- Maqolalar
UYIMIZDAGI “DUSHMAN”LAR
Turmushda ishlatiladigan kimyoviy vositalar uy bekasi mehnatini engillashtiradi. Biroq bilasizmi, kundalik hayotimizda uchuvchan gazlar va hasharotlarga qarshi qo‘llaniladigan turli dori vositalari organizmimizga aks ta’sir qilmay qo‘ymas ekan. Ma’lumotlarga ko‘ra, kantserogen (saraton keltirib chiqaruvchi) modda bo‘lgan benzapirenning 45 foizi sigareta orqali, 36 foizi avtomobillardan chiqadigan gazlardan, 16 foizi parfyumeriya, kosmetika va boshqa tozalovchi maishiy vositalar, kserokopiya yoki printer kukuni hamda hasharotlarga qarshi moddalar orqali, 3 foizi sanoatning ishlab chiqarish tarmoqlari orqali tanamizga kirib olib, sog‘lig‘imizga jiddiy xavf tug‘diradi.
Chang – o‘sma kasalining sababchisi Shuningdek, gilamlar orasida yashaydigan mayda hasharot va changlar ham zararli hisoblanadi. Ayniqsa, poyabzal bilan yuriladigan gilamlar o‘ziga juda ko‘p miqdorda zararli changlarni to‘playdi. Gilamdagi changlar o‘zida kadmiy, qo‘rg‘oshin kabi og‘ir metall changlari, polixlorinat biofenillar kabi zaharli moddalarni saqlashi mumkin. Gilamlar astma va allergiyani qo‘zg‘aydigan bakteriyalar uchun sevimli makon hisoblanadi. Yosh bolalar gilam ustida o‘ynayotganida yoki emaklaganida ana shunday mayda hasharot va changlarni yutishi ehtimoldan xoli emas. Shu sababli onalar yosh bolali uyda gilamning tozaligi e’tibor berish kerak.
Xlor, ohak – sog‘liqqa zarar Shu bilan birga, tozalash uchun ishlatiladigan xlor ham salomatligimiz uchun xavfli. Uni ishlatayotganda iloji boricha maxsus niqoblardan foydalanish kerak. Xususan, homilador ayollar bunday moddalarni ishlatishda ehtiyot choralarini ko‘rishlari talab etiladi.
Suvni tozalashda foydalaniladigan achchiqtosh, ohak kabi moddalarning ham sog‘liqqa zarari bor. Agar suv ohakli yoki xlorli bo‘lsa, iste’mol qilmagan ma’qul. Maishiy quvur suvlaridan esa qaynatib foydalanish kerak. Shuningdek, ko‘p miqdordagi xlorli suvda dush olish tavsiya etilmaydi. Nima qilsam ekan?
Hayotimizning har bir jabhasiga kirib borgan, ko‘plab zararli kimyoviy moddalardan vahimaga tushmaslik mumkin emas, albatta. Hozirda bu moddalarning belgilangan me’yorlarini aniqlash va sog‘liqqa zararli deb topilgan miqdordan oshmasligi uchun profilaktik choralarni ishlab chiqish borasida izlanishlar olib borilmoqda. Kimyoviy moddalarning zararli me’yorini aniq bilmaganimiz holda ularning salbiy ta’siridan saqlanish uchun nimalar qilish lozim?
- Gaz plita va o‘choqlardan bilinar-bilinmas chiqadigan gazlar zararidan saqlanish uchun oshxonani tez-tez shamollatib turish kerak. - Tarkibida zararli moddalar bo‘lgan mahsulotlarni imkon qadar ishlatmagan ma’qul. Ehtiyoj tug‘ilgan holatlarda, mahsulot etiketkasi yoki qo‘llanmasiga qarab, kerakli ehtiyot choralarni qo‘llash lozim.
- Sun’iy parfyumeriya o‘rniga tabiiy parfyumeriyalardan foydalanish maqsadga muvofiq.
- Uy tozaligi, ayniqsa, gilam, javon kabi chang yig‘iladigan joylarga alohida e’tibor berishimiz shart.
- Maishiy quvur suvlarini qaynatib yoki maxsus qadoqlangan suvlardan foydalanish lozim.
- Kasallik keltirib chiqaruvchi unsurlarni kamaytirishning imkoni bo‘lmasa, ularga qarshi kerakli tadbirlar qo‘llash kerak.
- Bundan tashqari, maishiy kimyo vositalarini ko‘p sotib olib, g‘amlab qo‘yish yaramaydi. Chunki idishning og‘zi mahkam ekanligiga to‘la ishonch hosil qilib bo‘lmaydi. Ayniqsa, bu gap fosfororganik birikmalar va uchuvchan moddalari bo‘ladigan preparatlarga tegishli.
- Hasharotlarga qarshi ishlatiladigan, tarkibida xlorlangan uglevodorodi bor patentlanmagan turli vosita va eritmalarni o‘zbilarmonlik bilan ishlatadigan odamlar katta xato qiladilar. Chunki bu dorilarning hidi ham og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.
- Oshxona va uylarga zararli hashorotlarga qarshi dori (insektitsid)larni sepish oldidan barcha idish-tovoqlar hamda oziq-ovqat mahsulotlarining ustini yaxshilab yopib quyish, bolalar va keksalar xonadan chiqib turishlari lozim. E’tibor bering! Rivojlangan mamlakatlarda foydalanishga yaroqsiz deb topilgan yoki taqiqlangan ko‘pgina kimyoviy moddalar rivojlanayotgan mamlakatlarda hali ham keng ko‘lamda ishlatib kelinmoqda. Shu bois tarkibida kimyoviy modda bo‘lgan mahsulotlarni xarid qilishda e’tibor bilan yondoshish foydadan xoli emas. Duch kelish mumkin bo‘lgan ba’zi kimyoviy moddalar va ularning qaerda mavjudligi haqida quyida berilayotgan ma’lumotlar sizga yordamchi bo‘ladi, degan umiddamiz:
1. Atseton bo‘yoq, kir yuvish kukuni, idish yuvish geli va dezodorantlarda uchraydi. Og‘iz qurishi, ko‘ngil aynishi, qayt qilishni keltirib chiqaradi. Asab tizimiga ta’sir etadi.
2. Benzaldegid soch spreyi, oqartiruvchilar, soch kremi va shampunlarda uchraydi. Ko‘z, teri, o‘pka uchun zararli narkotik hisoblanadi.
3. Benzil atsetat parfyumeriya, yumshatuvchilar, sovun spreyi, oqartiruvchilar tarkibida mavjud bo‘lib, kantserogen modda hisoblanadi.
4. Kamfora parfyumeriya, krem, kosmetika vositalarida uchraydi. Nafas yo‘llariga kirishi inson salomatligi uchun xavfli.
5. Etanol aksar kosmetika va tozalik vositalarida uchraydi. Holsizlik va asab tizimi kasalliklarini keltirib chiqaradi.
6. Limonen kosmetikada ishlatiladi. Ko‘z va teri uchun zararli. Hidlash mumkin emas.
Manba: Samimiyat.com
2 ta ovozOvoz berish: