- Bekajon
O‘zingizni sevishni o‘rganing
Har birimiz boshqalarga manzur bo‘lib, o‘zimizni hurmatli inson sifatida his qilishni yoqtiramiz. Bunda esa o‘zimizni hurmat qilishimiz juda muhim, bu bilan atrofimizdagilarga bizga qanday munosabatda bo‘lishlari kerakligini ko‘rsatamiz. O‘zimizga ijobiy baho bersak, boshqalar ham xuddi shunday bahoga moyillik ko‘rsatadi.
O‘z-o‘ziga hurmat tasodifan paydo bo‘lmaydi. Uni tarbiyalash va mashq qildirib borish zarur. O‘zimizga ishonsak, ko‘p narsaga erishishimiz mumkin. Falsafa fanlar doktori Devid Shvarts "O‘z-o‘ziga ishonch muvaffaqiyatga erishishning muhim sharti sanaladi. Hammasi yaxshi bo‘lishiga ishoning, albatta, ishoning va siz maqsadingizga erishasiz" deydi. Shu bilan bir qatorda hurmatli bo‘lish, barchaning e’tiborida turish, insonlarning ko‘nglini olishdagi yana bir kalit bu - maftunkorlik. Maftunkorlik, avvalo, inson o‘zini hurmat qilishidan paydo bo‘ladigan ajoyib fazilat. Shuning uchun ham, sizga tabiat tomonidan tuhfa etilgan kamyob xususiyatlarni saqlashni o‘rganing, chunki ular sizga uzoq yillar asqotadi. Masalan, uzun sochlar, chiroyli qaddi-qomat, jozibali tabassum, san’atga moyillik bo‘lsin, bularning har biri sizni yanada ko‘rkam qilib ko‘rsatadi. Eng muhimi, maftunkorlik faqat tashqi qiyofa bilan o‘lchanmaydi. Siz mehribon do‘st, hamdard suhbatdosh, ishonchli hamkor bo‘lsangiz - bu ham bir maftunkorlik belgisidir.
Xullas, hayotingiz davomida har bir narsadan zavq olishga harakat qiling. Zero, hamisha yaxshi kayfiyatda yurish ayollarni yanada lobar ko‘rsatadi. Avvalo, o‘zingizni sevishni o‘rganing.
Manba: Iqbol gazetasi
26 ta ovozOvoz berish: