Shifo.uz Yangiliklar Shavkat Mirziyoyev aholini dori-darmon vositalari bilan ta`minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to'g'risidagi qarorni imzoladi

Shavkat Mirziyoyev aholini dori-darmon vositalari bilan ta`minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to'g'risidagi qarorni imzoladi

Shavkat Mirziyoyev aholini dori-darmon vositalari bilan ta`minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to'g'risidagi qarorni imzoladi

Aholi va tibbiyot muassasalarining arzon va sifatli dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan ta`minlanganlik darajasini yanada oshirish, ularning narxini belgilash bo'yicha ochiq-oshkora mexanizmni joriy etish, mamlakatimizda arzon va sifatli preparatlar bo'lishiga qaramasdan tashxis qo'yish va davolash standartlarida ko'zda tutilmagan hamda asosan qimmat import dori-darmon vositalarini tavsiya etish kabi nomaqbul amaliyotning oldini olish va kelgusida bunday holatlarga yo'l qo'ymaslik maqsadida O'zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev tomonidan "Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta`minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to'g'risida"gi qaror qabul qilindi.
 
Qarorda quyidagi vazifalar belgilab qo'yildi.

1. 2017 yilning 1 yanvaridan:

chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish, ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat`i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo'lmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qo'llanilgan holda amalga oshiriladi;

1-ilovada qayd etilgan ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini belgilangan narxlarda sotish;

1-ilovaga muvofiq ro'yxatda qayd etilgan ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini chetdan xarid qilish O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan har bir nomdagi dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari uchun belgilanadigan kvotalar doirasida mamlakatimizda tegishli faoliyat bilan shug'ullanish litsenziyasiga ega bo'lgan ulgurji va ulgurji-chakana kompaniyalar o'rtasida tender o'tkazish asosida amalga oshirilishi belgilansin.

2. Davolash muassasalari va aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta`minlashni tizimli asosda nazorat qilish uchun Respublika komissiyasi 2-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.

Quyidagilar Respublika komissiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:

mamlakatimiz farmatsevtika bozorining, jumladan, respublikamizda ishlab chiqarilgan asosiy dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta`minlanganlik darajasini tizimli tahlil etish va shu asosda dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari turlarini diversifikatsiya qilish hamda ichki bozorimizni yanada boyitishga doir takliflar ishlab chiqish, aholini dori-darmonlar bilan ta`minlashga mas`ul davlat organlari faoliyatini takomillashtirish;

ro'yxatga kiritilgan ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari uchun qayd etilgan narxlarni belgilash hamda ularni dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari sotadigan tashkilotlarga yetkazishni tashkil etish;

ro'yxatga kiritilgan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari narxlariga rioya etilishini nazorat qilish tadbirlarining amalga oshirilishini monitoring qilish;

qayd etilgan narxlar belgilanadigan ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari ro'yxatiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish, tashxis qo'yish va davolash standartlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritilgan taqdirda qarorlar qabul qilish;

mamlakatimiz farmatsevtika sanoatiga yetakchi xorijiy kompaniyalar va investorlarni yanada keng jalb etish bo'yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

vazirlik va idoralar, ulgurji savdo tashkilotlari rahbarlarining dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlariga narx belgilash masalasi, shuningdek, aholi va tibbiyot muassasalarining, jumladan, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan, sifatli dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlariga bo'lgan ehtiyojini qondirishga oid amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to'g'risidagi hisobotlarini muntazam eshitish.

3. Tibbiyot muassasalari va aholini dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan ta`minlashni nazorat qilish bo'yicha Respublika komissiyasi to'g'risidagi Nizom 3-ilovaga muvofiq;

dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari narxini tartibga solish to'g'risidagi Nizom 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. O'zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi zimmasiga ro'yxatga kiritilgan import dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini xarid qilish uchun tender savdolari o'tkazish vazifasi yuklansin.

Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi:

dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarining jahon narxlari kon`yunkturasini tahlil qilish asosida Respublika komissiyasiga har chorakda ro'yxatda ko'zda tutilgan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari uchun yo'l qo'yilishi mumkin bo'lgan cheklangan shartnoma qiymatini belgilashga doir takliflar kiritsin, qiymati ushbu ko'rsatkichdan yuqori bo'lgan tender takliflari ko'rib chiqilmaydi;

Sog'liqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi va boshqa manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda 2016 yil 1 dekabrgacha ro'yxatga kiritilgan import dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini xarid qilish uchun tender savdolari o'tkazish to'g'risidagi Nizomni belgilangan tartibda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

5. Belgilab qo'yilsinki, davlat sog'liqni saqlash tizimidagi barcha tibbiyot muassasalari ro'yxatda ko'zda tutilgan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini o'rnatilgan tartibda Respublika komissiyasi tomonidan belgilangan ulgurji narxlardan oshmaydigan narxda sotib oladi.

6. O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi:

eng ilg'or xalqaro amaliyotni hisobga olgan holda asosiy kasalliklarga tashxis qo'yish, ularni davolash va klinik protokollar standartlarini qayta ko'rib chiqish jadvalini ikki hafta muddatda tasdiqlasin, bunda uch oy muddatda tashxis qo'yish, davolash va klinik protokollarning yangilangan standartlari tasdiqlanishini, shuningdek, zarur hollarda amaldagi tashxis qo'yish, davolash hamda klinik protokollarni qayta ko'rib chiqishni nazarda tutsin;

tasdiqlangan tashxis qo'yish, davolash standartlari va klinik protokollarga muvofiq har yili Respublika komissiyasiga ro'yxatni o'zgartirish bo'yicha, birinchi navbatda, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turlarining ko'payishiga qarab ulardan foydalanishni ko'zda tutadigan takliflar kiritsin;

tashxis qo'yish, davolash va klinik protokollarning yangilangan standartlarini barcha tibbiyot muassasalariga, jumladan, foydalanish uchun ochiq bo'lgan axborot tizimlari orqali o'z vaqtida yetkazishni ta`minlasin hamda ularga rioya etilishini qat`iy nazorat qilsin;

bir oy muddatda eng muhim dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarining barcha dorixonalar uchun majburiy yangilangan minimal ro'yxati, shuningdek, shifokor retseptisiz beriladigan dori-darmon vositalari ro'yxatini tasdiqlasin, unga zarurat tug'ilganda belgilangan tartibda har yili o'zgartish va qo'shimchalar kiritsin;

yuridik shaxslar tomonidan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlariga narx belgilash tartibi qo'pol buzilganligi uchun litsenziyani bekor qilish shartlari, shuningdek, minimal ro'yxat bo'yicha majburiy talablarni nazarda tutgan holda, bir oy muddatda Farmatsevtika faoliyati to'g'risidagi litsenziya shartnomasiga qo'shimchalar kiritsin;

shifokorlarning dori-darmon vositalarini tavsiya etish va dorixonalarda dori-darmon vositalarini berish tartibi to'g'risidagi nizom loyihasini ikki oy muddatda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin va unda belgilangan tartib buzilishiga yo'l qo'ygan shaxslarga nisbatan qat`iy javobgarlik choralarini nazarda tutsin;

o'z rasmiy veb-sayti, shuningdek, dorixonalar rasmiy veb-saytlarida ro'yxatga kiritilgan barcha dori-darmon vositalari bo'yicha belgilangan narxlar to'g'risida muntazam yangilanadigan axborot e`lon qilinishini ta`minlasin.

7. O'zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo'mitasi va uning hududiy bo'limlari zimmasiga dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarining ulgurji va chakana savdosi bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar ularning narxini davlat tomonidan belgilangan tartibga rioya etishini tizimli asosda nazorat qilish vazifasi yuklansin.

8. “O'zfarmsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 16 sentabrdagi “2016-2020 yillarda respublika farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to'g'risida”gi PQ-2595-sonli qaroriga muvofiq ro'yxatda ko'zda tutilgan import o'rnini bosadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarish bilan respublika ehtiyojini maksimal darajada qoplash bo'yicha muhim choralarni ko'rsin.

9. O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy bank, Iqtisodiyot vazirligi yillik, choraklik moddiy va qiymat balansini shakllantirishda Sog'liqni saqlash vazirligi va “O'zfarmsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan asoslangan tayyor dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini, shuningdek, ularni mamlakatimiz korxonalarida ishlab chiqarish uchun xomashyoni chetdan olib kelishga bo'lgan ehtiyojni hisobga olsin.

10. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 14 yanvardagi “Dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari sotishni tartibga solish to'g'risida”gi 19- va 2000 yil 5 avgustdagi “Ichki bozorni dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta`minlashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi 307-sonli qarorlari 2017 yilning 1 yanvaridan o'z kuchini yo'qotgan, deb hisoblansin.

O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga qonunchilikka mazkur qarordan kelib chiqadigan o'zgartish va qo'shimchalar to'g'risida takliflar kiritsin.

11. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o'rinbosari R.Azimov va Bosh vazir o'rinbosari A.Ikromov zimmasiga yuklansin.

Аҳоли ва тиббиёт муассасаларининг арзон ва сифатли дори-дармон воситалари ҳамда тиббиёт буюмлари билан таъминланганлик даражасини янада ошириш, уларнинг нархини белгилаш бўйича очиқ-ошкора механизмни жорий этиш, мамлакатимизда арзон ва сифатли препаратлар бўлишига қарамасдан ташхис қўйиш ва даволаш стандартларида кўзда тутилмаган ҳамда асосан қиммат импорт дори-дармон воситаларини тавсия этиш каби номақбул амалиётнинг олдини олиш ва келгусида бундай ҳолатларга йўл қўймаслик мақсадида Ўзбекистон Президенти вазифасини бажарувчи Шавкат Мирзиёев томонидан "Аҳолини дори-дармон воситалари ва тиббиёт буюмлари билан таъминлашни янада яхшилашга доир чора-тадбирлар тўғрисида"ги қарор қабул қилинди.
 
Қарорда қуйидаги вазифалар белгилаб қўйилди.

1. 2017 йилнинг 1 январидан:

четдан олиб келинадиган, шунингдек, мамлакатимиз ишлаб чиқарувчиларидан сотиб олинадиган дори-дармон воситалари ва тиббиёт буюмларини улгуржи ва чакана сотиш, уларни етказиб беришда иштирок этувчи воситачилар сонидан қатъи назар, улгуржи савдо учун сотиб олинган қийматидан 15 фоиздан, чакана савдо учун улгуржи нархидан 20 фоиздан ортиқ бўлмаган миқдорларда белгиланадиган чекланган савдо устамалари қўлланилган ҳолда амалга оширилади;

1-иловада қайд этилган ижтимоий аҳамиятга эга дори-дармон воситалари ва тиббиёт буюмларини белгиланган нархларда сотиш;

1-иловага мувофиқ рўйхатда қайд этилган ижтимоий аҳамиятга эга дори-дармон воситалари ва тиббиёт буюмларини четдан харид қилиш Ўзбекистон Республикаси Соғлиқни сақлаш вазирлиги томонидан ҳар бир номдаги дори-дармон воситалари ва тиббиёт буюмлари учун белгиланадиган квоталар доирасида мамлакатимизда тегишли фаолият билан шуғулланиш лицензиясига эга бўлган улгуржи ва улгуржи-чакана компаниялар ўртасида тендер ўтказиш асосида амалга оширилиши белгилансин.

2. Даволаш муассасалари ва аҳолини дори-дармон воситалари ва тиббиёт буюмлари билан таъминлашни тизимли асосда назорат қилиш учун Республика комиссияси 2-иловага мувофиқ таркибда ташкил этилсин.

Қуйидагилар Республика комиссиясининг асосий вазифалари этиб белгилансин:

мамлакатимиз фармацевтика бозорининг, жумладан, республикамизда ишлаб чиқарилган асосий дори-дармон воситалари ва тиббиёт буюмлари билан таъминланганлик даражасини тизимли таҳлил этиш ва шу асосда дори-дармон воситалари ва тиббиёт буюмлари турларини диверсификация қилиш ҳамда ички бозоримизни янада бойитишга доир таклифлар ишлаб чиқиш, аҳолини дори-дармонлар билан таъминлашга масъул давлат органлари фаолиятини такомиллаштириш;

рўйхатга киритилган ижтимоий аҳамиятга эга дори-дармон воситалари ва тиббиёт буюмлари учун қайд этилган нархларни белгилаш ҳамда уларни дори-дармон воситалари ва тиббиёт буюмлари сотадиган ташкилотларга етказишни ташкил этиш;

рўйхатга киритилган дори-дармон воситалари ва тиббиёт буюмлари нархларига риоя этилишини назорат қилиш тадбирларининг амалга оширилишини мониторинг қилиш;

