Shifo.uz Maqolalar Vabo - sababi, alomatlari va davolash

Vabo - sababi, alomatlari va davolash

Vabo - sababi, alomatlari va davolash

Vabo - bu Vibrio cholerae deb nomlangan grammusbat mikroorganizm keltirib chiqaradigan ingichka ichakning o'tkir infeksiyasi bo'lib, u suvsizlanishga, oliguriya va qon tomirlari yetishmovchiligiga olib keladigan ko'p miqdordagi suvli diareyani keltirib chiqaradigan toksin ajratadi. Infeksiya odatda ifloslangan suv yoki dengiz mahsulotlari orqali sodir bo'ladi. Tashxis najas bakposevi yoki serologik tekshiruv orqali amalga oshiriladi. Davolash elektrolitlarni o’rnini bosish, antimikrobli terapiya, doksisiklin va ko'p miqdorda regidratatsiya bilan amalga oshiriladi.

Vabo alomatlari Foto: pikabu.ru


Vabo qo'zg'atuvchisi - bu ingichka ichakning shilliq qavati orqali izotonik elektrolit eritmasining gipersekretsiyasini keltirib chiqaradigan enterotoksinlar, oqsillarni hosil qiluvchi qisqa, egri, harakatchan aerob grammusbat tayoqchadir. Ushbu patogenlar ichak devorlarini ta’sirlantirmaydi, shuning uchun najasda leykotsitlar kam yoki umuman yo'q bo’ladi.

El Tor va klassik V. cholerae 01 biotiplari ham og'ir kasalliklarga olib kelishi mumkin. Ammo yengil yoki asemptomatik infektsiyalarni hozirgi kunda yetakchi El Tor biotiplari va 01, 0139 bo'lmagan V. cholerae serogruppalari keltirib chiqaradi.

Vabo ichimlik suvi, dengiz maxsulotlari yoki simptomatik yoki asemptomatik infeksiyalarga chalingan odamlarning najaslari bilan ifloslangan boshqa oziq-ovqat mahsulotlari bilan tarqaladi. Vabo bilan kasallanganlar bilan yashovchilarda yuqtirish xavfi yuqori, bu umumiy ifloslangan oziq-ovqat va suv manbalari orqali amalga oshadi. Odamdan odamga yuqish ehtimoli kam, chunki u katta miqdordagi patogen moddalarni talab qiladi.

Vabo Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika, Janubiy Amerika va Markaziy Amerikaning ayrim qismlarida va AQShning Meksika ko'rfazi qirg'og'ida tarqalgan. 2010 yilda kasallik Gaitida sodir bo'lib, keyinchalik Dominikana Respublikasi va Kubaga tarqalgan. Yevropa, Yaponiya va Avstraliyaga olib kelingan yuqumli kasallik mahalliy kasalliklarga sabab bo'lgan.

Endemik hududlarda epidemiya odatda issiqroq oylarda ro'y beradi. Bolalar orasida kasallanish darajasi eng yuqori. Yangi kasallik tarqalgan hududlarda epidemiyalar yilning istalgan vaqtida yuz berishi mumkin, hamda barcha yoshdagilar kasallikka bir xil darajada sezgir bo’ladi.

Gastroenteritning yengil shakllari xolera bo'lmagan vibrionlardan kelib chiqadi.

Infeksiyaga moyillik har xil kechadi; Chunki, vibrionlar oshqozon kislotasiga sezgir bo'lib, gipoxlorid va axloridiya kasallik uchun ijobiy omil hisoblanadi.

Endemik hududlarda yashovchi odamlar asta-sekin patogenga qarshi immunitetga ega bo'ladilar.


Vabo kasalligi - klinik ko'rinishlari

Vabo uchun inkubatsiya davri 1-3 kun. Vabo subklinik tarzda, yengil va asoratsiz diareya epizodi yoki tez va o'limga olib kelishi mumkin bo'lgan kasallik sifatida paydo bo'lishi mumkin.

Kuchli, og'riqsiz, suvli diareya va qayt qilish odatda dastlabki alomatlardir. Ko'ngil aynishi odatda bo’lmaydi. Kattalardagi najas miqdori 1 L / s dan oshishi mumkin, lekin odatda ancha kam bo’ladi. Ko'pincha najas oq, suyuq najasli material (guruchga o'xshash najas) ko’rinishida bo’ladi.

