Shifo.uz Yangiliklar UNING FAQAT ZARARI BOR

UNING FAQAT ZARARI BOR

UNING FAQAT ZARARI BOR

Hozirgi paytda mushkulingizni engil qiluvchi, shubha-gumonlaringizni tezda aniqlab beruvchi zamonaviy texnologiyalar haddan tashqari ko‘paygan. Ayniqsa, tibbiy va maishiy sohadagi texnik asbob-uskunalarning ming xilidan foydalanilmoqda. Vaqt va makonni tejovchi, uzoqni yaqin qiluvchi va boshqa qulayliklarni o‘zida mujassam etgan bunday aql-zakovat namunalari insoniyat tsivilizatsiyasining mahsuli ekanligini e’tirof etmay ilojimiz yo‘q. Metroda, ko‘cha-ko‘yda, avtobusda, o‘qish va ish joylarida qulog‘iga naushnik taqib olgan yigit-qizlarni ko‘p ko‘rayapmiz. Agar bu buyumdan foydalanuvchilarning umumiy sonini aniqlamoqchi bo‘lsangiz, qo‘lingizga kalьkulyator olib o‘tirmang, ya’ni har uch nafar yigit-qizdan kamida bittasi naushnik taqqan. "Ommaviy madaniyat"ning ko‘rinishlaridan biri sifatida yoshlar ongi va shuurini ishg‘ol etishga ulgurgan naushnikning inson salomatligi uchun qanchalik zararli ekanligini ular o‘ylab ham ko‘rishmaydi, butun fojia ana shunda. Bundan ularni ogoh etish, hech qanday qulaylikka ega bo‘lmagan, aksincha zarari bilan turmush tarzimizdan o‘rin olayotgan maishiy texnikaning bu turi aslida qanday xususiyatlarga ega ekanligi to‘g‘risida bong urish vaqti etdi. Toshkent shahar sog‘liqni saqlash Bosh bosh¬qarmasi tibbiy-sanitariya birlashmasiga qarashli 2-markaziy poliklinika otorinolaringologi, oliy toifali shifokor Xoldorbek To‘raqulov bilan suhbatda bo‘ldik.

– Naushnik ishlab chiqarayotgan kompaniyalar katta daromad orttirishni o‘ylaydilar, lekin, inson salomatligini emas.
– To‘g‘ri ta’kidladingiz. Hozirgi paytda naushnik taqish "moda"ga aylandi. Go‘yoki qulog‘iga shu matohni taqqan yoshlar o‘zini o‘ta zamonaviy, juda madaniyatli deb his qilayotganliklari seziladi. Yoshlarni-ku zamonaviy texnologiyalarga o‘chlikda ayblaymiz, hattoki 30-40 yosh oralig‘idagi zamondoshlarimiz ham naushnik taqib olganiga nima deysiz? Jamoat transportida ulardan biror nimani so‘rasangiz, eshitmaydilar, turtkilashingizga to‘g‘ri keladi. Buning ustiga naushnikdan taralayotgan bir xil ohangdagi musiqa miyangizga nayzadek kelib uriladi. Buning oqibati qanday yakun topishini bilmaslik yoki tan olmaslik kishida keyinchalik afsus-nadomat uyg‘otadi. Qu¬loqqa moslab chiqarilgan bunday moslamalar aslida inson salomatligi uchun emas, balki katta daromad orttirish uchun xizmat qilishini nega ko‘pchilik bir mulohaza qilib ko‘rmaydi?

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi vaqtda "Panasonik", "Sony" kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan naushniklar qatoriga yangidan-yangi firmalar mahsuloti kelib qo‘shilmoqda. Etakchi kompaniyalar tomonidan iste’molchilarga taqdim etilayotgan naushniklarga "Idea Life", ya’ni "Hayot uchun g‘oyalar" degan jozibador jumla bitib qo‘yiladi. Mahsulotdagi bu jarangdor va jimjimador so‘zlar har qanday iste’molchining diqqat-e’tiborini tortmay iloji yo‘q.
– Fizika fanidan ma’lum, tovush kuchi detsibelda o‘lchanadi, ya’ni tovushning eshitish analizatori qabul qiladigan me’yoriy o‘lchami bor. Naushnik quloqqa taqilganda, o‘z-o‘zidan ana shu normal holat buziladi. Ana shu jarayon qanday kechishiga mutaxassis-shifokor sifatida batafsilroq to‘xtalsangiz.
– Odamning quloq suprasi oddiy tuzilishga ega bo‘lib ko‘ringani bilan aslida ichkari qismi juda murakkab. Bosh miya faoliyatini uning aralashuvisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Quloqning anatomik tuzilishini bilmasdan turib fiziologiyasini tushunish qiyin. Eshitish organining tovush yig‘ib beruvchi qismi tashqarida joylashgan. Tovush bosimi nog‘ora pardaning tebranishiga olib keladi. Biz har lahzada qulog‘imiz orqali minglab tovush elementlarini qabul qilar ekanmiz, bu jarayonda ortiqcha biror vositaga ehtiyoj sezmaymiz. Agar tovush kuchi haddan tashqari baland bo‘lsa, biz beixtiyor qulog‘imizni bekitib olamiz. Chunki bu holatda me’yordagi detsibel oshgan hisoblanadi. Aksincha, detsibel o‘ta past darajada bo‘lsa ham bizning qulog‘imiz tovush kuchini normal qabul qila olmaydi. 10 detsibeldan 30 detsibelgacha bo‘lgan tovush kuchi odam qulog‘ining normal eshitishini ta’minlaydi. Naushnikdan foydalanganda qanday holat kuzatilishini endi tasavvur qilayotgan bo‘lsangiz kerak. Bu uskunaning tovushni etkazib beradigan qismi quloqqa tiqilishi bilan ostin-ustun jarayon boshlanadi. Tovush kuchi eshitish analizatoriga juda ham yaqin masofadan urila boshlaydi, quloqning nog‘ora pardasiga bosim haddan tashqari ko‘p tushadi.

