Shifo.uz Maqolalar Sport markazlariga borishdan avval... nimalarni bilish kerak?

Sport markazlariga borishdan avval... nimalarni bilish kerak?

Sport markazlariga borishdan avval... nimalarni bilish kerak?

Raqs qomatni ko‘rkamlashtiradi, ozish uchun esa fitnes yoki aerobika bilan shug‘ullanish kerak. Bu kabi maslahatlarni aksariyat ayollarimiz dugonasidan ko‘p bora eshitgan bo‘lsa, ajab emas.

To‘g‘ri, ko‘pchilik raqs, yoga, aerobika, davolovchi gimnastika va shu kabi muolajalarga qomatini saqlash yoki shunchaki qiziqish tufayli qatnashishadi. Ammo bular ham jiddiy muolaja turi bo‘lib, ba’zan murabbiyning maxsus bilimga ega bo‘lmaganligi tufayli ularning foydasi sezilmasligi yoki eng achinarlisi, aks ta’sir etishi mumkin.

Reabilitolog-shifokorlarning fikricha, barcha jismoniy mashqlar mutaxassis-murabbiy yordamida bajarilishi lozim. Gap maxsus davolovchi mashg‘ulotlar haqida emas, balki hozirda urfga aylangan fitnes, pilates, raqs to‘garaklari haqida bormoqda. Siz shunchaki, qo‘shningizdan eshitib yoki dugonangiz tavsiyasi bilan raqsga yoki fitnesga borishingiz yaxshi emas. Avvalambor, salomatlikni tiklash uchun gimnastikaning u yoki bu turini tanlashdan avval shifokor ko‘rigidan o‘tishingiz lozimligini unutmang. Albatta, qon va peshob tahlili muhim o‘rinni egallaydi. Masalan, kamqonlik bilan turli harakatlar va mashqlarni bajarishga tananing kuchi etmaydi. Unda peshob taxlili nimaga kerak, dersiz? Peshobni tekshirishdan ma’no shuki, u orqali buyrakning faoliyati va imkoniyatlari o‘rganiladi.

Odatda, sport zal yoki raqs studiyasida malakali mutaxassislar tibbiy ma’lumotga ega bo‘lishadi. Negaki davolovchi gimnastika va massaj tibbiy muolaja bo‘lib, uni faqatgina tibbiyot xodimi olib borishi lozim. Murabbiy mashqlarni belgilashda bemorning kasalligi hamda jismoniy ish qobiliyatini inobatga olishi kerak.

Birinchi bor sog‘lomlashtirish markaziga kelganingizda, sizdan salomatligingiz haqida surishtirishlari lozimligini unutmang. Siz maqsadingiz xoh raqsni o‘rganish, xoh ozish yoki umurt-qangizni tuzatish bo‘lsin, avvalambor, mutaxassis jismoniy ahvolingiz bilan qiziqishi kerak. Sizdagi muammodan kelib chiqib, mutaxassis mashqlar bosimi va vaqtini belgilab beradi. Yana shunga ahamiyat beringki, mashg‘ulotlar boshlanishidan oldin murabbiy sizning yurak urishingizni tekshirib ko‘rishi kerak.

Agar bunday tekshirishlar va so‘rovlar bo‘lmasa, demak, siz murojaat etgan markaz talablarga javob bermaydi.
Nima  qilish  kerak?

Agar bolani jismoniy  mashg‘ulotlarga olib bormoqchi bo‘lsangiz:

1. Avvalambor, bolaga bu mashg‘ulotlar nima uchun kerakligini aniqlab oling: qiziqishi yoki professional o‘sish uchun. Shundan kelib chiqib, mashg‘ulot turi va qancha vaqt shug‘ullanishi mumkinligini aniqlab oling.

2. Mashg‘ulot turi nafaqat sizga, balki bolaning o‘zi uchun ham qiziqarli bo‘lishi kerak.

3. Bolada jiddiy kasalliklar bo‘lmasa, uni 6-7 yoshidan sport to‘garaklariga berishingiz mumkin. Lekin sportning og‘ir turlari bilan jiddiy shug‘ullanishga hali erta. Masalan, 10 yoshdan kurash bilan shug‘ullanishi, 16 yoshdan esa shtangalar ko‘tarishi mumkin.

4. Mashg‘ulotlarni boshlashdan oldin murabbiy ota-onalardan bolaning sog‘lomligi haqida ma’lumotnoma yoki davolash gimnastikasiga berilgan shifokor tavsiyasini so‘raydi.

Agar jismoniy mashg‘ulotlar bilan o‘zingiz shug‘ullanmoqchi bo‘lsangiz:

1. Mashg‘ulot paytida ahvolingizdagi o‘zgarishlarga ahamiyat bering. Har qanday o‘zgarishlarni murabbiyga ma’lum qiling.

2. Agar sizni yurak-qon tomir kasalliklari, shu jumladan, qon bosimining oshishi bezovta qiladigan bo‘lsa, fitnes bilan shug‘ullanish sizga mumkin emas. Sizga yoga mashqlari ko‘proq mos keladi.

3. Keksa yoshdagilarga ularga mos raqs, shuningdek, yurish sporti salomatligini tiklashga yordam beradi.

Bulardan tashqari, sport markazlarida qatnashchilar yoshi, jismoniy tayyorgarligi va ahvoliga ko‘ra, turli guruhlarga ajratilgan bo‘lishi kerak. Spetsifik kasalliklari bo‘lgan kishilar alohida individual shug‘ullanishi lozim.

 

 

Ma’mura SALOMOVA,

O‘zbekiston Jismoniy tarbiya instituti o‘qituvchisi

Shifo-info.uz

2 ta ovoz
Ovoz berish:
1 2 3 4 5