Shifo.uz Maqolalar KO‘KLAM OFTOBI TAFTIDA

KO‘KLAM OFTOBI TAFTIDA

KO‘KLAM OFTOBI TAFTIDA

Quyoshning ulьtrabinafsha nurlari va oqilona ovqatlanish – depressiyaning davosi. Bahorda organizmga quyosh nurlarining ijobiy ta’sir etishi va oqilona ovqatlanish depressiyaning (ruhiy tushkunlik) oldini olishda katta ahamiyatga ega. Ko‘klamda kunlar uzayib, quyosh yanada charaqlab o‘z nurlarini ko‘z-ko‘z qiladi. Bunday paytda har birimizning kayfiyatimiz a’lo bo‘lishi kerak. Ammo “Ilik uzildi” – avitaminoz (organizmda vitaminlar etishmovchiligi) sababli ba’zan bahorda mushaklar tarangligi susayib, kishida behollik, tushkunlik (depressiya), loqaydlik kuzatiladi. Ushbu holatlarni engishda sizga ko‘klamoyning turfa ne’matlari – jag‘-jag‘, ismaloq, yalpiz, momaqaymoq (qoqigul), beda, otquloq, hilol, mator, ko‘k piyoz, shovulga o‘xshash turli shifobaxsh ko‘katlardan ko‘k somsa, manti, chuchvara, xonim, bichak, shovul kabi sho‘rva, rediska va ko‘katlardan qatiqli taom tayyorlab iste’mol qilish, halim va sumalakdan to‘yib eyishni tavsiya etamiz. Chunki, bu mahsulotlar va taomlar tarkibida vujudimiz uchun zarur turli vitaminlar, mineral moddalar mavjud.

Bundan tashqari bahordagi depressiyaga bioritmlarning keskin o‘zgarishi ham sabab bo‘ladi. Ya’ni, quyosh chiqishi va uning botishiga qarab ichki biologik soatimiz ham moslashishi kerak. Taxminan tong otishiga bir soat qolganda organizmda jiddiy biokimyoviy va garmonal jarayonlar kecha boshlaydi. Jigar qonga glyukoza ajratadi. Bu esa organizmning ilk tongdayoq energiya (quvvat) bilan ta’minlanishiga zamin yaratadi va shuningdek, ko‘pgina garmonlar ajralib chiqishiga ham turtki bo‘ladi.

Ayrim garmonlar qon bosimini ko‘taradi. Bu esa o‘z navbatida yurakni tez ishlashga majbur etadi. Natijada tongga yaqin infark xuruji va insulьtlar ko‘p kuzatiladi. Saharda barvaqt uyg‘onish bu kabi noxush holatlarning oldini oladi. Chunki, glyukoza va garmonlar organizm tomonidan yaxshi o‘zlashtiriladi. Ya’ni, qand moddasi yog‘ga aylanmasdan mushaklarga so‘riladi. Uyquda esa buning aksi kuzatiladi. Bundan tashqari quyosh chiqayotgan paytda qizg‘ish-sariq ranglar spektri ko‘proq bo‘ladi. Ushbu nurlar inson organizmiga ijobiy ta’sir etadi. Oftobning hayotbaxsh zarg‘aldoq nurlari ko‘z to‘r pardasini rag‘batlantiradi. Bu esa o‘z navbatida “uchinchi ko‘z” – epifiz beziga etib boradi. Epifiz bezi bosh miya asosida joylashgan. Aynan shu endokrin bezi organizmda garmonlar ishlab, ajralib chiqishini boshqaradi. Mohiyati jihatidan bu a’zo asab va endokrin tizimi o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘taydi.

Bahorda, ayniqsa, quyoshning shifobaxsh nurlari olamni munavvar etganda ayrim odamlar uyqudan uyg‘onmagan bo‘ladilar. Ishga otlanganimizda esa bizni kunduzgi yorug‘lik qurshab oladi. Bu nurlarda tonggi va quyosh botishiga yaqin qolgandagi kabi foydali ulьtrabinafsha nurlar bo‘lmaydi. Uning o‘rniga salbiy ta’sir etuvchi ko‘k-yashil spektrli nurlar uchraydi. Ular kishida tushkun kayfiyatga moyillik uyg‘otadi. Qishda esa kun botguncha quyoshning sarg‘ish-qizg‘ish nurlaridan bahramand bo‘lishga ulguramiz.

Shuningdek, bulutli kunlarda ham bo‘g‘iq havo kayfiyatimizga salbiy ta’sir etib, ish faoliyatimizni susaytiradi. Bunday paytda quyosh chiqishidan oldinroq uyg‘onsangiz biroz toza havoda sayr eting. Ko‘chaga chiqishdan oldin sariq rangli shishadan yasalgan ko‘zoynak taqing.

