Shifo.uz Maslahatlar SARATON ISSIG‘IDAN SAQLANING

SARATON ISSIG‘IDAN SAQLANING

SARATON ISSIG‘IDAN SAQLANING

Ayni kunlarda ob-havoning keskin isib ketishi natijasida odamlarda oftob urishi va suvsizlanish holatlari tez-tez uchramoqda. Shunday ekan, inson organizmining muhim xususiyatlaridan biri uning tashqi muhit ta’siriga moslasha olishidir. Issiq iqlim sharoitiga moslashishda organizmni chiniqtirish, vaqtida ovqatlanish, hatto terlashning roli katta.
Odam organizmida moddalar almashish jarayonida hosil bo‘ladigan issiqlik uzluksiz tashqariga chiqib turadi. Masalan, mushaklarning bir kecha-kunduz engil ishlashi natijasida organizmdan uch ming katta kaloriyaga yaqin issiqlik chiqadi. Yana bir misol: odam tanasidan kecha-kunduzda ajralib chiqqan issiqlik bilan uch tonna hajmdagi suv haroratini bir darajaga ko‘tarish mumkin.
Inson organizmida issiqlik energiyasi hosil bo‘lishi bilan birga ayni vaqtda uni tarqatish jarayoni ham davom etadi. Bu esa asosan bug‘lanish va terlash hisobiga amalga oshiriladi. Bu borada odam terisining ahamiyati kattadir. Agar odam terisi termos devoriga o‘xshab issiq o‘tkazmaydigan xususiyatga ega bo‘lganida, tana harorati bir soat ichida 1,5 darajaga ko‘tarilib, 40 soatdan so‘ng qaynash nuqtasiga etardi. Organizmda to‘xtovsiz davom etadigan issiq almashish jarayoni ikki soat davomida izdan chiqsa, salomatlikka salbiy ta’sir etadi, natijada tana harorati uch darajaga ko‘tarilishi mumkin. Bunday hol uzoq davom etishi kishi salomatligiga putur etkazadi. Odam kam yoki ko‘p terlashi bir necha sabablar – kunlik havo harorati, quyosh nuri ta’siri, shamol tezligi, havo namligi, kiyim rangi va qalin-yupqaligi, ish sharoiti, nihoyat, organizmning holati va boshqalarga bog‘liq.
Mutaxassislarning kuzatishidan shu narsa aniqlandiki, yoz faslida har bir kishi o‘rta hisobda ter bilan 4-5 litr suv va 20-30 gramm osh tuzi yo‘qotar ekan. Odam tanasidan ter ajralishi va uning bug‘lanishi tananing sovishiga sabab bo‘ladi.
Issiq havo va quyosh nuri ta’siridan tana qizib ketishi natijasida quyidagi hollarni kuzatish mumkin: gipertermiya yoki tananing qizib ketishi, quyosh urishi, organizmning turli holatda suv yo‘qotishi. Bunday ko‘ngilsiz holatlar vaziyatga qarab alohida yoki birgalikda sodir bo‘lishi ham mumkin.
Gipertermiyaning engil turida ishtaha yo‘qoladi, chanqaydi, lohas bo‘ladi va uyqu bosadi. Organizm harorati ko‘tarilib, qon tomir urishi va nafas olish tezlashadi, terlash kuchayadi. O‘rtacha gipertermiyada yuqoridagi alomatlarga bosh og‘rishi va aylanishi, nafas qisishi, teri yuzalarining ko‘karib ketishi hamda bo‘shashishi qo‘shiladi. Issiq urganda haroratning ko‘tarilishi bilan bir vaqtda: behushlik, lablar ko‘karishi, qon-tomir urishi tezlashib, so‘ng susaygan bo‘ladi, terlash ham kamayadi, ayrim hollarda to‘xtab qolishi mumkin.
Quyosh urganda tana harorati ozgina ko‘tariladi. Boshqa klinik belgilar esa issiq urganga o‘xshash bo‘ladi. Organizmning ortiqcha suv yo‘qotishi natijasida "suvga tashnalik" holati yuz beradi. Bunda odam suv ichgan sari ichgisi kelaveradi. Tanadan ajralayotgan ter bug‘lanmay, tomchi holatida ajralib chiqadi, natijada organizm harorati pasaymaydi. Og‘ir holatlarda esa cheksiz tashnalik, ishtaha pasayishi, darmonsizlik, qorin-ichak faoliyati buzilishi va muvozanatni saqlash qobiliyatining susayishi yuz berishi mumkin.
Yuqoridagi hollar sodir bo‘lganda darhol bemorning issiq almashish qobiliyatini tiklashga harakat qilish kerak. Umuman, hamma hollarda ham bemorni yuqori harorat hamda quyosh nuri ta’siridan soya-salqin erga olib chiqish lozim va erkin harakatni qiyinlashtiruvchi kiyimlardan holi qilish, suv ichishi, bosh va ko‘krakka lattani sovuq suvga ho‘llab bosh ko‘tarilgan holda bosish zarur. Bemorga suv ichirishning iloji bo‘lmasa, teri osti yoki vena qon-tomiriga shifokorlar yordamida fiziologik suyuqlik yuborish kerak. Issiq iqlim sharoitida seryog‘ ovqatlarni birmuncha kamroq, yangi sabzavot va turli mevalardan ko‘proq iste’mol qilish lozim. Yoz kunlari ovqatlarni biroz sho‘rtamroq egan yaxshi, chunki issiq harorat ta’sirida ter orqali tanadan osh tuzi keragidan ko‘proq ajralib chiqadi, bu esa to‘qimalarning o‘z tarkibida suyuqlikni saqlash qobiliyatini pasaytirib yuboradi.
Ovqatlanish rejimiga kelganimizda, u asosan ish rejimiga monand tuzilishi lozim. Saratonda kundalik iste’mol qilinadigan ovqatning asosiy qismini ertalab va kechki paytda eyish, tushda esa yangi sabzavotlardan tayyorlangan, o‘z tarkibida etarli oqsilga ega bo‘lgan ovqatlarni iste’mol qilish yaxshi natija beradi. Kun issig‘ida ko‘k choy ichish juda foydalidir. Turli yangi mevalar – olma, o‘rik, ayniqsa, olchadan tayyorlangan sharbat va kokteyllar ham tashnalikni yaxshi qondiradi. Ichimliklarni ertalab va kechqurun to‘yguncha ichish mumkin. Tush paytida esa ortiqcha iste’mol qilib bo‘lmaydi. Issiq iqlim sharoitida to‘g‘ri kiyinish ham salomatlik garovidir. Turli rangdagi sun’iy kapron to‘qimalar yoki qalin yaltiroq materiallardan tikilgan kiyimlardan ko‘ra, sinovdan yaxshi to‘gan oq matodan, engil lavsandan tikilgan kiyimlar issiq iqlim sharoitida juda qulay.
Bizning issiq iqlim sharoitimizda saratonning eng issiq oylarida insonlar ko‘zlariga oftobdan saqlaydigan ko‘zoynak taqishlari juda foydalidir. Saraton oylarida erkaklar sochini tez-tez ustara bilan oldirib, boshiga oftob o‘tkazmaydigan oq rangdagi engil bosh kiyim kiyib yurishga odatlanishi sochni mus-tahkam qilishning muhim omillaridan biridir.
Saratonda kun rejimi, shaxsiy gigienaga amal qilish lozim. Yoz kunlarida barcha soha kishilari ishni erta boshlashga, kunning qizigan vaqtida esa dam olishga odatlansalar, mehnat unumdorligi yaxshi bo‘lishi shubhasiz. Issiq kunlarda ishdan keyin iliq dushda cho‘milish yoki vanna qabul qilishga odatlanish organizmni chiniqtirishning muhim omillaridan hisoblanadi.
A. TOHIRIY, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti katta o‘qituvchisi. www.uzssgzt.uz

3 ta ovoz
Ovoz berish:
1 2 3 4 5