Shifo.uz Badantarbiya Sog‘lom bo‘lishning muhim shartlaridan biri

Sog‘lom bo‘lishning muhim shartlaridan biri

Sog‘lom bo‘lishning muhim shartlaridan biri

Har bir millat, har bir xalq o‘z nasl-nasabini va kelajak avlodini asrab avaylab, uning qadrini bilsa, unday davlatning kelajagi ham buyuk bo‘lishi muqarrardir. Chunki har qanday millatning ravnaqi umumbashariyat tarixida tutgan o‘rni va mavqeyi bevosita farzandlarning aqliy hamda jismonan etukligiga bog‘liq.
Sog‘lom bo‘lishning muhim shartlaridan biri bu badantarbiyadir. Salomatlik borasida insonga asosan uchta narsa muhim: to‘g‘ri ovqatlanish, badantarbiya, tanani ozoda tutish;
Har bir odam qaysi kasbda faoliyat ko‘rsatmasin, shu uchta narsaga amal qilish uning rejalari va orzularining maromida amalga oshishiga ko‘maklashadi. Eng muhimi u kasallikka chalinmay, doimo bardam yuradi.
Ba’zi odamlar to‘g‘ri ovqatlanishi mumkin, badanini toza tutishi ham mumkin, badantarbiyaga vaqtim yo‘q, deb aytishadi. Bu bir bahona. Lekin masala shundaki, u o‘z hayot tarzini to‘g‘ri tashkil eta bilmaydi. Uning nazarida badantarbiya vaqtni ko‘p oladiginday ko‘rinadi. 
Bunday odamlarga ajoyib bir tavsiya bor. U kundalik ish tartibiga aslo ziyon keltirmaydi. Aytaylik, kech soat 22 dan to 24 gacha bo‘lgan vaqtini badantarbiyaga berganida hech zarar ko‘rmaydi. Shunda u qattiq uxlaydi, iste’mol qilgan ovqatlari yaxshi hazm bo‘ladi. Ertalab esa o‘zini tetik his qiladi.
Bu odatni u o‘z hayotiga kiritib olguncha, bir oy qiynaladi. Chunki boshida badantarbiyadan so‘ng uyqu qochadi. Kishi o‘zini lohas sezadi va hokazo. Lekin bu hol badanni yangi hayotga moslashish, ko‘nikish davrida bo‘lishi mumkin bo‘lgan tabiiy bir holdir. Hamma narsa maqsadga , intilishga, harakatga bog‘liqdir.
Ba’zi insonlar kundalik ishi jismoniy ekanligi uchun , badantarbiya qilmasam ham bo‘laveradi , degan xayolga boradi. To‘g‘ri jismoniy mehnat ma’lum darajada badantarbiya hisoblanadi. Lekin badantarbiya jismoniy mehnatdan tubdan farq qiladi. Undagi hissiyot jismoniy mehnat jarayonidagi hissiyotdan, ruhiy holatdan tubdan farq qiladi.
Jismoniy mehnat bilan shug‘ullanuvchilar badantarbiya bilan ham shug‘ullansalar ,ular jismoniy mehnatlarini oson , erkin, charchamay bajarishlariga imkon tug‘iladi. Sog‘ligi yanada ziyoda bo‘ladi. Badantarbiya bilan faqat aqliy mehnat egalarigina shug‘ullanadi, degan fikr noto‘g‘ri.
Tabobat qonun-qoidalari hamma uchun barobardir. Xo‘sh, u qanday badantarbiya ekanki, uni kech soat 22 dan 24 gacha bajarish mumkin bo‘lsa?
Soat 22dan to 23 gacha uy ichidami, yo‘lakdami, hovlidami, qaerda bo‘lsa ham sekin lo‘killab, bir soat mobaynida yugurish, so‘ng o‘zi bilgancha gimnastika mashqlarini bajarish mumkin. Bunda har bir mashq (qo‘l yoki oyoq harakati) 3 daqiqadan 4-5 daqiqagacha takroriy bajariladi.
So‘ng boshqa ko‘rinishdagi mashqlarga o‘tiladi. Mashqlarni tugatib, iliq suvda engil cho‘milib, uyquga yotiladi. Albatta, hamma uchun kech soat 22 dan 24 gacha badantarbiya bilan shug‘ullanish shart emas. Eng muhimi badantarbiya bilan shug‘ullanib, sog‘ligi uchun manfaatli narsalarni tanovul qilishi lozim.

2 ta ovoz
Ovoz berish:
1 2 3 4 5