Nonushtaga manniy yormasidan tayyorlangan bo‘tqadan voz keching. Uning o‘rniga suli, grechixa, “Gerkules”, tariq, makkajo‘xori va guruch “Devzira”dan tayyorlangan bo‘tqalarni iste’mol qiling. Chunki, bu mahsulotlar tarkibidagi uglevodlar organizmga sekin so‘riladi va qonda qand miqdorini tez ko‘tarmaydi. Bu bo‘tqalarga olxo‘ri, olma qoqisi yoki turshak rezavor mevalar (malina, qizil va qora qorag‘at (smorodina)), maymunjon qoqilari solib tanavul qilsangiz tami yanada mazaliroq bo‘ladi.

Uyqudan turgach, maxsus plastmassali uqalovchi gilamchalar ustida oyoq yalang yurish, oyoq kiyimiga ham massaj qiluvchi pataklar qo‘yib kiyish, kishining kun davomida tetik yurishini ta’minlaydi. Chunki, oyoqlar tagida xuddi qo‘l kaftlari va quloqlardagi kabi biologik faol nuqtalar bor. Ushbu nuqtalar ta’sirlansa, organizmdagi barcha a’zolarda ijobiy quvvat ko‘payadi. Shuningdek, ertalabki badantarbiya mashqlari ham samarali ta’sir ko‘rsatadi. Fitnes va mushaklar kuchini ko‘paytiruvchi maxsus mashqlarni soat 16-19 oralig‘ida bajargan maqsadga muvofiqdir. Uyqudan to‘rt soat oldin kechki ovqat tanovul qilinsa organizm zo‘riqmaydi. Yana tungi uyquga yotishdan oldin yog‘siz qatiq yoki iliq sutga bir choy qoshiq asal solib ichgan maqul. Ayniqsa, bahor faslida ivitilgan turshak suviga arpabodiyon o‘simligi urug‘ini solib ichish, qatiqqa rediska va turli ko‘katlar (ko‘k piyoz, kashnich, selьderey, shivit) to‘g‘rab tez-tez iste’mol qilish foydali. Qatiq tarkibidagi foydali bakteriyalar ichaklar mikroflorasini yaxshilaydi va vitaminlarning ichaklarda tez so‘rilishiga yordam beradi.

Har gal ovqatlanish payti dasturxonda turli meva-sabzavotlar, rezavor mevalar va albatta ko‘katlar bo‘lishiga e’tibor qarating. Ayniqsa, ko‘k piyoz juda foydali. Uning tarkibida organizm uchun foydali turli darmondorilar (vitaminlar), makro va mikroelementlardan tashqari turli zararli bakteriya va viruslarga qiron keltiruvchi fitontsidlar mavjud. Ko‘klamda tayyorlanadigan turli salatlarga limon sharbati tomizish ularni yanada xushxo‘r qiladi. Shuningdek, an’anaviy tarzda iste’mol qilinadigan pista va zaytun yog‘laridan ham foydaliroq xantal va zig‘ir moylarini bahorda iste’mol qilgan maqsadga muvofiq. Chunki, bu yog‘larning tarkibida omega-3 yog‘ kislotalari mavjud. Shuningdek, dengiz baliqlari (ayniqsa, shimoliy kengliklardagi suv havzalaridan tutilgani) tarkibida ham yuqorida tilga olingan yog‘ kislotalari bor. Ilmiy-tadqiqotlar natijalariga ko‘ra ushbu oziq-ovqat mahsulotlari tarkibidagi yog‘ kislotalari antidepressiv (tushkunlikka qarshi) xususiyatga ega ekan.

Shuningdek, pishloq, yog‘siz parranda go‘shti, to‘q yashil sabzavotlar, pista, yong‘oq, undirilgan bug‘doy va dukkakli mahsulotlarning nish urgan oqish maysasi, avokado mevasi, tabiiy shokolad ham ruhiy tushkunlikning oldini oladi.

Shakar, qovurilgan ovqatlar, oziq-ovqat sanoatida ishlab chiqarilayotgan katta kaloriyali va ozuqaviy qo‘shimchalar solingan mahsulotlar, sigaret va spirtli ichimliklar, rafinadlangan (tozalangan) mahsulotlar depressiya chaqirar ekan.

Yana olamga oftob chiqqanda uning tillarang nurlaridan to‘yib bahramand bo‘ling hamda dunyoga ochiq chehra va xushkayfiyat bilan boqing.

Manba: Soglom.uz

1 ta ovoz
Ovoz berish:
1 2 3 4 5