Shifo.uz Yangiliklar Nestlé Uzbekistan “Soglom bolalar” dasturini ishga tushirdi

Nestlé Uzbekistan “Soglom bolalar” dasturini ishga tushirdi

Nestlé Uzbekistan “Soglom bolalar” dasturini ishga tushirdi

Nestlé Uzbekistan qo‘shma korxonasi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi yordamida boshlang‘ich maktab o‘quvchilari uchun “Sog‘lom bolalar” (Healthy Kids) ma’rifiy dasturini yo‘lga qo‘ydi, deb xabar beradi Daryo nashri UzDaily.uzga tayangan holda.

“Sog‘lom bolalar” dasturining asosiy maqsadi bolalarda sog‘lom turmush tarzini tashkil etuvchi ovqatlanish madaniyatini shakllantirishdan iborat.

Nestlé Uzbekistan bosh direktori Filipp Gorbunovning ta’kidlashicha, ushbu dastur Nestlé kompaniyasining Healthy Kids global dasturi bir qismi hisoblanib, hozirda 71 mamlakatda amalga oshirilmoqda.

Nestlé Uzbekistan ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya hozirda dunyo bo‘yicha 250 dan ortiq hamkorlar bilan ish olib boradi. Ularga davlat organlari, Nodavlat notijorat tashkilotlar, oziq-ovqat va salomatlik institutlari, shuningdek, sport federatsiyalari kiradi. Dasturga 5 milliondan ziyod bola jalb qilingan. 2015-yilgacha kompaniya dastur ko‘lamini 80 ta mamlakatgacha kengaytirishni rejalashtirmoqda.

“To‘g‘ri ovqatlanish darslari”ning asosiy vazifalari bolalarda salomatlikni qadrlash to‘g‘risidagi tushunchani shakllantirish, uni mustahkamlash uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rish, ularni to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi bilan tanishtirish, axloq-odob qoidalarini, o‘zlarining sog‘lig‘i haqida qayg‘urishni o‘rgatish, milliy an’analar bilan tanishtirishdan iborat.

Dastur umumta’lim maktablarining 1—2-sinf o‘quvchilari, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari va maktabgacha ta’lim muassasalarining tayyorlov guruhlari uchun mo‘ljallangan.

Birinchi bosqichda Toshkent va Namangan maktablarining 6 mingdan ziyod o‘quvchilarini qamrab olish rejalashtirilgan. Kelajakda dastur butun O‘zbekiston bo‘ylab amalga oshirilishi mumkin.

1 ta ovoz
Ovoz berish:
1 2 3 4 5