- Yangiliklar
UZOQ UMR KORISHNING ASOSIY OMILLARI
Insoniyat hamisha yorug‘ kelajakka intilib yashagan. U ilmiy-texnika inqilobi natijasida tabiatning ko‘plab sir-asrorlarini bilib oldi. Biroq, inson uning salbiy oqibatlari namoyon bo‘lishiga ham guvohdir. Masalan, transport shovqinlari, jismoniy toliqish, kam harakatchanlik, turli ziddiyatli vaziyatlar, ruhiy-ma’naviy nomukammallik, surunkali asabiylik, ruhiy zo‘riqishlarga sabab bo‘lmoqda. Xastaliklarning kelib chiqish sabablari xilma-xil. Ulardan eng asosiysi insonning ruhiy muammolaridir.
Inson tashqi olam bilan turfa munosabatlarda bo‘ladi, har xil odamlar bilan muomala qiladi. Ayniqsa, ruhiy holat bilan jismoniy holat o‘rtasidagi muvozanat, barqarorlik, uyg‘unlik, sihat-salomatlik uzviy bog‘liq bo‘ladi. Bunda tashqi ta’sirlar tufayli yuzaga kelgan ichki holatni boshqara bilish – katta iroda mahsulidir.
Emotsiya – bu biologik ehtiyojlarni tezda baholash va qondirishga bo‘lgan zaruriyat hisoblanadi. Emotsiyasiz hayot bo‘lmaydi. Emotsiyalar (ehtiroslar) – sub’ektiv sezgi sifatida turlarning saqlanib qolishida yashash uchun kurashda muhim ahamiyat kasb etadi va ular bosh miyaning maxsus limbik qismi tomonidan boshqariladi hamda dastlab bosh miyaning po‘stlog‘iga yo‘naltiriladi, so‘ngra vegetativ asab tizimi va endokrin bezlar orqali ichki a’zolarga yo‘naltiriladi, shuningdek, tezda butun tanani to‘liq qamrab oladi. Oiladagi, ishdagi va jamiyatdagi ziddiyatlar salbiy emotsional qo‘zg‘alishga sabab bo‘ladi, noxush qo‘zg‘alishlar bosh miyaga tarqalsa nevrozlarni, a’zolarga tarqalsa turli ichki kasalliklarni keltirib chiqaradi. Salbiy emotsiyalar inson salomatligiga o‘zining ta’sirini o‘tkazib, turli kasalliklar rivojlanishiga va surunkali xastaliklarning qaytalanishiga olib keladi.
Psixoemotsional zo‘riqish yurakning ishemik kasalligi, qon bosimi oshuvi, atero¬skleroz, nevrozlar, oshqozon va 12 barmoq ichak yara kasalligi, o‘sma shishlar, qandli diabet, tireotoksikoz va shunga o‘xshash ko‘plab kasalliklarga olib keladi. Chunki bunda asab tolalari doimo zo‘riqadi, taranglashadi, oqibatda ruhiy va jismoniy quvvat taqsimotida buzilish ro‘y beradi. Oilada, ishda va jamiyatda yuz berib turadigan ziddiyatli holatlar – salbiy emotsional stresslar bu muvozanatni izdan chiqaradi.
Odatda stress degan so‘zni eshitganda biz uni, albatta, zararli bir omil sifatida tushunishga o‘rganganmiz. "Stress" har qanday tirik organizmning ichki muhiti doimiyligi (gomeostazi)ni saqlab qolishga qaratilgan umumiy moslashuv javobi bo‘lib hisoblanadi. Stress¬lar va salbiy emotsiyalar bizning salomatligimizga o‘z ta’sirini o‘tkazmasligi uchun emotsional holatimizni boshqara olishimiz va ularga ma’lum darajada ijobiy ta’sir ko‘rsata olishimiz hamd¬a ushbu vaziyatlarni, salbiy emotsional kechinmalarni chetlab o‘tishimiz kerak.
Stress sindromi 3 bos¬qichda kechadi:
1. Hayajonlanish yoki bezovtalanish;
2. Qarshilik ko‘rsatish;
3. Holdan toyish bosqichi.
Inson o‘zining ruhiy-ma’naviy olamini rivojlantirish borasida tinmay ishlashi lozim. Ichki olam, ong, ruhiyat, aqliy qobiliyat, his-tuyg‘u, iroda, bilim va boshqa xususiyatlarni kamol toptirish – insonni har qanday cheklanishlar doi¬rasidan olib chiqadi, uni turli holatlardan holi etadi.
