- Xalq Tabobati
Valeriana o‘simligi haqida
 
        Tabobatda  yurak va qon-tomir kasalliklarini oldini olish hamda  davolashda, ayniqsa  asab sistemasini tinchlantirishda dorivor  o‘simliklar va ulardan  olinadigan dori vositalari keng miqyosda  ishlatiladi. Dorivor valeriana  ana shunday dorivor o‘simliklar sarasiga  kiradi. Mamlakatimiz  mustaqillikka erishgach, ayrim xo‘jaliklarda  chunonchi Namangan viloyati  Pop tumanidagi Abu Ali ibn Sino nomli  ixtisoslashgan davlat o‘rmon  xo‘jaligida va Toshkent viloyati  Y.Oxunboboyev nomli ixtisoslashgan  davlat o‘rmon xo‘jaligida hamda  Parkent tumanidagi ayrim shaxsiy  xo‘jaliklarda dorivor valeriana ekib  o‘stirish borasida ma’lum ijobiy  ishlar amalga oshirildi va  Respublikamizning tog‘li hududlarida mazkur  dorivor o‘simlikning  yetishtirish mumkinligi isbotlandi. Hozirgi vaqtda  respublikmizning  ixtisoslashgan davlat o‘rmon xo‘jaliklarida o‘ndan  ortiq dorivor  o‘simliklar ziroat qilinmoqda, valeriana shular  jumlasidandir.
Dorivor  valeriana – Valeriana officinalis L,  valerianadoshlar (Valerianaceae)  oilasiga mansub, ko‘p yillik o‘t  o‘simlik, ildizpoyasi qisqa va  ko‘pgina mayda ildizchalar bilan  qoplangan bo‘lib, yer ostida tik  joylashgan.
Ildizpoyadan  birinchi yili ildizoldi to‘pbarglar,  ikkinchi yilidan boshlab poya o‘sib  chiqadi. Poyasi tik o‘suvchi  1.5-2.0 metrgacha yetadi. Silindrsimon,  mayda qirrali shoxlanmagan  (ba’zan yuqori qismlari shoxlangan), ichi  kovak, yuqori qismi tuksiz,  pastki qismi esa tuklar bilan qoplangan.  Bargi oddiy, toq patli  ajralgan, 4-11 juft sigmentlar (bo‘lakchalar)dan  iborat. Ildizoldi  barglari uzun bandli bo‘lsa, poyadagi barglar bandi  poyaning yuqori  qismiga yetgani sari qisqara boradi. Barglari poyada  qarama-qarshi  joylashgan. Gullari mayda, hidli, poya uchida qalqonsimon  yirik  ro‘vakchaga to‘plangan. Kosacha barglari gul ichiga qarab  qayrilgani  sababli aniq bilinmaydi. Gultojisi varonkasimon besh  bo‘lakli, uchi  ichkariga qayrilgan, oq yoki pushti rangli, otaligi 3 ta  onalik tuguni 3  xonali, pastda joylashgan. Mevasi – cho‘ziq tuxumsimon,  och qo‘ng‘ir  pista. Valeriana o‘simligi urug‘ini 1000 donasining  og‘irligi – massasi  0.4-0.6 grammni tashkil qiladi. May oyining oxiridan  boshlab avgust –  senyatbr oylarigacha gullaydi.
Valeriana  turkumiga kiruvchi  turlar polimorf o‘simliklar hisoblanadi. Dunyoda  yovvoyi holda ularning  250 ga yaqin turlari qayd qilingan. Shimoliy va  Janubiy Amerika,  Yevropa va Osiyoning tog‘li mintaqalarida tarqalgan.  Sobiq ittifoq  hududida 23 tur, O‘rta Osiyoda 12 tur, Respublikamizda esa  3 tur  uchraydi. Valeriana turlari tabiatda tarqoq holda uchragani bois  tabiiy  zaxiralari farmatsevtika sanoati hamda aholi talabini  qondiraolmaydi.  Tabobatda asosan dorivor valeriana – Valeriana  officinalis L,  ishlatiladi, mazkur tur maxsus xo‘jaliklarda ekib  o‘stiriladi. Dori  vositalari tayyorlash uchun valerianani ildizi va  ildizpoyasi  ishlatiladi. Buni dorishunoslik amaliyotida “Valeriana  ildizi” deb  atashadi.
Valerianani urug‘lari pishib yetilgandan  so‘ng, yer  ostki qismlari kovlab olinadi. Plantatsiyalarda o‘stirilgan  valerianani  vegetatsiyani ikkinchi yili maxsus konstruksiyali pluglar  yordamida  yoki ketmonlar vositasida kovlab yig‘ib olinadi va ildizpoyasi  poyadan  ajratiladi.
Valeriana o‘simligini ildizi va ildizpoyasi   tarkibida 0.5-2% efir moyi va sof holda izovalerian kislotasi bo‘ladi.   Valeriananing efir moyi asosan ingichka ildizlarda, izovalerian kislota   esa, yug‘on va qari ildizpoyalarda ko‘proq bo‘ladi. Bu moy tarkibida   izovalerian kislotaning barniol spirti bilan hosil qilgan murakkab efiri   – barniolizovalerianat, shuningdek barniolning sirka, chumoli   kislotalari bilan hosil qilgan murakkab efiri hamda terpeniol, pinen,   kamfen, azulen, kessil spirti (proazulen), limonen, sof holdagi barneol,   izovalerian kislota va boshqa birikmalar bo‘ladi.
Mahsulot   tarkibida efir moyidan tashqari 0.01% ga yaqin alkoloidlar (xatinin,   valerin, aktenidin va boshqalar), uchuvchan asoslar, valerid glikozid   pochul spirti, oshlovchi moddalar, sanoninlar, qandlar, olma, sirka va   boshqa kislotalar bo‘ladi. Valerianani bizning respublikamiz sharoitida   kuzda va erta bahorda ekish tavsiya etiladi. Ayrim mintaqalarda,  hususan  yog‘ingarchilik ko‘p bo‘ladigan Rossiyaning bir qator  viloyatlarida yoz  oylarida ham ekish mumkin.
Kuzda yer shudgor  qilinib, molalanib  tekislanadi, chizellanib begona o‘tlar qoldiqlaridan  tozalangan maydonga  60 sm kenglikda egat olinib, har bir gektar yerga  7-8 kg miqdorda urug‘  sepib chiqiladi, qadalgan urug‘ning chuqurligi  1-1.5 smdan oshmasligi  kerak. Valeriananing urug‘i sovuqga chidamli  bo‘lib, tuproq harorati 50 S  bo‘lganda unib chiqadi. Ammo urug‘ unib  chiqishining optimal darajasi  15-200 S ni tashkil qiladi. Ob-havo  sharoiti yaxshi bo‘lgan davrlarda  urug‘ yerga qadalgandan so‘ng 15-20  kun o‘tib urug‘ unib chiqadi.  Vegetatsiyaning ikkinchi va kelasi  yillarida yerdan qor ketgan zahoti  valeriana maysalari unib chiqadi.  Valerianani parvarish ishlari maysalar  orasini yumshatish, chopiq  qilishdan boshlanadi. Unib chiqgan nihollar  mahalliy va mineral  o‘g‘itlar bilan oziqlantirilib chiqiladi.
Har  bir gektarga 30-40  kg dan azot va fosforli mineral o‘g‘itlar berish  tavsiya etiladi.  Valerianaga ishlov berish davrida, uning yerosti  ildizpoyasi va  ildizlari massasi katta bo‘lishligi uchun, o‘sib chiqgan  gul poyalari  olib tashlanadi. Valerianani urug‘dan tashqari ko‘chatlari  orqali ham  ko‘paytirish mumkin. Buning uchun maxsus niholxona (pitomnik)  tashkil  qilinib ko‘chatlar yetishtiriladi va yetilgan niholchalar ochiq  yerga  ko‘chirilib o‘tkaziladi. O‘tqazilgan har bir nihol oralig‘i 10-15  sm  bo‘lishligi va zudlik bilan sug‘orilishi kerak.
Valerianani   ildizlari vegetatsiyani ikkinchi yilining ohirida, o‘simlik urug‘lari   pishib yetilgandan so‘ng kovlab olinadi. Har bir gektar maydondan 15-20   sentnerdan quruq holda ildiz kovlab olinadi. Yig‘ib olingan mahsulot   tuproqdan tozalanib, mahsus idish yoki savatlarga solib suvda yuviladi.   Suvi selgishi uchun biroz vaqt ochiq yerda qoldiriladi va havo kirib   turadigan joyda yoki qurutgichda 35-400 S da quritiladi. Valeriananing   ildizi va ildizpoyasi ho‘lligida hidsiz va oqish bo‘lib, quritilgandan   so‘ng qo‘ng‘ir ranga aylanadi hamda o‘ziga xos “valeriana hidi”ga ega   bo‘ladi. Bu o‘zgarishlar quritish davrida yuz bergan fermentatsiya   jarayoni natijasidir.
Umuman olganda, farmatsevtika sanoati   korxonalari ehtiyojlarini dorivor o‘simliklar xomashyosi bilan   to‘la-to‘kis, uzliksiz ta’minlash, hamda dorivor o‘simliklar homashyo   bazasini yaratish uchun ularni ekib o‘stirish, hamda ularning ekin   maydonlarini kengaytirib, dorivor o‘simliklar dehqonchiligini   respublikamizda rivojlantirish, qishloq xo‘jaligimiz fanlari oldidagi   asosiy vazifalardan hisoblanadi.
“Shifobaxsh” ilmiy-ishlab chiqarish markazi Agro.uz
 16 ta ovoz
16 ta ovoz    
    
    
    
    
    Ovoz berish:
 
                         
                         
                        