Tovush kuchi 140 detsibeldan yuqori bo‘lsa, nog‘ora parda yorilib, quloq batamom ishdan chiqadi. Portativ audioelektron qurilma (irod) taqilganda, undan taralayotgan baland tovush quloq tugul, butun miyani egallab oladi. Butun diqqat-e’tibor quloq ichkarisiga kirayotgan tovush bilan band bo‘lgani bois, kishi na birovni eshitadi va na his qiladi. Naushnikdan foydalanayotgan yigit-qizlarimiz afsuski, ana shu ha¬qiqatni anglab etmayaptilar. Bu vositadan taraluvchi turli-tuman sershovqin musiqalar qu¬loqning nog‘ora pardasi orqali 70-90 detsibel oralig‘idagi to‘lqinlarda uzatiladi. Bir xil ohangdagi musiqa nafaqat quloq funktsiyasiga, balki miya faoliyatiga, ko‘rish organiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Poliklinikamizning quloq, tomoq, burun shifokorlari qabulida bo‘layotganlarning ma’lum kismi 27-28 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar bo‘lib, ular qulog‘i yaxshi eshitmayotganidan, boshi og‘riyotganidan, miyasida qandaydir shovqin borligidan shikoyat qilmoqdalar. Bunday kezda ularga "akustik jarohatlanish" degan tashhis qo‘yiladi. Bu matohdan muttasil foydalanish tufayli quloq hujayralari asta-sekin nobud bo‘la boshlaydi, ularni keyinchalik umuman tiklab bo‘lmaydi.
– Yoshlar bir-biriga taqlid qilib ham naushnikdan foydalanishga juda berilib ketmoqdalar. Siz taqdim etgan ma’lumotlardan ham ko‘rinib turibdiki, naushnikning inson salomatligini asrab-avaylashda hech qanday roli yo‘q. Xo‘sh, nima qilish kerak?
– Mamlakatimizda aholi salomatligini saqlashda mas’ul bo‘lgan tibbiyot muassasalari tomonidan targ‘ibot-tashviqot ishlari olib boribgina bu muammoga echim topish mumkin. Har bir tumanda tibbiyot birlashmasi, oilaviy poliklinikalar, qishloq vrachlik punktlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Albatta, ularning har birida tor doiradagi mutaxassislar ishlaydi. Quloq, tomoq, burun shifokori uchun alohida kabinet ochib qo‘yilgan. Taklifim otorinolaringolog kabinetining tashqari qismiga naushnikning zararli ta’siri ha¬qidagi axborot osib qo‘yilishi kerak. Kabinet esa ko‘rgazmali vositalar bilan yanada boyitilishi lozim. Respublika salomatlik va tibbiy statistika ins¬tituti shifokorlari aholining barcha qatlamlari uchun targ‘ibot-tashviqotda ko‘rgazmali vosita – plakat, buklet va ommabop qo‘llanmalarni yaratsa va tarqatsa, ko‘ngildagidek ish bo‘lar edi. Qolaversa, naushnikning zararini uqtirish va farzandining bundan foydalanishiga chek qo‘yishda ota-onalarga hushyorlik zarur. Yoshlar sun’iy tovushlardan voz kechib, tabiiy imkoniyatlardan foydalanishsin. Ayniqsa, mashina serqatnov yo‘llarda naushnik taqib yurish hayot uchun o‘ta xavfli hisoblanadi, chunki uni taqib olgan kishining asosiy diqqat-e’tibori quloqning nog‘ora pardasi orqali uzatilayotgan musiqada bo‘lib, boshqa tovush va signallarni eshitmaydi. Natijada avtohalokat sodir bo‘lishi ham mumkin. Ko‘ryapsizki, bu vosita har tomonlama hayotimizga xavf tug‘dirmoqda. Shunday bo‘lgach, nega bu vositadan voz kechmasligimiz, o‘z umrimizga zomin bo‘lishimiz kerak? Keling, barchamiz bir tan, bir jon bo‘lib, sog‘ligimiz kushandasi bo‘lgan vositalarga qarshi kurashaylik.
Hulkar KUZMETOVA suhbatlashdi.
(Maqola O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondining moliyaviy ko‘magida tayyorlandi).

Manba: uzssgzt.uz

12 ta ovoz
Ovoz berish:
1 2 3 4 5