- Yangiliklar
O'zLiDeP tomonidan bepul tibbiy ko'rik tashkil etildi
O`zLiDeP Buxoro viloyat Kengashi tomonidan “Sog‘lom oila – mustahkam oila” loyihasi doirasida “Sog‘lom ona – sog‘lom bola tamoyilini hayotga tadbiq etishda xususiy tibbiyot zamonaviy texnologiyalarning o‘rni va ahamiyati” mavzusida davra suhbati o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Unda Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Aholi reproduktiv salomat markazi, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, «Sog‘lom avlod uchun» Xalqaro xayriya jamg‘armasi, «Nuroniy» jamg‘armasi, «Mahalla» xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga O‘zLiDePdan saylangan ayol deputatlar, partiya “Ayollar qanoti” faollari ishitrok etdilar.
Tadbirda partiya tomonidan “Sog‘lom bola yili” Davlat Dasturi doirasida onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish, sog‘lom millat genafondini asrashga ko‘maklashish, reproduktiv salomatlik, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, tibbiy savodxonlikni oshirish hamda chekka hududlarda yashayotgan yosh qizlarni sport bilan shug‘ullanishga kengroq jalb etish borasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish, jamiyatdagi roli va mavqeini kuchaytirish borasida ham O‘zLiDeP Dasturida ustuvor vazifalar belgilab olingan.
Davra suhbatida “Sog‘lom oila – mustahkam oila” partiyaviy loyihasi doirasida turli ijtimoiy masalalar, jumladan, oilada sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yosh qizlarni sport bilan shug‘ullanishga keng jalb etish, ayol murabbiylar sonini oshirish va ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha nazariy va amaliy yordam ko‘rsatishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirilayotgani alohida ta’kidlab o‘tildi. O‘tkazilayotgan tadbirlarda qatnashayotgan tibbiyot xodimlari nazariy ma’ruzalar o‘qish bilan bir qatorda uchrashuvlar va davra suhbatlari ishtirokchilarini profilaktik ko‘rikdan ham o‘tkazayotir. 2014 yilda respublikamizning barcha hududlarida mazkur loyiha doirasida 285 ta tadbirlar amalga oshirilib, 21 ming nafar xotin-qizlar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Tadbirda mazkur loyiha doirasida Buxoro viloyatida ham qator samarali ishlar amalga oshirilgani, birgina o‘tgan yilning o‘zida 4 ming nafarga yaqin xotin-qizlar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgani, joriy “Keksalarni e’zozlash yili”da ham bu kabi ishlar ko‘lamini yanada oshirish lozimligi ta’kidlandi.
Davra suhbati doirasida Shofirkon tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinkasida urush va mehnat faxriylari, ijtimoiy muhofazaga muhtoj va kam ta’minlangan oilalardan 380 nafarga yaqin ayollar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Savob va xayrli ish-bepul tibbiy ko‘rik doirasida “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi tomonidan xududdagi bir qator ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga jami 20 mln.so‘mlik buyumlar tarqatildi.
O‘zLiDeP Matbuot xizmati.
Ovoz berish: