- Maqolalar
Qishda kasalliklar xavf solsa...
«Yilning har bir fasli o‘ziga xos xususiyatlari bilan kelishi kerak... Aks holda, bu yomon kasalliklarga sabab bo‘ladi».
Abu Ali ibn Sino
Iqlim, ob-havoning inson organizmiga ta’sir qilishi azaldan ma’lum. Yunon olimi Gippokrat o‘zining epidemik kasalliklar haqidagi asarlarida har bir kasallikning ta’rifini meteorologik muhitning ta’sirini tavsiflashdan boshlagan.
Abu Ali ibn Sino: «Yil fasllaridagi o‘zgarishlar har bir iqlimda biron-bir kasallikni ko‘zg‘atadi. Eng sog‘lom vaqt — kuzning yomg‘irli va qishning o‘ta sovuq bo‘lmasdan, shu mamlakatning o‘zigagina xos mo‘’tadil darajada bo‘lishidir. Qishda tumov kasalliklari ko‘payib, bu holat kuzgi havoning qishki havoga o‘zgarishi bilan boshlanadi, keyinroq zotiljam, o‘pka yallig‘lanishi, xirillash va tomoq og‘riqlariga aylanishi mumkin», — deb yozgan.
Qishning ayozli kunlarida tumov, angina, bronxit, plevrit, gripp, zotiljam kabi kasalliklar ko‘payib ketadi. Bularning oldini olish uchun odam ob-havoning keskin farqlanishiga o‘z organizmini oldindan tayyorlab, chiniqtirib borishi kerak. Eng muhimi, engil-elpi kiyinmaslik, sovuqdan saqlanishdir. Bilamizki, qish oylarida harorat o‘rtacha 8-10 daraja issiqdan 5-10 daraja sovuqqacha boradi. Organizmning qarshilik kuchi bunday haroratga moslashmagan bo‘lib, tomirlar torayadi. Natijada qon aylanishi buzilib, teri ustki qismida issiqlik pasayishi kuzatiladi.
Olimlarning ta’kidlashicha, teri to‘qimalarida haroratning pasayishi arterial qon tomirlari orqali kislorod bilan ta’minlanish jarayonini sustlashtiradi. Natijada ayrim a’zolar mushaklari va asab tolalari yallig‘lanadi. Masalan, tumov bo‘lgan kishida dastlab aksa urish, tomoq qirilishi, burundan suv oqishi, boshning lo‘qillab og‘rishi kabi hollar ro‘y beradi. Miya gangishi, qosh atrofida og‘riq paydo bo‘lishi ham kuzatiladi. O‘tkir tumov tez-tez qaytalab tursa, surunkali tumovga aylanib ketishi mumkin.
Gripp
Gripp
qishki kasalliklarning eng yuqumli va xavflisi hisoblanib, tez tarqalib ketish xususiyatiga ega. Grippni keltirib chiqarishda viruslar katta rolь o‘ynashi 1933 yilda ingliz olimlari tomonidan isbotlangan. Nafas yo‘llari hujayralariga tushgan bir nechta virus zarrachasi o‘ziga qulay sharoitda bir kecha-kunduzda bir necha milliardgacha ko‘payib ketishi kuzatilgan. Natijada bemor yo‘talganida, aksirganida, gapirganida, tevarak-atrofga gripp viruslari tarqalib, kasallik sog‘lom odamlarga yuqadi.
Viruslar organizmni zaharlab, bosh miya va asab tizimi faoliyatini buzadi, et uvishadi, lanjlik, isitma, kuchli bosh og‘rig‘i, terlash, yo‘tal, kamquvvatlik, burun bitishi, bel, qo‘l-oyoqlar og‘rishi, uyqusizlik, ishtaha yo‘qolishi, tomoq shishishi kabi belgilar paydo bo‘ladi. Quruq yo‘tal paydo bo‘lishi kuzatiladi. Uning kelib chiqishiga, asosan, organizmning chiniqmagan bo‘lishi, mavsumga qarab kiyinmaslik, haddan tashqari charchash, ovqatlanish, mehnat qilish va dam olish tartibiga rioya qilmaslik kabi omillar sabab bo‘ladi.
Barcha yoshdagi kishilarga shamollash bilan bog‘liq xastaliklarda ular xush ko‘rgan quvvatbaxsh taomlarni tayyorlab berish lozim. Boisi bemor a’zolari darmon beruvchi vitaminlarga nihoyatda muhtoj bo‘ladi.
Na’matak mevalaridan damlama tayyorlab ichib turish nafaqat bemorlar, balki sog‘lom kishilar uchun ham foydali bo‘lib, kishi a’zolarining yuqumli kasalliklarga bardoshliligini oshiradi, organizmning muhofazasini kuchaytiradi.
Shamollashni engil dard deb o‘ylab, bemorning o‘z bilganicha davolanishi mutlaqo noto‘g‘ri. Kasalliklarda faqat shifokor buyurgan dorilardan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Tumov va gripp iskanjasida bo‘lgan bemorlarga ko‘proq suv va meva-sabzavot (olma, anor, anjir, olcha, malina, qorag‘at, sabzi, lavlagi va boshqalar) sharbatlaridan me’yorida berib turish koni foyda.
Tumov asoratida bo‘lgan bemorlar a’zolariga engil singadigan taomlar iste’mol kilish tavsiya etiladi. Bemorlarning taomnomasidagi ovqatlarga qalampir, murch, sirka solinmasligi, spirtli ichimliklar va tamakidan tiyilishlari lozim.
Umuman olganda, shamollamaslik uchun har bir odam o‘zini chiniqtirib borishi, namgarchilik va ayozli kunlarda barcha a’zolarni, ayniqsa, oyoq, boshni issiq tutishlari kerak.
Bemor yotgan xona yorug‘, bahavo bo‘lishi, harorati 25 darajadan baland bo‘lmasligi darkor. Xonada tez-tez isiriq tutatib turish foydali.
Gripp xurujida malinali murabbo choy yaxshi foyda beradi, terlatadi, og‘riqlarni qoldiradi, tana haroratini tushiradi. Bundan tashqari, har kuni ovqatdan oldin maydalangan oq piyozni smetana bilan aralashtirib (1 osh qoshiq piyozga 1 osh qoshiq smetana) iste’mol qilish, sarimsoqpiyozning 2-3 bo‘lakchasidan kuniga 2-3 marta eyish yaxshi samara beradi.
Anjir mevalari qaynatmasini ichish, toza asalni sariyog‘ bilan aralashtirib, bir choy qoshiqdan shimib yurish tezda ijobiy natija beradi.
Safar MUHAMMADIEV, dotsent
Shifo-info nashri
Ovoz berish: