Shifo.uz Yangiliklar "Hech kim mehr va e'tibordan chetda qolmasin!"

"Hech kim mehr va e'tibordan chetda qolmasin!"

"Hech kim mehr va e'tibordan chetda qolmasin!"

Ushbu shior ostida butun mamlakatimiz bo‘ylab yirik ijtimoiy aktsiya boshlanadi
Eng ulug‘, eng eng aziz bayram – Istiqlolimizning 24 yilligi arafasida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan shu yilning 10 avgust sanasidan butun mamlakat bo‘ylab “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin” shiori ostida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar boshlanadi.

An’anaga muvofiq, mazkur tadbir ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, ilmiy-tekshirish institutlari, tibbiyot yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarining etakchi olimu shifokorlari ishtirokida o‘tkaziladi. Aktsiya doirasida urush va mehnat faxriylari hamda keksalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish haftaligi ham tashkil etilishi rejalashtirilgan. Ushbu yirik ijtimoiy tadbirni tashkil etishdan maqsad aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bilan birga sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, yoshlarda sog‘lom oila qurishga intilish hissini kuchaytirish, turli xastaliklarning oldini olish bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borishdir.

Barchaga ayonki, bugun Prezidentimiz rahnamoligida xalqimizning munosib hayot kechirishini ta’minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, har jihatdan sog‘lom avlodni tarbiyalash uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Xususan, “2014 – 2018 yillarda O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi Davlat dasturi to‘g‘risida” gi Prezident Qarori mohiyatiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, mazkur hujjat farzandlarimizni jismoniy va ma’naviy jihatdan kamol toptirish, demakki, buyuk kelajak poydevorini mustahkamlash yo‘lidagi amaliy sa’y-harakatlar namunasi ekanligi o‘z-o‘zidan ayon bo‘ladi.

Yurtimizda 2015 yilga “Keksalarni e’zozlash yili” deb nom berilgani esa bu boradagi ezgu ishlarning yana bir mantiqiy davomidir. Zero, keksalarga mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishdek ibratli yumush yosh avlodning ma’naviy kamolotiga xizmat qilishi, shubhasiz.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan ijtimoiy aktsiya ham bu boradagi ezgu ishlarning amaldagi ifodasi, deyish mumkin. Negaki, birgina 2014 yilda shu kabi tadbirlar tufayli 6 million 500 ming nafar maktabgacha ta’lim muassasalari tariyalanuvchilari, maktab, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar o‘quvchilari chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Bu esa kasalliklarni barvaqt aniqlash va ularni samarali davolash imkonini bermoqda. Va eng muhimi, ana shunday amaliy ishlarimiz natijasida so‘nggi o‘n yilda rivojlanishida nuqsoni bor bolalar soni 1,3 barobar kamaydi. 6-15 yoshli bolalar orasida o‘tkir yuqumli kasalliklar bilan og‘rish 34,4 foizga, pnevmoniyaga chalinish 49,7 foizga, bronxit bilan xastalanish 32,8 foiz va skolioz bilan kasallanish 32,7 foizga kamaydi.

Butun mamlakatimiz bo‘ylab bo‘lib o‘tadigan navbatdagi ijtimoiy aktsiyada respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, ilmiy-tekshirish institutlari va tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining 300 nafarga yaqin etakchi olimlari hamda yuksak malakali shifokorlari ishtirok etishadi. Ular yurtimizning barcha hududlarida bo‘lib, aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadilar.