қайд этилган нархлар белгиланадиган ижтимоий аҳамиятга эга дори-дармон воситалари ва тиббиёт буюмлари рўйхатига ўзгартиш ва қўшимчалар киритиш, ташхис қўйиш ва даволаш стандартларига ўзгартиш ва қўшимчалар киритилган тақдирда қарорлар қабул қилиш;

мамлакатимиз фармацевтика саноатига етакчи хорижий компаниялар ва инвесторларни янада кенг жалб этиш бўйича комплекс чора-тадбирларни амалга ошириш;

вазирлик ва идоралар, улгуржи савдо ташкилотлари раҳбарларининг дори-дармон воситалари ва тиббиёт буюмларига нарх белгилаш масаласи, шунингдек, аҳоли ва тиббиёт муассасаларининг, жумладан, мамлакатимизда ишлаб чиқарилган, сифатли дори-дармон воситалари ҳамда тиббиёт буюмларига бўлган эҳтиёжини қондиришга оид амалга оширилаётган чора-тадбирлар тўғрисидаги ҳисоботларини мунтазам эшитиш.

3. Тиббиёт муассасалари ва аҳолини дори-дармон воситалари ҳамда тиббиёт буюмлари билан таъминлашни назорат қилиш бўйича Республика комиссияси тўғрисидаги Низом 3-иловага мувофиқ;

дори-дармон воситалари ва тиббиёт буюмлари нархини тартибга солиш тўғрисидаги Низом 4-иловага мувофиқ тасдиқлансин.

4. Ўзбекистон Республикаси Ташқи иқтисодий алоқалар, инвестициялар ва савдо вазирлиги зиммасига рўйхатга киритилган импорт дори-дармон воситалари ва тиббиёт буюмларини харид қилиш учун тендер савдолари ўтказиш вазифаси юклансин.

Ташқи иқтисодий алоқалар, инвестициялар ва савдо вазирлиги:

дори-дармон воситалари ва тиббиёт буюмларининг жаҳон нархлари конъюнктурасини таҳлил қилиш асосида Республика комиссиясига ҳар чоракда рўйхатда кўзда тутилган дори-дармон воситалари ва тиббиёт буюмлари учун йўл қўйилиши мумкин бўлган чекланган шартнома қийматини белгилашга доир таклифлар киритсин, қиймати ушбу кўрсаткичдан юқори бўлган тендер таклифлари кўриб чиқилмайди;

Соғлиқни сақлаш вазирлиги, Молия вазирлиги ва бошқа манфаатдор тузилмалар билан биргаликда 2016 йил 1 декабргача рўйхатга киритилган импорт дори-дармон воситалари ва тиббиёт буюмларини харид қилиш учун тендер савдолари ўтказиш тўғрисидаги Низомни белгиланган тартибда ишлаб чиқсин ва тасдиқласин.

5. Белгилаб қўйилсинки, давлат соғлиқни сақлаш тизимидаги барча тиббиёт муассасалари рўйхатда кўзда тутилган дори-дармон воситалари ва тиббиёт буюмларини ўрнатилган тартибда Республика комиссияси томонидан белгиланган улгуржи нархлардан ошмайдиган нархда сотиб олади.

6. Ўзбекистон Республикаси Соғлиқни сақлаш вазирлиги:

энг илғор халқаро амалиётни ҳисобга олган ҳолда асосий касалликларга ташхис қўйиш, уларни даволаш ва клиник протоколлар стандартларини қайта кўриб чиқиш жадвалини икки ҳафта муддатда тасдиқласин, бунда уч ой муддатда ташхис қўйиш, даволаш ва клиник протоколларнинг янгиланган стандартлари тасдиқланишини, шунингдек, зарур ҳолларда амалдаги ташхис қўйиш, даволаш ҳамда клиник протоколларни қайта кўриб чиқишни назарда тутсин;

тасдиқланган ташхис қўйиш, даволаш стандартлари ва клиник протоколларга мувофиқ ҳар йили Республика комиссиясига рўйхатни ўзгартириш бўйича, биринчи навбатда, мамлакатимизда ишлаб чиқарилаётган маҳсулотлар турларининг кўпайишига қараб улардан фойдаланишни кўзда тутадиган таклифлар киритсин;

ташхис қўйиш, даволаш ва клиник протоколларнинг янгиланган стандартларини барча тиббиёт муассасаларига, жумладан, фойдаланиш учун очиқ бўлган ахборот тизимлари орқали ўз вақтида етказишни таъминласин ҳамда уларга риоя этилишини қатъий назорат қилсин;