Ruhning me’yoriy holatni buzuvchi sabablar insondagi salbiy xislatlardir. Masalan: jahl chiqish, o‘zini tuta bilmaslik, qo‘rquv, jur’atsizlik, irodasizlik, faoliyatsizlik, johillik, xudbinlik, tushkunlik. Ichki muvozanatning buzilmasligi har qanday tashqi ta’sir va hujumga kuchli qarshilik yaratadi.
Insonlar 5 ta ruhiy sababga ko‘ra kasallanadilar: qahr-g‘azab, xafagarchilik (alam), ayb¬dorlik hissi, injiqlik, hayotdan qo‘rqish. Jamoatchilik orasida o‘zini to‘la-to‘kis baxtli his qiladigan, o‘z fikr-o‘ylari, intilishlarini butun borlig‘i bilan ro‘yobga chiqarishga urinadigan odam ruhiy tomondan sog‘-salomat bo‘ladi.
Ruhshunoslarning ta’kidlashicha, ruhiy salomatlik alomatlari quyidagilardan iborat:
1. Insonning o‘z-o‘ziga ijobiy baho berishi.
2. Shaxsning zo‘r berib rivojlanishi va o‘sishi.
3. Ruhiy bir butunlik.
4. Shaxsiy anatomiya.
5. Atrofni o‘z holicha qabul qilish.
6. Atrofdagilarga baravar ta’sir qila olish.
Inson umrini qisqartiruvchi ta’sirlar orasida g‘am-kulfat, tushkunlikka tushish, siqilish, qo‘rquv, hasad, ko‘raolmaslik va irodasizlik hollari asosiy o‘rinni egallaydi. "Odamning yomon kayfiyati, – degan edi Lev Tolstoy, – avvalo uning o‘zini, shuningdek, boshqalarni ham baxtsiz qiladi. Yaxshi kayfiyat esa bamisoli yog‘ bo‘lib, hayot g‘ildiragini aylantiradi".
Odam tanasida simpatik va parasimpatik nerv tizimi dinamik muvozanatda bo‘ladi. Ushbu dinamik muvozanat buzilsa, inson kasallikka chalinadi. Masalan, simpatik nerv tizimining faoliyati tezlashib ketsa, yurak urishi tezlashadi, odamning rangi oqaradi, qon tomirlar kengayadi, qon bosimi oshadi, ko‘z qorachiqlari kattalashadi, og‘zi quriydi. Bunday belgilar odatda inson xursand bo‘lganda, hayajonlanganda yuz beradi, organizmda esa ko‘p energiya yo‘qotiladi, bu ener¬giya¬ni tiklash uchun parasimpatik nerv tizimi ishga tushadi. PulÑŒs sekinlashadi, so‘lak ajraladi, qonda qand miqdori kamayadi, oshqozon ovqat talab qiladi. Agar bu nerv tizimi uzoq vaqt tinmasdan ishlasa, ko‘pgina oshqozon-ichak kasalliklari, bronxial astma kabi xastaliklar kelib chiqadi.
Olimlarning bergan ma’lumotiga qaraganda, xastaliklarning 80 foizdan ortig‘i bemorning asabiy taranglik holatiga bog‘liq bo‘lar ekan. Agar sizning ongingiz qalbingiz bilan kelishib ishlamasa, vegetativ va endokrin sistemalar tartibi buziladi, natijada vujud faoliyatining buzilishlari yuzaga keladi. Ruhshunoslarning fikricha, har bir shaxs o‘zining sevgan mashg‘uloti bilan shug‘ullanish davrida oladigan quvonchi va zavqi immunitet tizimining eng kuchli rag‘batlantiruvchisi bo‘lib xizmat qilar ekan.
Depressiya – uzoq vaqt mobaynida o‘ta tushkun kayfiyat, fikrlar karaxtligi va har qanday ongli faoliyatga bo‘lgan intilishning so‘nishi bilan kechuvchi kasallikdir. Ayollar erkaklarga qaraganda 2 barobar ko‘proq depressiyaga chalinishadi.
Depressiya – o‘ziga ishonmaslik ruhidagi g‘amginlik, tushkunlik kayfiyati, umidsizlik, tasavvurlarning bir qolipga tushib qolishi, xohish-istakning kamayishi, harakatlarning chegaralanishi bilan namoyon bo‘ladi. Ushbu holatlar ko‘pgina ruhiy kasalliklarda kuzatiladi. Surunkali o‘ta toliqish ruhiy ozor etkazadigan sharoit, g‘am-g‘ussalar ham depressiyaga sabab bo‘lishi mumkin. Depressiya alomatlari turlicha namoyon bo‘ladi. Ba’zi turlarida fikrlash, savollarga javob qaytarish, ba’zan hatto harakat qilish qi¬yinlashadi. Bemor g‘amgin ko‘rinadi, ayni vaqtda ishtahadan qolib, ozib ketadi, yurak urishi va qon bosimi o‘zgaradi, boshi og‘riydi, qabziyat bo‘ladi, terisi qurishib qoladi yoki ter bosadi.
Depressiyaning ba’zi turlarida bemor o‘zini irodasizlikda ayblaydi, kasallikka, azob-uqubatlarga duchor bo‘ldim deb o‘ylaydi, oilasi uchun keraksiz kishi, gunohkor deb hisoblaydi. Ushbu holat moddalar almashinuvining buzilishi va endokrin kasalliklar bilan birga kechadi.
Salomatlikni tiklashdagi chora-tadbirlar:
* Uyda, ishda, jamoada sog‘¬lom ruhiy muhitni yaratish, bir biriga yaxshilik istagi va o‘zgalarga quvonch baxsh etish inson umrini uzaytiradi.
* O‘ksinish, xafagarchilikni tezda yoddan chiqarish, kek saqlamaslik, ehtiroslarni tiya bilish asab tizimini mustahkamlaydi.
* Bir vaqtning o‘zida kulish ham yig‘lashni beg‘ubor bolalardan o‘rganish zarur. Emotsiyalarni chiniqtirish va tarbiyalash lozim.
* Asabiylashish tufayli paydo bo‘lgan adrenalin (energiya)ni mushaklarga berish lozim, shunda asab tolalari va qon tomirlar himoyalanadi.
* Yoqimli musiqaning salbiy emotsiyalarni bosish va charchoqlik hissini yo‘qotishda ahamiya¬ti katta.
* Musiqa va she’riyat insonning so‘z orqali ifodalay olmagan nozik tuyg‘ularini ifoda etadi va tanaga orom bag‘ishlaydi.
* Ijobiy stresslar, haqiqiy kulgu va jilmayish bosh miya qon tomirlari orqali o‘tadigan qon miqdorini oshirib, miya to‘qimasini kislorod bilan ta’minlanishini yaxshilaydi.
* Chin kulgu miyani chiqindilardan tozalab, ruhiyatni tetik va engillashtiradi, kayfiyatni ko‘tarib, taranglashishni kamaytiradi.
* Ertalab odatdagidan 10 daqiqa oldin turing, kiyadigan kiyimlar, zaruriy ish qog‘ozlari, hujjatlarni yotishdan oldin tayyorlab qo‘ying va h.k.
* Xotirangizga ishonmang, kundalik tuting va eng asosiy ishlarni yozib boring.
* Bugungi ishni ertaga qo‘ymang, bu stress chaqiradi.
* Zerikarli, hayotdan noliydigan insonlardan yiroq bo‘ling.
* Ish paytida vaqti-vaqti bilan mashqlar bajaring, bir xil holatda ko‘p o‘tirib qolmang.
* 7-8 soat to‘yib uxlang.
* Ish qog‘ozlaringiz, narsalaringiz, uydagi jihozlarni tartibga va bir tizimga keltirib oling.
* Chuqur, sekin nafas oling va chiqaring hamda bo‘shashing. Asabiylashsangiz bir necha marta chuqur-chuqur nafas oling va jilmaying.
* Kundalik turmushni yaxshi tomonga o‘zgartiring, yangi soch turmagi, yangi kiyim, kostyum va h.k., bu sizga hayotiy quvonch bag‘ishlaydi, o‘zingizga hurmatingiz ortadi.
* Dam olish kunlarini yaxshi o‘tkazishga harakat qiling, ijodiy yondoshing, bir xil turmush tarzini yaxshi tomonga o‘zgartiring.
* Kechirimli bo‘ling, unuting, shikoyat, arz qilmang, baqirmang, odamlardan nolimang, ularning xarakteri va imkoniyatlari har xil ekanini tushuning.
* Faqat yaxshi niyatda yuring, fikringiz ezguliklar bilan band bo‘lsin.
Frantsuz olimlari ho‘l meva ko‘p iste’mol qiluvchilar ruhiy tushkunlik, depressiya xastaliklariga kamroq chalinishi va kayfiyatlari doimo a’lo bo‘lib yurishlarini isbotladilar. Shuning uchun to‘g‘ri ovqatlanishga e’tibor bering va ho‘l mevalarni ko‘proq iste’mol qilishga odatlaning!
Nasiba AKROMOVA, Respublika salomatlik va tibbiy statistika instituti uslubiyatchi vrachi.
Manba: Uzssgzt.uz
Ovoz berish: