ta’minlanishi kerak.
* Agar 6-12 oylik bolaga ko‘krak suti berilmasa, 15 osh qoshiqda qo‘shimcha ovqat (225 ml) berilishi lozim.
Etarli miqdorda quyuq ovqatlar bering
6-12 oylikda berilishi kerak bo‘lgan mahsulotlar:
* sabzavotli bo‘tqa (kartoshkali yoki sabzili, 1 choy qoshiq sariyog‘);
* go‘shtli, guruchli yoki xamirli sho‘rva;
* maydalangan yoki pishirilib qir¬g‘ichdan o‘tkazilgan go‘sht (jigar, tovuq, mol, yog‘siz barra qo‘y go‘shti, baliq), tuxum sarig‘i;
* quyuq guruchli, manniy bo‘tqasi yoki grechkali bo‘tqa 1 qoshiqcha sariyog‘ bilan;
* donli mahsulot bo‘tqasi.
Agar bola ichishni xohlasa unga quyi¬dagilarni bering:
* qaynatilgan suv, uyda tayyorlangan mevali va sabzavotli sharbat, qatiq, shirin bo‘lmagan kompotlar.
Qo‘shimcha ovqatlar bilan birgalikda, ko‘krak suti 2 yoshgacha bolalar uchun bebaho ozuqa hisoblanadi.
Emlashdan keyin kelib chiqadigan holatlar
Emlashdan keyingi holatlar organizmning javobli reaktsiyasi hisoblanadi. Ko‘pincha bolada injiqlik, haroratning ko‘tarilishi, emlangan joyda qizarish, og‘riq kuzatiladi. Ko‘pincha AKDS reaktsiyasi vaktsinani olganda kuzatiladi. Bu holat 2-5 kunda o‘tib ketadi. Agar muolaja qilingan joyda tugun hosil bo‘lsa, 20-30 kundan keyin o‘tib ketadi. Harorat ko‘tarilganda paratsetamol tabletkasi beriladi. Dori miqdorini shifokor belgilaydi.
1 YoShGAChA BO‘LGAN BOLANING O‘SIShI VA RIVOJLANIShI
Odatda bolalar har xil rivojlanadi. Vaqti kelib ular kulish, o‘tirish, yurishni o‘rganadilar. Har oy shifokor huzuriga borib, bolaning bo‘yi, og‘irligi, jismonan o‘sishini kuzatib boring.
Bola o‘sishining eng tez muddati
1 yilning birinchi choragiga to‘g‘ri keladi. Bo‘yining umumiy o‘sishi 12 oyligida 25 sm. atrofida. Bola tana vaznining ko‘payishi notekis bo‘lib, 5 oyligida 2 marta ko‘paysa, yil oxiriga borib 3 baravar ko‘payadi.
1 oylik bola turli xil ishoralarga kuladi. 2 oyligida qornida yotib boshini tuta biladi, qo‘l-oyoqlarini o‘ynatadi. 3-4 oyligida o‘yinchoqlarni o‘zi olib, qo‘lida ushlab turadi. 3-5 oylikda bola orqasidan qorin sohasiga aylanadi. 5-7 oyligida mustaqil o‘tira oladi. 6-8 oyligida birovning yordami bilan tik tura oladi. 6-9 oyligida emaklaydi, suyuqlikni piyoladan icha oladi. 8-10 oyligida birovning yordami bilan yura oladi. 9-11 oyligida mustaqil tik tura oladi, qiyin bo‘lmagan so‘zlar "av-av", "ada" deya oladi. 10-12 oyligida mustaqil yura boshlaydi. Oddiy so‘zlar zaxirasi 10 taga yaqin bo‘ladi.
SIZ VA SIZNING BOLANGIZ DUCh KELADIGAN BA’ZI MUAMMOLAR
Nima uchun bolalar ko‘p yig‘laydi?
