Shifo.uz Maqolalar KO'ZLARINGIZNI ASRANG

KO'ZLARINGIZNI ASRANG

KO'ZLARINGIZNI ASRANG

Ko‘z inson tanasidagi eng muhim a’zolardan biri sanaladi. U kishiga yorug‘ olamni ko‘rish, dunyo go‘zalliklaridan bahra olib yashash imkonini beradigan bebaho mo‘’jizadir. Ko‘zlar kasallanmasligi uchun har bir odam ularni mudom asrab-avaylashi, 40 yoshdan oshgandan so‘ng esa har olti oyda shifokor ko‘rigidan o‘tib turishi lozim.
50 yoshdan oshgan odamlar orasida eng ko‘p uchraydigan ko‘z kasalliklaridan biri glaukomadir. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, 40 yoshdan oshgan aholi orasida ushbu kasallikning uchrashi 20-30 foizni tashkil qilar ekan.
Glaukoma – ko‘z ichki bosimining oshishi xastaligidir. Xalqimiz uni ko‘k suv, nazla deb ham atashadi. Xastalik kelib chiqishining sabablari turlicha. Masalan, ko‘zdagi ayrim kasalliklar, jarrohlik operatsiyasi yoki ba’zida uning shikastlanishlari tufayli ko‘z ichki suyuqligi aylanishi buziladi. Natijada uning drenaj qobiliyati funktsiyasi izdan chiqib, ko‘z ichki bosimi oshib ketadi. Tug‘ma glaukoma xastaligi homilador onaning turli infektsiyalar bilan og‘rishi, stressga uchrashi, dori vositalarini pala-partish qabul qilishi natijasida kelib chiqadi va chaqaloq ushbu kasallik bilan tug‘iladi.
Birlamchi glaukoma 40 yoshdan so‘ng paydo bo‘ladi. Avval bir ko‘z kasallanadi, keyinroq u ikkinchisiga o‘tadi. Uning ikki turi mavjud. Birinchisi, ochiq burchakli glaukoma bo‘lib, ko‘zning drenaj funktsiyasi qisman saqlanganligi tufayli bemorda shikoyatlar bo‘lmasligi mumkin.
Faqatgina tibbiy ko‘rik jarayonida ko‘rish o‘tkirligi pasayib ketganligi aniqlanadi va dispanser nazoratiga olinadi. Ikkinchisi, yopiq burchakli glaukoma bo‘lib, uning aniq klinik belgilari ko‘pincha o‘tkir xurujlar bilan kechadi. Ya’ni bemorda ko‘z simillab og‘rishi, qizarib yoshlanishi, ko‘z oldi tuman bo‘lishi, chiroqqa qaraganda rangli kamalak ko‘rinishi, ko‘rish o‘tkirligining pasayishi, qorachiqning kengayib ketishi belgilari paydo bo‘ladi.
Bemor stressga uchrasa, achchiq, sho‘r narsalarni me’yoridan ortiq iste’mol qilsa, qorong‘ida ko‘p qolib ketsa, kasallikning o‘tkir xuruji yuz beradi. Bu paytda tezda yordam ko‘rsatilmasa, ko‘rish qobiliyati mutlaqo yo‘qolishi va nogironlikka olib kelishi mumkin. Ikkilamchi glaukoma esa ko‘zning turli xastaliklari oqibatida kelib chiqadi. U holda tezda shifokorga murojaat etish va bemorni yorug‘ joyga olib o‘tish, oyoqlariga issiq vanna qilish lozim. Shu bilan birga birinchi yordam sifatida shifokor tavsiyasi bilan aytilgan dori vositalarini berish talab etiladi va albatta, davolatish uchun shifoxonaga olib borish zarur.
Kasallikni davolagandan ko‘ra uning oldini olgan afzal. Shu bois har bir odam bebaho gavharga teng bo‘lgan ko‘zlarning xastalanmasligi va ko‘rish qobiliyatini erta yo‘qotmaslik uchun har olti oyda mutaxassis ko‘rigidan o‘tib turishi maqsadga muvofiqdir.

Manba: Navoiypress gazetasi

15 ta ovoz
Ovoz berish:
1 2 3 4 5