Kasallik natijasida suyuqlik va elektrolitlarning ko’p miqdordagi yo'qotilishi kuchli chanqoq, oliguriya, mushakdaki og’riq, zaiflik va to'qima elastikligining sezilarli pasayishiga, ko'zlarning cho'kishi va barmoqlaridagi ajinlar paydo bo'lishiga olib keladi. Gipovolemiya, gemokontsentratsiya, oliguriya va anuriya, shuningdek kaliy yo'qotilishi bilan og'ir metabolik atsidoz (ammo qon zardobida normal natriy konsentratsiyasi)holatlari bo’lishi mumkin. Agar davolanish amalga oshirilmasa, qon tomirlari yetishmovchiligi, algid va koma bo'lishi mumkin. Uzoq muddatli gipovolemiya buyrak tubulyar nekroziga olib kelishi mumkin.

Ko'pgina bemorlar diareya to'xtaganidan 2 hafta o'tgach V. cholerae bakteriyasidan xalos bo'lishadi; o't yo'llarida mikroorganizmlarning surunkali tashilishi kam uchraydi.


Vabo kasalligi - tashxislash

Najas posevi va serotiplash

Vabo tashxisi najas posevi orqali tasdiqlanadi (maxsus vositalar tavsiya etiladi) va qo'shimcha sifatida keyin serotiplanadi. V. cholerae uchun testni ma'lumotnoma laboratoriyalarida olish mumkin; PCR ham tashxisda qo’llanilishi mumkin. Vabo kasalligi bo'yicha tezkor tahlil chiziqlari laboratoriya imkoniyati cheklangan hududlarda joylashgan davlat sog'liqni saqlash muassasalarida foydalanish uchun mavjud.

Vaboni, enterotoksin hosil qiluvchi ichak tayoqchasi, Salmonella va Shigella shtammlari keltirib chiqaradigan klinik o'xshash kasallikdan ajrata bilish kerak.

Zardob elektrolitlarini, karbamid azotini va kreatininni o'lchash kerak.


Vabo kasalligi - davolash

  • Suyuqlikni tiklash

  • Sezgirlik test natijalariga qarab, doksisiklin, azitromitsin, furazolidon, trimetoprim / sulfametoksazol (TMP / SMC) yoki siprofloksatsin kabi vositalarni qo’llash mumkin.


Suyuqlikni tiklash

Suyuqlikning yo'qolishini tiklash muhim ahamiyatga ega. Yengil kasallik standart og'iz regidratatsiyasi formulalari bilan davolanadi. Jiddiy gipovolemiyani tezkor tuzatish hayotni saqlab qolish uchun zarur. Metabolik atsidoz va gipokalemiyaning oldini olish yoki tuzatish muhim ahamiyatga ega. Gipovolemiya va og'ir suvsizlanish bilan og'rigan bemorlarga tomir ichiga yuborilgan izotonik suyuqliklardan foydalanish kerak. Suvni ham cheklnmagan miqdorda og'iz orqali berish kerak.

Vaboni davolashFoto: cgon.rospotrebnadzor.ru


Kaliy yo'qotilishini tiklash uchun vena ichiga yuborilgan eritmalarga kaliy xlorid qo'shilishi yoki kuniga 4 marta eritma sifatida 10% kaliy bikarbotatni og'iz orqali berilishi mumkin. Kaliyni o’rnini bosish ayniqsa gipokalemiyaga toqat qilolmaydigan bolalar uchun juda muhimdir.

Qon tomir ichidagi hajm tiklangandan so'ng (regidratatsiya bosqichi) davom etayotgan yo'qotishni o'rnini bosadigan suyuqlik miqdori, najasning hajmiga teng bo'lishi kerak (parvarishlash fazasi) . Regidratatsiyaga muvofiqligi tez-tez klinik baholash bilan tasdiqlanadi (puls tezligi va kuchi, teri turgorasi, siydik chiqarish). Suv va elektrolitlar o'rniga plazma, plazma o'rnini bosuvchi va tomirlarni toraytiruvchi (vazopressor) vositalaridan foydalanmaslik kerak.

Regidratatsiya uchun og'iz orqali glyukoza fiziologik eritmasi najasdagi suyuqlik va elektrolitlar yo'qotilishini almashtirishning samarali vositasidir va dastlabki vena ichiga regidratatsiyasidan keyin foydalanish mumkin, bunday muolaja parenteral suyuqlik ta'minoti cheklangan epidemik hududlarda yagona regidratatsiya vositasi bo'lishi mumkin. O'rtacha suvsizlangan va o’zlari icha oladigan bemorlar uchun suyuqlik og'iz eritmasi orqali tiklanadi (taxminan 75 ml / kg 4 soat davomida). Suvsizlanishi og'irroq bo'lganlar nazogastral naycha orqali suyuqlik olishlari kerak.

Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti tomonidan tavsiya etilgan og'iz regidratatsiya eritmasi tarkibida 13,5 g glyukoza, 2,6 g natriy xlorid, 2,9 g trinatriy sitrat digidrat (yoki 2,5 g kaliy bikarbonat) va bir litr ichimlik suviga 1,5 g kaliy xlorid mavjud. Ushbu eritmani tayyor, oldindan o'lchangan va muhrlangan glyukoza va tuz paketlari yordamida tayyorlanadi; bitta paket 1 litr toza suv bilan aralashtiriladi. Bunday tayyor paketlardan foydalanish, tibbiy ma’lumoti bo’lmagan odamlar tomonidan eritmani tayyorlashda xatolik ehtimolini kamaytiradi. Agar bunday paketlar bo'lmasa, yarim choy qoshiq tuz va 6 choy qoshiq shakarni 1 L toza suv bilan aralashtirib, ularni o'rnini bosuvchi vositani tayyorlash mumkin. Eritma, dastlabki regidratatsiyadan so'ng, najas va qusish hajmiga kamida teng miqdorda ishlatilishi kerak.

Qattiq ovqatni faqat qusish to'xtagandan va ishtaha tiklangandan keyin berish kerak.

Antibakterial preparatlar

Og'iz orqali samarali antibakterial preparatlarni o’z vaqtida qabul qilish vibrionlarni o'ldiradi, najas miqdorini 50% kamaytiradi va diareyani 48 soat ichida to'xtatadi. Antibakterial vositani tanlash V. cholerae sezuvchanlik ma'lumotlariga asoslangan bo'lishi kerak.

Ta'sirchan shtammlar uchun samarali bo'lgan dorilarga quyidagilar kiradi.


  • Doksisiklin

  • Furazolidon

  • TMP / SMX (TMP komponenti)

  • Siprofloksatsin

DIQQAT!
Maqoladagi maʼlumotlar tanishish maqsadida berilgan. Ushbu maqolada berilgan dori preparatlarini qoʻllashga qarshi koʻrsatmalar mavjud. Qoʻllashdan oldin mutaxassis bilan maslahatlashishingiz zarur!

Vabo kasalligi - oldini olish

Vabo bilan kasallanishni nazorat qilish uchun inson najasidan malakali ravishda xalos bo'lish va suvni to'g'ri tozalash kerak. Endemik mintaqalarda ichimlik suvini qaynatish yoki xlorlash, sabzavot va baliqlarni yaxshilab pishirish kerak.

Vaboga qarshi bir nechta og'iz orqali qabul qilinadigan vaksinalari mavjud.

Inyeksion vaksinalar qisqa muddat uchun qo’llaniladi va kamroq himoya qiladi, ko'proq yon ta'sirga ega bo’lib, agar og'iz orqali emlash mumkin bo'lsa, tavsiya etilmaydi.

Vabo bilan og'rigan bemorlar bilan uy sharoitida aloqa qilishda antibiotiklar orqali profilaktika tavsiya etilmaydi, chunki uning samaradorligini ta'minlash uchun ma'lumotlar yetarli emas.


Asosiy natijalar:

  • V. cholerae serogrupplari 01 va 0139 enterotoksinni ishlab chiqaradi, bu og'ir, ba'zida o'limga olib keladigan diareya kasalligini keltirib chiqaradi, ko'pincha ifloslangan suv yoki ifloslangan oziq-ovqat mahsulotlarini ko'p miqdorda iste'mol qilish natijasida yuzaga keladi.

  • V. choleraening boshqa serogruppalari yuqumli bo'lmagan kasalliklarga olib kelishi mumkin.

  • Tashxis bakposev va serotiplash orqali amalga oshiriladi; tezkor test chiziqlari chekka hududlarda epidemiyalarni aniqlash uchun foydalidir.

  • Regidratatsiya juda muhimdir; og'iz orqali regidratsiya eritmasi ko'p hollarda qabul qilinadi, ammo og'ir suvsizlanish bilan og'rigan bemorlarga tomir orqali suyuqlik kerak.

  • Kasallangan kattalarga sezgirlik testining natijalarini kutayotganda doksisiklin yoki azitromitsin buyuriladi (bolalar uchun esa - trimetoprim / sulfametoksazol).

Maqoladagi maʼlumotlar tanishish maqsadida berilgan. Ushbu maqolada berilgan dori preparatlarini qoʻllashga qarshi koʻrsatmalar mavjud. Qoʻllashdan oldin mutaxassis bilan maslahatlashishingiz zarur.

manba: msdmanuals.com

1 ta ovoz
Ovoz berish:
1 2 3 4 5