Yig‘i – bu bola kattalarni o‘ziga qaratish holatidir. Qachonki bola och qolsa, tagi ho‘l bo‘lsa, bir joyi og‘risa yoki kim bilandir gaplashishni istasa yig‘lashi mumkin. Ko‘pincha yig‘lashning asosiy sababi ichaklarda gaz almashinuvining buzilishidir. Buning uchun bola qornini soat yo‘nalishi bo‘yicha bolalar malhami bilan uqalash tavsiya qilinadi. Gazni haydash uchun bolani qorni bilan yotqizish kerak. Agar bola hech qanday sababsiz yig‘lasa, uni chalg‘itish uchun ashula aytishga, she’r o‘qishga, har xil qiliqlar qilishga kirishing. Bolaga qarashga opa-akalarini jalb qiling. Bu sizga nafaqat osoyishtalik yaratadi, balki kelajakda ularning bir-biriga mehribonchiligiga asos bo‘ladi.
QUSISH
Erta davrda bolada qusishga moyillik bo‘ladi. Qusish vaqtida sut burun xalqumidan o‘rta quloqqa o‘tib, yallig‘lanishni keltirib chiqarishi mumkin. Bu esa quloq og‘rishiga sabab bo‘ladi. Buning oldini olish uchun bolani beshikda emas, balki qo‘lga olib emizish, emizganda ham bolaning boshini bir oz ko‘tarish kerak.
Bola emayotgan paytda yutgan havoni kekirib chiqarib yuborishi uchun, uni qisqa muddat tikroq qilib ko‘tarib yurish tavsiya qilinadi; bunda uning elkasidan pastrog‘iga astagina urib qo‘yish ham mumkin.
ISSIQLIK VA BICHILISH
Issiqlik toshishi – ko‘pincha gigiena qoidalariga rioya qilmaslik va haddan tashqari isib ketish natijasida kelib chiqadi. Issiqlikning badandagi ko‘rinishi mayda qizil nuqtachalardan iborat. Bolani iliq suvda cho‘miltirish issiqlikni davolashda yordam beradi. Qizarish ko‘pincha dumba, chov va tabiiy teri bo‘g‘malarida paydo bo‘ladi. Bu holat – terining ifloslanishi, siyish, ich ketishi, terini yaxshi parvarish qilmaslik natijasida yuzaga keladi. Dastlabki bichilish va teridagi qizarish, keyinchalik yiringchali teri kasalliklariga aylanishi mumkin. Buning oldini olish uchun bolani vaqti-vaqti bilan cho‘miltirib turish va artish kerak.
BOSHNING SOCHLI QISMIDAGI QAZG‘OQ
Qazg‘oq – ter va yog‘ bezlaridan chiquvchi qalin sarg‘imtir po‘stloqdan iborat. Ko‘pincha bu holat ko‘p terlash, noto‘g‘ri ovqatlanishdan kelib chiqadi. Qazg‘oq hosil bo‘lishining oldini olish uchun cho‘milishdan 30 daqiqa oldin boshning sochli qismiga tozalangan o‘simlik yog‘i surtiladi. Cho‘miltirish vaqtida bu po‘stloqchalar tez ko‘chadi. Agar soch ko‘p bo‘lsa, ajralgan po‘stloqchalarni yuvishdan oldin sekinlik bilan artish kerak. Bu muolajani har safar ehtiyotkorlik bilan bajarish lozim.
TISHLARNING YORIB CHIQISHI
Bolaning birinchi sut tishlari 6-8 oylikda yorib chiqadi. Tishlarning yorib chiqish belgilari – yorib chiqayotgan tishlarning milkida shish va qizarishlar ko‘rinishidir. Bolada so‘lak ajralishi kuchayadi. U bezovta, injiq, qo‘liga tushgan buyumlarni og‘ziga solib, milklarini qichiydi. Ko‘pincha tana harorati ko‘tarilishi kuzatiladi, lekin harorat 37,7oS dan oshmaydi. Odatda, bu yoshdagi bolalarda haroratning ko‘tarilishi va axlatning suyuqlanishi tish chiqishi bilan bog‘liq bo‘ladi, deb noto‘g‘ri fikrga boriladi. Bunday holatda albatta shifokor bilan maslahatlashish shart!
Bu parvarish turlariga qaramasdan, bola kasal bo‘lishi mumkin. Shifokor qachon chaqirishi va qaysi vaqtda bu holatdan chiqa olishingizni bilishingiz kerak.
Agar farzandingizda quyida ko‘rsatilgan belgilarning birortasi yoki ulardan bir nechtasi kuzatilganda, tezda shifokorga murojaat qilish kerak!
* Bolaning bezovtaligi yoki to‘xtovsiz yig‘lashi;
* Bola xirillashli, tezlashgan, qi¬yinlashgan, shovqinli nafas olishi;
* Tutqanoq xurujlari bo‘lishi;
* Haroratning ko‘tarilishi (38,5oS dan baland);
* Haroratning pasayishi (35,5oS dan past);
* Emishdan bosh tortishi;
* Qusish holatining paydo bo‘lishi;
* Ich ketishi (diareya);
* Go‘dak terisining rangi o‘zgarishi va toshma paydo bo‘lishi;
* Ko‘zdan suyuq yoki yiringli ajralma kelishi;
* Kindik atrofining qizarishi, undan suyuq yoki yiringli ajralma chiqishi;
* Axlatda qon va shilimshiqning paydo bo‘lishi;
* Bolaning tashqi ta’sirlarga befarq¬ligi.
Har qanday kasalliklar va ularning asoratlarini vaqtida oldini olsangiz, farzandlaringizning sog‘lom o‘sishiga ko‘maklashgan bo‘lasiz!
RAXIT NIMA?
Raxit – vitamin Dning etishmasligi natijasida kelib chiqadigan kasallikdir. Raxit bilan kasallangan bolalarda qo‘rqoqlik, ta’sirlanuvchanlik, injiqlik, holsizlik kuzatiladi. Ko‘p terlash, ayniqsa, emizgan vaqtda ter tomchilarining yuzda paydo bo‘lishi yoki uyqu paytida ensa sohasining terlashi kuzatiladi. Bolani bosh qichishi bezovta qiladi, u boshini yostiqqa ishqalaydi, buning natijasida ensa sohasidagi sochlar to‘kiladi.
Bu holatning oldini olish uchun toza havoda sayr, ona suti bilan boqish, parvarishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish lozim. Shifokor maslahati bilan vitamin Dni qish va kuz oylarida berish kerak.
DIATEZ NIMA?
Diatez – bola organizmining muhim holati bo‘lib, moddalar almashinuvining buzilishi natijasida kelib chiqadi. Ayrim oziq-ovqat mahsulotlarini (ko‘pincha sut, tuxum, asal, tsitrus mevalar, shokolad, qulupnay) ko‘tara olmaslik holatlari kuzatiladi. Teridagi o‘zgarishlar bola hayotining birinchi haftalarida, ayniqsa, ikkinchi yarim yillikda, ovqatning har xil bo‘lishida kuchli namoyon bo‘ladi. Bu o‘zgarishlar 3-5 yildan so‘ng yo‘qoladi. Belgilari yonoqda, qosh tagida sariq rangli dog‘lar yuzaga keladi, teri qizarib ko‘chishi, boshning sochli qismida po‘stloqchalarning yuzaga kelishi kuzatiladi.
DIAREYA NIMA?
Diareya (ich ketish) – bu ko‘pgina holatlarda ovqat mahsulotlarining tarkibi va ovqatlanish tartibi o‘zgarishiga bog‘liq bo‘lgan hazm faoliyatining buzilishidir. Diareya asosan kasalliklarga qarshi kurash faoliyati susaygan bolalarda kelib chiqadi. Belgilari: sutkasiga 5-6 mahal suyuq ich o‘tishi, ich o‘tishining tez-tez bo‘lishi, bolaning bezovtaligi, qo‘zg‘aluvchan yoki uyquchan bo‘lishi, ko‘zlarining ichga botishi, chanqash. Agar bola suyuqlikni tutoqib ichsa yoki yaxshi ichmasa, axlatida qon bo‘lsa tezda yordam ko‘rsatish va ovqatlanishni tartibga solish maqsadida vrachga murojaat qilish zarur.
GIPOTROFIYA NIMA?
Gipotrofiya surunkali oziqlanishning buzilishi, tana og‘irligining yo‘qolishi bilan kechadi. Asosiy sabablari: onada sut miqdorining etishmovchiligi, noto‘g‘ri emizish, sun’iy sutli bo‘tqalarni uzoq vaqt davomida berish, chala tug‘ilish, to‘yimsiz va bir xil ovqat, yomon parvarish, tartibning buzilishi, toza havoda kam yurish, oshqozon-ichak kasalliklaridir. Belgilari: bolada vaznning yo‘qolishi, bo‘y va rivojlanish keskin orqada qolishi kuzatiladi. Teri oqimtir, osiluvchan, quruq, burmali bo‘lib qoladi.