бир ой муддатда энг муҳим дори-дармон воситалари ва тиббиёт буюмларининг барча дорихоналар учун мажбурий янгиланган минимал рўйхати, шунингдек, шифокор рецептисиз бериладиган дори-дармон воситалари рўйхатини тасдиқласин, унга зарурат туғилганда белгиланган тартибда ҳар йили ўзгартиш ва қўшимчалар киритсин;

юридик шахслар томонидан дори-дармон воситалари ва тиббиёт буюмларига нарх белгилаш тартиби қўпол бузилганлиги учун лицензияни бекор қилиш шартлари, шунингдек, минимал рўйхат бўйича мажбурий талабларни назарда тутган ҳолда, бир ой муддатда Фармацевтика фаолияти тўғрисидаги лицензия шартномасига қўшимчалар киритсин;

шифокорларнинг дори-дармон воситаларини тавсия этиш ва дорихоналарда дори-дармон воситаларини бериш тартиби тўғрисидаги низом лойиҳасини икки ой муддатда Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамасига тасдиқлаш учун киритсин ва унда белгиланган тартиб бузилишига йўл қўйган шахсларга нисбатан қатъий жавобгарлик чораларини назарда тутсин;

ўз расмий веб-сайти, шунингдек, дорихоналар расмий веб-сайтларида рўйхатга киритилган барча дори-дармон воситалари бўйича белгиланган нархлар тўғрисида мунтазам янгиланадиган ахборот эълон қилинишини таъминласин.

7. Ўзбекистон Республикаси Хусусийлаштириш, монополиядан чиқариш ва рақобатни ривожлантириш давлат қўмитаси ва унинг ҳудудий бўлимлари зиммасига дори-дармон воситалари ва тиббиёт буюмларининг улгуржи ва чакана савдоси билан шуғулланувчи ташкилотлар уларнинг нархини давлат томонидан белгиланган тартибга риоя этишини тизимли асосда назорат қилиш вазифаси юклансин.

8. “Ўзфармсаноат” акциядорлик компанияси Ўзбекистон Республикаси Президентининг 2016 йил 16 сентябрдаги “2016-2020 йилларда республика фармацевтика саноатини янада ривожлантириш чора-тадбирлари дастури тўғрисида”ги ПҚ-2595-сонли қарорига мувофиқ рўйхатда кўзда тутилган импорт ўрнини босадиган дори-дармон воситалари ва тиббиёт буюмлари ишлаб чиқариш билан республика эҳтиёжини максимал даражада қоплаш бўйича муҳим чораларни кўрсин.

9. Ўзбекистон Республикаси Молия вазирлиги, Марказий банк, Иқтисодиёт вазирлиги йиллик, чораклик моддий ва қиймат балансини шакллантиришда Соғлиқни сақлаш вазирлиги ва “Ўзфармсаноат” акциядорлик компанияси томонидан асосланган тайёр дори-дармон воситалари ва тиббиёт буюмларини, шунингдек, уларни мамлакатимиз корхоналарида ишлаб чиқариш учун хомашёни четдан олиб келишга бўлган эҳтиёжни ҳисобга олсин.

10. Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамасининг 1999 йил 14 январдаги “Дори-дармон воситалари ва тиббиёт буюмлари сотишни тартибга солиш тўғрисида”ги 19- ва 2000 йил 5 августдаги “Ички бозорни дори-дармон воситалари ва тиббиёт буюмлари билан таъминлашга доир қўшимча чора-тадбирлар тўғрисида”ги 307-сонли қарорлари 2017 йилнинг 1 январидан ўз кучини йўқотган, деб ҳисоблансин.

Ўзбекистон Республикаси Соғлиқни сақлаш вазирлиги Адлия вазирлиги, бошқа манфаатдор вазирлик ва идоралар билан биргаликда бир ой муддатда Вазирлар Маҳкамасига қонунчиликка мазкур қарордан келиб чиқадиган ўзгартиш ва қўшимчалар тўғрисида таклифлар киритсин.

11. Ушбу қарорнинг ижросини назорат қилиш Ўзбекистон Республикаси Бош вазирининг биринчи ўринбосари Р.Азимов ва Бош вазир ўринбосари А.Икромов зиммасига юклансин.

3 ta ovoz
Ovoz berish:
1 2 3 4 5