Shifo.uz Vitaminlar Vitamin D… sizda etarlimi?

Vitamin D… sizda etarlimi?

Vitamin D… sizda etarlimi?

Bugungi kunda ko‘plab ommaviy axborot vositalarda D vitamini etishmasligini hijobning zararlaridan biri sifatida qayd etilmoqda. Shu boisdan muslima opa-singillarimiz uchun bu mavzu qiziqarli bo‘lsa kerak.
Avvalo vitamin D haqida biroz ma’lumot berib o‘tsak. D guruhi vitaminlari ko‘plab bilogik faol moddalarni o‘z ichiga oladi. Ular orasida inson salomatligi uchun eng ahamiyatlisi xolekalsiferol bo‘lib, vitamin D deyilganda, odatda, u nazarda tutiladi. Kaltsiferol (vitamin D) moddalarning mineral almashinuviga ta’sir ko‘rsatadi.
Uning asosiy funktsiyasi esa ichaklarda kaltsiy va fosforning so‘rilishini ta’minlab turishdan iborat bo‘lib, bu moddalarning birikishidan yangi suyak to‘qimalari hosil bo‘ladi. Bu jarayon remineralizatsiya deb nomlanadi. Bu, ayniqsa, singan joylarning bitib ketishi va osteoporoz alomatlari mavjud bo‘lganda muhim ahamiyatga ega. 
Organizmda bu vitaminning etishmovchiligi asta-sekin osteoporoz – suyak to‘qimalari zichligining kamayishiga olib kelishi mumkin. Kaltsiyning organizmga kam miqdorda so‘rilishi asab hujayralari faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Umuman olganda, yurak-tomir hamda muskul tizimlarining faoliyati organizmda kaltsiyning normal so‘rilishiga bog‘liq. 
D vitamini bolalar uchun alohida ahamiyatli bo‘lib, ularda D vitamin etishmovchiligi raxitni keltirib chiqaradi. Bu esa bola suyaklarining yumshab ketishi, deformatsiyalanishi, oqibatda bola qomatining noto‘g‘ri rivojlanishiga olib keladi. Sog‘lom kishining vitamin D ga bo‘lgan sutkalik ehtiyoji 15mkg (600 xalqaro birlik) ni tashkil qiladi. 
Muammo nimada?
D vitaminining asosiy manbayi quyosh hisoblanib, quyosh nuri inson badaniga bevosita ta’sir qilishi kerak. Ko‘pchilik muslima ayollar esa ko‘chaga kam chiqadi, chiqqanda ham satri avrat bilan chiqishadi. Bu esa quyosh nuridan badanimiz to‘silib, vitamin D tanqisligiga olib kelishi mumkin. Natijada organizmga kaltsiy moddasi so‘rilishi kamayib, yuqorida aytib o‘tilganidek qator muammolar vujudga keladi.
Nima qilish kerak?
Avvalo, shuni ta’kidlash kerakki, D vitamin hosil bo‘lishi uchun quyosh nuri butun badanga ta’sir qilishi shart emas. Mazhabimizda ayollarga yuzini va ikki kaftini ochib yurishga ruxsat berilgan. Bu mazkur vitaminni olish uchun kifoya qiladi. Uy bekalariga esa haftada ikki marta quyoshli kunda tushgacha 15 daqiqalik sayrni tavsiya qilamiz. Shuning o‘zi insonning sutkalik ehtiyojini qondirish uchun etarli hisoblanadi. 
Shu bilan birga tunes va boshqa baliq moylari hamda sut mahsulotlari tarkibida ham vitamin D mavjud bo‘lib, ular sizga yordamchi manba bo‘lishi mumkin.
Qo‘shimcha ma’lumot
Ma’lumot o‘rnida shuni aytib o‘tish kerakki, vitamin D etishmasligi bilan birga organizmda uning miqdori ko‘payib ketishi ham muammolarga sabab bo‘ladi. Natijada mushak va to‘qimalarda og‘riq, moddalar almashinuvi hamda yurak-tomir faoliyatining buzilishi kuzatilishi mumkin.
Xulosa
Ba’zi mutaxassislarning muslima ayollarga bu boradagi malomatlari o‘rinsiz. Chunki bu muammo ko‘proq quyosh kam chiqadigan joylarda kuzatiladi. Alhamdulillah, Vatanimiz serquyosh o‘lka. Shuning uchun, xavotirga o‘rin yo‘q, desak ham bo‘ladi.

15 ta ovoz
Ovoz berish:
1 2 3 4 5