DISPLAZIYA NIMA?
Displaziya – bola ona qornidaligida chanoq son suyagi to‘qimalarining to‘liq rivojlanmaganidan kelib chiqadigan holatdir.
Siz bunday bolalarni qanday qilib aniqlashingiz mumkin?
* Oyoq uzunligining har xilligi;
* Orqa tomondan qaraganda bolaning dumba va son sohasidagi teri burmalari assimetrik yoki bir tomonda burmalarning yo‘qligi;
* Oyoqlarini qimirlatganda bolaning injiqlik qilishi;
* Tovonning tashqi tomonga qarashi.
FIMOZ NIMA?
* Ba’zan o‘g‘il bola tug‘ilganda oxirgi teri olat boshchasini yopib qo‘yadi. Fimoz – bu teri olatni siqib qo‘yishi natijasida olat boshchasining chiqishi qiyinlashuvidir. Siydik chiqishi buzilmagan, shikastlar bo‘lmagan bo‘lsa – fiziologik fimoz deyiladi. Bu holat o‘z-o‘zidan o‘tib ketadi.
Tavsiyalar – bolani chiniqtiring
* Bolaning jinsiy a’zosi doimo toza bo‘lishi lozim;
* Fimoz bo‘lsa bolalar jarrohidan maslahat olish kerak;
* Ko‘p hollarda tashqi terining yallig‘lanishi, olatning qizarishi, tashqi terining ichki qismida yiring ajralishi, siygan vaqtda og‘riq kuzatiladi. Bunday hollarda ham shifokorga murojaat qilish kerak.
BOLANGIZNING XAVFSIZLIGI HAQIDA O‘YLANG
Bolangiz o‘sishi bilan, atrof-muhitdagi har bir narsa unga qiziq tuyuladi, chunki u o‘zini o‘rab turgan muhit haqida hech narsa bilmaydi. Siz bolangizga biror narsani man qilishingiz, lekin bola man qilingan narsani kechroq anglab etishi mumkin. O‘z oldingizga savol qo‘ying: "Uyda bolangizni qanday qilib xavfdan asrashingiz mumkin?" Birinchi navbatda uyingizdagi xavf¬li joylarni qidirib toping.
Bolalik yoshidagi shikastlanishlarning asosiy sabablari:
* tepalikdan sakrash;
* buyumlarning bola ustiga tushishi;
* kuyishlar;
* har xil turdagi zaharlanishlar;
nafas yo‘liga yot jismning tushishi.
DOIMO ESDA TUTING!
Bolangizning qo‘lidan hamma narsa keladi. Bola emaklashni boshladimi, uni yolg‘izlatib qo‘ymang. Katta bolalar zimmasiga ham yuklamang. Ko‘pincha bolaning barmoqlari eshik tirqishiga kirib qolishi mumkin, elektr rozetkalarni maxsus yopqich bilan yopish kerak. Bolalar o‘tkir buyumlarni ushlab olishi mumkin. Og‘ir jismni ustiga tushirib yuborishi, issiq choy yoki qaynoq suvni ustiga to‘kishi mumkin.
Bolaning yutish refleksi tug‘ilgandan boshlab yuzaga kelib, bola hamma narsani og‘ziga olishi mumkin. Og‘ziga jismlarni solishi 5 oylikdan boshlanadi, nimani topsa ta’mini bilgisi keladi. Bu bola hayotiga yoki sog‘ligiga xavf solishi mumkin. Bolangizni bu xavflardan asrang!
Bola hayotining birinchi yili ajoyib yildir. Ko‘zimizning oldida, qisqa muddat ichida sizning kichik, yordamga muhtoj bolangiz yangi qiliqlarni chiqaradi – yurishni, gapirishni, o‘z-o‘zini boshqarishni o‘rganadi. O‘z bolangizdan quvoning, u bilan ko‘proq muloqotda bo‘ling, o‘ynang, iloji boricha u bilan suhbatlashing.
Biz sizga va bolangizga baxt hamda sog‘lik tilaymiz!

Manba: uzssgzt.uz

273 ta ovoz
Ovoz berish:
1 2 3 4 5