- Maqolalar
QANDLI DIABET KASALLIGI HAQIDA
Qandli diabet kasalligi keng tarqalgan bo‘lib, butundunyo sog‘liqni saqlash tizimining dolzarb muammolaridan biridir. Bu dard bilan og‘riganlar soni yildan-yilga er yuzining barcha joylarida ortib bormoqda. Bugungi mavzumiz mazkur kasallikning kelib chiqish sabablari hamda uni aniqlash to‘g‘risidadir.
Qandli diabet kasalligi kelib chiqish sabablari, rivojlanish yo‘llari va klinik alomatlariga ko‘ra turlicha bo‘lgan kasalliklar guruhini birlashtiradi. Bu kasalliklarning barchasi uchun xos jihat – qon tarkibidagi glyukozaning surunkali ortishidir. Hozirgi kunda ba’zi o‘rganilmagan sabablarga ko‘ra insulin etishmasligi yuzaga kelganda kasallik rivojlanadi. Qandli diabet kasalligi bir necha turga bo‘linadi. Birinchi turi ko‘pincha o‘smirlik, o‘spirinlik yoshida, semiz bo‘lmagan bemorlarda uchraydi. Bunday odamlar organizmida oshqozon osti bezi beta-hujayralari insulin chiqara olmaydi va ularning davolanishida glyukozani pasaytirish maqsadida insulin preparatlari qo‘llaniladi. Bemorlarning 80-90 foizida diabet kasalligining ikkinchi turi uchraydi. Bu dardga yoshi 35-40 dan oshgan, juda semirib ketgan kishilar chalinadilar. Ularda oshqozon osti beta-hujayralari insulinni me’yorida ishlab chiqarsada, ba’zi bir sabablarga ko‘ra o‘z vazifasini bajara olmaydi. Shuning uchun glyukoza miqdorini pasaytirish maqsadida parhez, jismoniy harakatlar, xab dorilar (biguanidlar, sulьfanilamidlar va boshqalar) qo‘llaniladi. Bu ikki asosiy turdan tashqari gestatsion diabet ham uchrab turadi. Gestatsion diabet, ya’ni homiladorlar diabeti, bu homiladorlik davrida birinchi marta aniqlangan har xil (glyukozaga turg‘unlikning buzilishidan, klinik namoyon bo‘lgan diabetgacha) uglevodlarga turg‘unlikning buzilishidan kelib chiqadi. Kasallikning ushbu turi ayol tuqqanidan so‘ng yo‘qolib ketadi. Lekin bu holat kelgusida ayollarda qayta vujudga kelishi mumkin. Bundan tashqari, qandli diabetning boshqa maxsus turlari ham uchraydi.
Sog‘lom kishilarda nahorda qon tarkibidagi glyukoza – 5,5 mmolь/l (100 mg %)dan, ovqatlangandan keyin 2 soat o‘tgach esa – 7,5 mmolь/l (140 mg %)dan ortmaydi, bir sutkalik siydikda odatda qand bo‘lmaydi. Qandli diabetning qaysi turi bo‘lishidan qat’i nazar, unda klinik namoyon bo‘lgan holati tashhisini qo‘yish uchun barmoqdan olingan kapillyar qondagi glyukozaning miqdori nahorda yoki kunning istalgan vaqtida aniqlanadi. Agarda nahorga olingan glyukoza miqdori ikki marta 6,1 mmolь/l ga teng yoki undan yuqori bo‘lsa yoki kunning istalgan vaqtida olingan qonda glyukoza miqdori 11,1 mmolь/l ga teng yoki yuqori bo‘lsa qandli diabet tashhisi qo‘yiladi.
Glyukozaga turg‘unlik sinamasi nahorda qonda glyukoza miqdori 6,1 mmolь/l past bo‘lsa o‘tkaziladi. Buning uchun tekshirilayotgan shaxs uch kun odatiy ovqatlanish tartibini saqlab, sinamadan bir kun oldin kech soat 19.00 dan so‘ng ovqatlanadi. Ertalab nahorda qonda glyukoza miqdori tekshiriladi va 75 g 200-300 ml suvda eritilgan glyukozani 5 daqiqa oralig‘ida ichish taklif etiladi. Ikki soat o‘tgach, qonda glyukoza miqdori yana qaytadan aniqlanadi. Olingan natijalarga ko‘ra quyidagi tashhis qo‘yiladi: aniqlangan glyukoza miqdori 7,8 mmolь/l dan yuqori, 11,1 mmolь/l past bo‘lsa glyukozaga turg‘unlik buzilishi, agar 11,1 mmolь/l dan yuqori bo‘lsa qandli diabet tashhisi qo‘yiladi.