Aktsiya doirasida yurtimizning eng olis hududlaridagi aholi qatlamlari ham qamrab olinadi. Bu galgi tadbir ikki bosqichda tashkil etiladi. Dastlab viloyatning o‘zida faoliyat ko‘rsatayotgan malakali mutaxassislar hudud aholisini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadilar. Ikkinchi bosqichda esa respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, ilmiy-tekshirish institutlari va tibbiyot oliy ta’lim muassasalaridagi eng tajribali mutaxassislar ishtirokida yuqori darajadagi konsiliumiga ehtiyoji aniqlanib, oldindan ro‘yxati tuzilgan fuqarolar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Quvonarlisi shundaki, bugun barcha viloyatlardagi sog‘liqni saqlash muassasalari, chekka tumanlar shifoxonalari zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanganligi bois tibbiy ko‘riklarni samarali o‘tkazishga muvaffaq bo‘linmoqda. Yuqori malakali shifokorlar tuman tibbiyot birlashmalari, ko‘p tarmoqli va oilaviy poliklinikalar hamda qishloq vrachlik punktlarining o‘zidayoq zamonaviy tibbiy texnologiyalar yordamida bemorga aniq tashxis qo‘yishyapti. Bu, albatta, mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimi rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasidir. Aniq misol bilan gapiradigan bo‘lsak, birgina o‘tgan yili 133 ta tibbiyot muassasasi yangitdan qurildi va rekonstruktsiya qilindi. Guliston shahridagi viloyat onkologiya dispanseri, Toshkent shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy markazi, Andijon shahridagi ko‘p tarmoqli viloyat tibbiyot markazi, Nukus shahridagi Respublika silga qarshi kurash dispanseri va boshqalar shular jumlasidandir. Ushbu maqsadlar uchun byudjetdan 400 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ va qariyb 30 million dollarlik xorijiy kredit va grant mablag‘lari yo‘naltirildi.

Qishloqlar aholisi, dispanser hisobida turuvchi bemorlar, nogironlar, yoshlar va xotin-qizlarga zarur yordam va tavsiyalar berilayotir. Bu esa o‘z navbatida, odamlarning uzoqqa qatnab ovora bo‘lmasligi, mushkuli osonlashishi, dardi engillashuvida muhim ahamiyat kasb etadi. Salomatlik haftaligi sharofati bilan ko‘pchilikning uzog‘i yaqin bo‘lmoqda. Tabiiyki, mamlakatimiz poytaxtidan yuqori malakali mutaxassislarning eng chekka xududlarga borib, aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazayotgani va yaratib berilayotgan qulayliklar uchun barcha birdek mamnun bo‘lyapti.

Tibbiy tekshiruvlar zamonaviy diagnostika asbob-uskunalari, jumladan, flyuro-mobillar, UTT va EKG apparatlari vositasida o‘tkaziladi. Tadbir davomida pensionerlar, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar, yolg‘iz keksalar, bolalar, fertil yoshidagi ayollar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Ko‘rik paytida xastaliklar aniqlangudek bo‘lsa, har bir bemor uchun maxsus davolash va reabilitatsiya rejalari belgilanadi. Jumladan, aholining ambulator sharoitda, tuman, viloyat shifoxonalari hamda respublika davolash-profilaktika muassasalarida davolanishi nazoratga olinadi.

Bu galgi ijtimoiy aktsiya qamrovi yanada kengayganligini aytish joiz. Aktsiyada xirurg, akusher-ginekolog, terapevt, pediatr, nevropatolog, kardiolog, endokrinolog, oftalьmolog, otorinolaringolog, urolog, ortoped-travmatolog, stomatolog, dermato-venerolog kabi o‘nlab mutaxassislar turli yoshdagi aholini malakali tibbiy tekshiruvdan o‘tkazishadi.

Eng muhimi, bu kabi ko‘riklar tufayli keng jamoatchilik orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, profilaktik chora-tadbirlarni sifatli tashkil etish va aholi, ayniqsa, yoshlarning tibbiy madaniyatini yuksaltirishga erishilmoqda. Qolaversa, viloyat va tuman sog‘liqni saqlash boshqarmalarining xodimlari poytaxtdan tashrif buyurgan fan doktorlari, professor va dotsentlar bilan yonma-yon turib, tajriba orttirish, sohadagi eng so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘lish, umuman, mutaxassislar o‘zaro fikr almashish imkoniga ega bo‘ladilar.

Manba: O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi

0 ta ovoz
Ovoz berish:
1 2 3 4 5