Qandli diabet o‘z asoratlari bilan juda xavflidir. Bu asoratlar har xil ko‘rinishda bo‘lishi kuzatiladi. O‘z vaqtida kasallik aniqlanmagan bo‘lsa, qonda qand miqdori keskin oshib, diabet komasi – o‘tkir asoratiga olib kelishi mumkin. Uzluksiz doimiy ravishda qonda qand miqdori sog‘lom kishilarnikiga nisbatan yuqori yurgan bemorlarda esa, qon-tomir asoratlari rivojlanishi mumkin. Bu asoratlar mayda tomirlarda – ko‘zda retinopatiya, buyraklarda – nefropatiya, yirik tomirlarda – yurak ishemiya kasalligi, miya tomirlarida – qon aylanishini buzilishi, oyoqda – diabet to‘pig‘i shaklida namoyon bo‘ladi. Shunday qilib, qandli diabet kasalligining oldini olish imkoni mavjud. Bunga erishish uchun qandli diabet kasalligini erta aniqlash usullari va muntazam ravishda qonda glyukoza miqdorini kuzatish samarali hisoblanadi. Odatda shunday tekshiruvlar barcha aholi yoki biror xavfli guruh orasida olib boriladi.
Qandli diabet bilan kasallanish xavfi avvalambor METABOLIK SINDROMI aniqlangan shaxslarda yuqori bo‘ladi. Bu sindrom quyidagilardan ikkitasi mavjud bo‘lganda kuzatiladi:
1. Semirishning qorin shaklida: bel aylanasi
Erkaklarda: > 94 sm
Ayollarda: > 80 sm
2. Qon bosimi 130/80 mm s.u. dan yuqori bo‘lganda.
3. Nahorgi glyukoza miqdorining buzilishi.
4. Qonda yog‘ almashinuvi buzilishi bo‘lganda.
Xavfli guruhlarga:
1. Yaqin qarindosh-urug‘ida qandli diabeti bor bo‘lganlar.
2. 4000 grammdan ortiq bola tuqqan ayollarda.
3. Yoshi 45 dan oshgan shaxslar.
4. Kam harakat hayot tarzida.
5. Diabet alomatlari bo‘lganda.
6. Yurak ishemik xastaligi (miokard infarkti, insulьt)ni o‘tkazganlar kiradi.
Diabet alomatlaridan aholining boxabar bo‘lishi foydadan holi emas. Bularga tashnalik, og‘iz qurishi, tez-tez peshob ajratish, serjahllik, ozish, charchash kiradi. Yaqqol namoyon bo‘lgan qandli diabet tashhisi olingan natijalarga ko‘ra, ya’ni och qoringa glyukoza miqdori ikki marta 6,1 mmolь/l ga teng yoki yuqori, istalgan paytda olingan glyukoza miqdori 11,1 mmolь/l ga teng yoki yuqori bo‘lganda bu shaxsga qandli diabet tashhisi qo‘yiladi. Kasallikning yashirin davrini aniqlash maqsadida maxsus sinama, ya’ni – glyukozaga turg‘unlik sinamasi va shifokor tavsiyasiga ko‘ra boshqa tekshiruvlar o‘tkaziladi.
Qandli diabet kasalligi rivojlanish ehtimoli bo‘lganlar qatoriga quyidagi homilador ayollar kiradi:
- o‘tmishida homiladorlar diabeti kasalligi yoki glyukozaga turg‘unlikning buzilishi bo‘lgan ayollar;
- vazni 4000 grammdan ortiq bola tuqqanlar;
- yaqin avlodida qandli diabet kasalligi bo‘lgan ayollar;
- avvalgi homiladorliklarda jiddiy asoratlar bilan tuqqan ayollar;
- rivojlanishida tug‘ma nuqsonlari bor bola tuqqan ayollar.
Qandli diabet kasalligining oldini olish kasallik turiga qarab o‘zgacha bo‘lishi mumkin. Qandli diabet kasalligi birinchi turining oldini olish immunitetga ta’sir etuvchi vositalar (azotioprin, tsiklosporin) kasallik yaqqol namoyon bo‘lmagan bosqichda, ya’ni diabet kasalligi oldi holatida qo‘llash samarasi yuqori hisoblanadi. Bunda me’da osti bezining insulin chiqaruvchi hujayralari emirilishi sekinlashadi. Diabet kasalligining oldi holatida qonda insulin ishlab chiqaruvchi hujayralarga qarshi autoantitelolar aniqlanadi, nasliy moyillikni aniqlash uchun esa qonda ba’zi bir antigenlar tekshiriladi. Bunday shaxslarda yuqorida keltirilgan dorilardan tashqari ba’zi bir boshqa choralarni qo‘llash ham tavsiya qilinadi (insulin ishlab chiqaradigan hujayralarning antigenga chidamliligini oshirish, T hujayrali vaktsina qo‘llanilishi, insulin bilan davolash, go‘dakni ona suti bilan emizish va hokazolar). Eng muhimi, qandli diabet kasalligi birinchi turining oldini olish ilk navbatda unga erta tashhis qo‘yish imkoni bilan bog‘liq. Hozirgi kunda kasallikning birinchi turini oldini olish chora-tadbirlari topilmagan, shunga qaramasdan aytish mumkinki, kasallikdan kelgusida xalos bo‘lish umidi yo‘q emas. Qandli diabet kasalligi ikkinchi turining oldini olish. Bunda kasallik qancha erta aniqlansa, unga davo qilish shunchalik oson kechadi. Chunki, bu kasallik juda ko‘p tarqalgan bo‘lib, ko‘pincha 40 yoshdan keyin uchraydi. Qandli diabet kasalligining ikkinchi turida kasallik belgilari odatda asta-sekin rivojlanadi. Uzoq vaqt davomida bemorning tinkasi qurib, tez-tez peshob ajratib turadi. Ammo bu sekin rivojlanib borganida ko‘pchilik uncha e’tibor bermaydi. Shu sababli ko‘pincha xastalik avj olganda, ya’ni klinik ko‘rinishi yuzaga chiqqanda kasallik aniqlanadi. Kasallikni barvaqt aniqlashda aholining diabet kasalligi sohasidagi bilimlari va tibbiyot xodimlarining faol ishtiroki yordam beradi.
Keng tarqalgan – 90 % ikkinchi tur qandli diabet kasalligining oldini olish choralari – sog‘lom hayot tarziga amal qilishni talab etadi.
Bularga quyidagilar kiradi:
1. Jismoniy harakatda bo‘lish;
2. To‘g‘ri ovqatlanish tartibiga rioya qilish;
3. Ruhiy va jismoniy zo‘riqishdan forig‘ bo‘lish;
4. Tana vaznini me’yorida saqlash;
5. Tamaki va alkogolli mahsulotlarni iloji boricha iste’mol qilmaslik;
6. Kasallikning birinchi belgilaridan ogoh bo‘lish.
Shu o‘rinda bolalikdan boshlab me’yorida ovqatlanishni o‘rganish kerak. Sog‘lom hayot tarziga amal qilish qandli diabet kasalligi ikkinchi turi oldini olishda muhim rolь o‘ynaydi. Homiladorlarda diabet tashhisini xavf guruhida tekshiruvlar o‘tkazib erta qo‘yish juda muhimdir. O‘z vaqtida aniqlanmagan uglevod almashinuvi buzilishi uning bartaraf etish chora-tadbirlari o‘tkazilmagan holda ona sog‘ligiga va bola rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shunday qilib hozirgi kunda qandli diabet kasalligining oldini olish imkoni bor. Ushbu jarayonda nafaqat sog‘liqni saqlash muassasalari xodimlari, balki keng aholining ishtiroki ham maqsadga muvofiqdir. Shundagina kasallikning oldini olishga erishgan bo‘lamiz. M. RaHimjonova, tibbiyot fanlari nomzodi, O‘zSSV Endokrinologiya ilmiy-tekshirish instituti diabet bo‘limi katta ilmiy xodimi, K. Asamutdinova, ToshPTI "Endokrinologiya" yo‘nalishi 3-kurs magistratura rezidenti.
Manba: Uzssgzt.uz
71 ta ovoz
Ovoz berish: